O‘zbekiston | 19:08 / 25.10.2022
13354
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi

Deputatlar «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Endi uni Senat ko‘rib chiqishi kerak. Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonovning aytishicha, agentlik davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq minglab holatlarni aniqlagan. Yangi qonun davlat tizimida tanish-bilishchilik va qarindosh-urug‘chilikka qarshi kurashish uchun huquqiy asos bo‘lishi kutilyapti.

Foto: Shutterstock

25 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasi bilan «manfaatlar to‘qnashuvi» tushunchasiga aniq ta’rif berilib, ushbu vaziyat kimlar o‘rtasida va qachon vujudga kelishi mumkinligi aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Shuningdek, davlat tashkiloti xodimlari, ularning yaqin qarindoshlari va ularga aloqador shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Davlat tashkilotida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatlarini hisobga olish reyestri yuritilishi, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun huquqiy oqibatlar nazarda tutilmoqda.

Deputatlar tomonidan muhokamalar davomida asosan qonun loyihasining nomi va hujjatdagi ayrim atamalarga e’tirozlar bo‘ldi, bir qancha o‘zgartirish kiritilishi belgilandi.

Shundan so‘ng uchinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi Senatga yuborilishi belgilandi. Hujjat Senat tomonidan tasdiqlanib, prezident imzolagach kuchga kiradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonovning ma’lum qilishicha, agentlik o‘tkazgan o‘rganishlarda davlat xizmatida “minglab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik holatlari” aniqlangan. Biroq hozirgacha manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning huquqiy asosi yoki unga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmaganligi sababli ularni bartaraf etishda qiyinchiliklar mavjud edi.

“Ushbu qonunning qabul qilinishi davlat idoralarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning bartaraf etilishiga, eng asosiysi - davlat xizmatida tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilikning oldi olinishiga xizmat qiladi”, deya o‘z Telegram-kanalida yozdi Akmal Burhonov.

Mavzuga oid