Jamiyat | 17:28 / 11.02.2021
19601
8 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar muammolari, taqvo va islomdagi bag‘rikenglik. Mubashshir Ahmad bilan suhbat

Kun.uz «Ilm, ehson bag‘rikenglik» mavzusida Azon.uz loyihasi asoschisi Mubashshir Ahmad bilan suhbat tashkil etdi.

Suhbat davomida Mubashshir Ahmad zamonaviy musulmon yoshlari haqida, musulmon xalqlarning ilm-fan borasida ortda qolishi, qalbning isloh bo‘lishi, taqvo haqidagi savollarga javob qaytardi. Shuningdek, dindagi bag‘rikenglik tushunchalari, islom jamiyatida boshqa dindagilarga munosabat haqida ham fikr yuritdi.

Zamonamizning musulmon yoshlari qanday sifatlarga ega bo‘lishi kerak? Yoshlarimizning nimasidan ko‘nglingiz to‘lmaydi?

— Assalomu alaykum, bu juda ham katta savol deb o‘ylayman. Chunki ancha jihatlarga to‘xtalish kerak bo‘ladi. Lekin keyingi paytlarda meni qiynayotgan eng asosiy jihati nafaqat zamonaviy musulmon, balki xosroq qilib aytadigan bo‘lsak, zamonaviy o‘zbek musulmonining qaysi tomonlari qanoatlantirmaydi deyiladigan bo‘lsa – ilmga bo‘lgan munosabati, deb aytaman.

Insoniyat harakat qilishi mumkin bo‘lgan qaysi sohani olmaylik, o‘zbek millatidan shu sohani mukammal egallab yoki qattiq harakat qilib qandaydir darajalarga erishgan yoshlarni kam uchratamiz. Bor, lekin aholi soni, yoshlarning ko‘pligini hisobga olganda bu juda ham kam miqdorni tashkil qiladi.

Meni eng ko‘p qanoatlantirmaydigan jihati – ilmga bo‘lgan munosabat. Ikkinchisi, aynan shu ilmning yo‘qligi va kamligidan paydo bo‘ladigan muammo – bu oliy maqsadni oldinga qo‘ymaslik. Ya'ni shunchaki kunni o‘tkazsam bo‘ldi, tirikchilik qilsam bo‘ldi degan xayolda yashaladi.

Demak, oldiga oliy maqsad qo‘ymagani uchun ham ishlar ham o‘sha darajada kichik bo‘ladi. Juda maqsadni oliy qo‘yganda ham ilmsiz holatda chet elga borib ishlash, o‘sha yerdan biroz choychaqa yig‘ib kelib uy qurish, mashina olish, qo‘shnisida yoki biror boyning o‘g‘lida ko‘rgan bo‘ladi - o‘shani orzu qilib, o‘shanga ega bo‘lish bo‘ladi, xolos. Undan boshqa katta maqsadlar qo‘yilmaydi. Men buni ommatan aytayotganim yo‘q, lekin hozirda juda ko‘pchilik yoshlarning turmush tarzi shunaqa bo‘lgani uchun meni mana shu holat qoniqtirmaydi.

«Azon» loyihasini ishga tushirib ko‘zlagan maqsadlaringizga qanchalik erishdingiz?

Mubashshir Ahmad

— Loyiha o‘ylab fikr qilinib yurilgan paytdan hozirgacha 3 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa, o‘ylaganlarimning 5 foizini amalga oshirdim, deb o‘ylayman. Hali oldinga qo‘ygan juda katta maqsadlarimiz, loyihalarimiz bor. Bularning ba'zilariga hatto hali qadam ham tashlaganimiz yo‘q. Moddiy imkoniyat, sharoit, vaziyat va boshqa narsalar to‘g‘ri kelmagani sababli bu tomonlariga o‘ta olmayapmiz.

Lekin Alhamdulillah nima bo‘lganda ham biz bu loyihani boshlab oldik. Ba'zi bir o‘zimiz xohlagan tomonlarda ozgina bo‘lsa ham muvaffaqiyat kelgan bo‘lsa, Alloh Taoloning bir marhamati, fazli bilan erishgan bo‘ldik. Lekin hali to‘xtash yoki maqsadga erishdik deyishga hali juda ham erta.

Domla, Islomda bag‘rikenglik qanday bo‘ladi va uning chegarasi qayerda tugaydi?

— Keyingi paytlarda qandaydir loyihalar asosida ish ko‘rayotgan radikal toifalar maydonga chiqqani uchun Islomning tabiatida yo‘q bunday radikallik. Arablar «tatarruf», «tashaddud» deydi, ya'ni haddan tashqari chetga chiqib ketish.

Bag‘rikenglik degan tushuncha aslida Islomning qon-qoniga singib ketgan xususiyat. Bu shunday xususiyatki, hatto bunga o‘zlaricha tashqaridan olib kirayotgandek bo‘layotganlarning o‘zlari ham hayratda qoladigan jihatlari bor. Misol uchun, shayx Ramazon Butiy rohimahulloh bir masalani yoritadilar. Musulmon jamiyati ichida ahli kitobga bo‘lgan munosabat. Ularning omonda bo‘lishi, ularning hech qanday soliqlar to‘lamasligi, masalan, zakot to‘lamaydi, boshqa narsalar yo‘q ularda. Faqat jizya bor va jizyani agar bir musulmon to‘layotgan soliqlarga taqqoslaydigan bo‘lsak, bu juda ham kam bo‘ladi.

Munosabatlarning yaxshi bo‘lishi, misol uchun, bayramlarda tabriklash va shunga o‘xshash masalalar zikr qilinganda, bu islomiy bag‘rikenglik deyiladi-ku, lekin bu islomiy bag‘rikenglik emas, bu islomdagi ularning huquqi.

Bag‘rikenglik degani bu haqqi bo‘lmagan narsani berish. Bu ularning huquqi islomiy jamiyatda yashamoqdami, musulmonlarga o‘xshab soliq to‘lamasligi, lekin musulmonlarga o‘xshab bemalol hamma huquqlardan foydalanaverishi, omonda bo‘lishi, hatto aroq kabi narsalarni o‘zlarining ichida o‘zaro oldi-berdi ham qila olishi.

Bundan tashqari ham juda ko‘p ahkomlar bor. Dinlaridagi narsa o‘zlariga shunday qoldirilgan. Islom hazorasi degan bir kitob chop qilganmiz, ana o‘shanda juda keng, hamma tomonlama, qanday huquqlarga ega bo‘lganligi, qanday erkinliklar berilganligi bayon qilingan. Oddiy misol, Payg‘ambar alayhissalomning davrlarida Najron nasroniylari kelgan paytda, masjidga kelgan, Payg‘ambar alayhissalomning uylari masjidda bo‘lgan, ularning ibodat qiladigan vaqtlari bo‘lib qolgan. Payg‘ambar alayhissalom musulmonlarning masjidi ichida ularning xochini osib ibodat qilishlariga ruxsat bergan. O‘zlari masjidning boshqa tomonida namozlarini ado qilishgan, nasroniylar xuddi cherkovdagi narsalarini olib kelib, ibodat qilishgan.

Roshidiy xalifalardan keyingi davrga nazar tashlaydigan bo‘lsak, nasroniylarning xoch yuvish marosimi bo‘lgan va ularda xalifalar qatnashgan. Ular musulmon va musulmonlarning peshvosi, lekin jamiyatining ichidagi bir toifa shunaqami, ularning hurmatidan shunday marosimda qatnashgan. Bular bag‘rikenglik emas, bular ana shu ahli kitobning huquqlari va haqqini olishga doim huquqi bor.

Radikal tomon tilini tiyish maqsadida yaxshilik qilishmoqchi bo‘lishadi, lekin noto‘g‘ri fikrlarni paydo qiladi. Islomdagi bag‘rikenglik bu bag‘rikenglik emas, balki boshqa bag‘rikenglik deb o‘ylayotgan tomonga nisbatan huquqlar. Ana shu huquqlarga biz nafaqat o‘z ixtiyorimiz bilan ularga yaxshilik qilishimiz kerak, balki majburiyat yuzasidan munosabatda bo‘lishimiz kerak.

Payg‘ambar alayhissalomning, salafi-solihlarning hayotiga nazar tashlasak, hozirda bag‘rikenglik deb qaralayotgan masalalar aslida ularning haqqi o‘laroq ado etilganiga guvoh bo‘lamiz.

Shoakmal Isroilov suhbatlashdi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid