Jahon | 14:02 / 22.10.2025
4243
9 daqiqa o‘qiladi

Yana ballistik raketalar uchirgan Kim, G‘azodagi vaziyat hamda qoldirilgan Tramp–Putin uchrashuvi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp va Putin uchrashuvi qoldirildi — OAV

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida rejalashtirilgan sammit seshanba kuni to‘xtatib qo‘yildi. Buning sabablaridan biri — Moskvaning Ukrainada darhol o‘t ochishni to‘xtatishni rad etishi bo‘lib, u muzokaralarni o‘tkazishga urinishlariga soya solmoqda.

Tramp o‘tgan haftada Putin bilan Ukrainadagi urushni tugatishga harakat qilishlarini e’lon qilgan edi. Ammo Putin imkon qadar imtiyozlar berishga tayyor emas. Moskva uzoq vaqtdan beri harbiy harakatlar to‘xtatilishidan oldin Ukraina yanada ko‘proq hududni topshirishini talab qilib keladi.

Tramp jurnalistlar tomonidan sammit ehtimoli haqida so‘ralganda, «bekorchi uchrashuv»ni xohlamasligini, biroq «yangi voqealar bo‘lishi mumkin»ligini aytdi va «keyingi ikki kun ichida sizlarga xabar beramiz», dedi.

Putinning investitsiya elchisi Kirill Dmitriyev ijtimoiy tarmoqlardagi xabarida sammitga tayyorgarlik «davom etayotganini» yozdi.

Reuters'ning AQSh ikki rasmiysiga tayanib yozishicha, Rossiya o‘tgan hafta AQShga yuborgan «non paper» deb ataluvchi xususiy kommyunike orqali tinchlik bo‘yicha uzoq muddatli talablarini aytdi. Unda Rossiya uzoq vaqtdan beri da’vo qilayotgan Sharqiy Donbass mintaqasining to‘liq nazoratini talab qilgan. Bu esa Trampning front chizig‘ining hozirgi holatida muzokaralar boshlanishi kerak, degan chaqirig‘ini amalda rad qiladi.

Yevropa yetakchilari ham Vashingtondan darhol o‘t ochishni to‘xtatishni qat’iy talab qilishni va hozirgi jang chiziqlarini kelajakdagi har qanday muzokaralar uchun asos sifatida qoldirishni so‘radi.

G‘azodagi vaziyat

G‘azo sektoridagi sulh kelishuvi doirasida HAMAS yana ikki nafar garovga olingan kishining jasadini Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirdi.

Isroil armiyasi bayonotida aytilishicha, «halok bo‘lgan ikki asirning tobutlari hozirda G‘azo sektoridagi Isroil qo‘shinlariga yetkazilmoqda». Bayonotda tobutlar Isroilga olib o‘tilib, Milliy sud-tibbiyot markaziga yuborilishi aytilgan.

«Shaxsni aniqlash jarayoni yakunlangach, oila a’zolariga rasmiy ravishda xabar beriladi», - deyiladi bosh vazir idorasi bayonotida.

Ushbu sulh kelishuvi doirasida HAMAS hozirgacha 20 nafar tirik garovdagini ozod qilgan hamda 14 kishining jasadini topshirgan. Buning evaziga 2 mingga yaqin falastinlik mahbus ozod qilingan. Ushbu sulh 10 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp taklif qilgan bosqichma-bosqich reja asosida kuchga kirgandi.

G‘azo hukumati e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, sulh kuchga kirgandan beri sektorga atigi 986 ta gumanitar yordam yuk mashinasi kirgan — bu kelishilgan miqdordan ancha kam.

Bayonotda aytilishicha, dushanba kechiga qadar G‘azoga jami 6 ming 600 ta yuk mashinasi kirib kelishi kerak edi. Ammo sulh kuchga kirganidan buyon G‘azoga kuniga kirayotgan mashinalar o‘rtacha 89 tadan oshmayapti, aslida esa har kuni 600 ta mashina kirishi kerak edi.

«Bu raqamlar Isroil bosqinchi kuchlarining 2,4 milliondan ortiq G‘azo aholisi ustidan ochlik va humanitar shantaj siyosatini davom ettirayotganini ko‘rsatadi», - deya bayonotdan iqtibos keltirmoqda Anadolu nashri.

Shimoliy Koreya qisqa masofali ballistik raketalar uchirdi

Shimoliy Koreya 22 oktyabr kuni ertalab Sharqiy dengiz tomonga bir nechta qisqa masofali ballistik raketalar uchirdi. Bu — iyun oyida janubliklarning prezidenti Li Jae Myung lavozimiga kirishganidan buyon mamlakatning birinchi raketa sinovidir.

Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, raketalar mahalliy vaqt bilan soat 8:10 atrofida Shimoliy Xvanhe provinsiyasi hududidan uchirilib, Sharqiy dengiz tomon parvoz qilgan.

«Harbiylarimiz qo‘shimcha uchirish ehtimoliga tayyorgarlik sifatida kuzatuvni kuchaytirdi va AQSh hamda Yaponiya bilan axborot almashgan holda qat’iy jangovar tayyorgarlik holatini saqlamoqda», - deyiladi Birlashgan shtab bayonotida.

Shimolliklarning bu raketa uchirishi — Janubiy Koreya 31 oktyabr-1 noyabr kunlari Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitiga mezbonlik qilishi arafasida amalga oshgani e’tiborni tortdi. Chunki tadbirga AQSh prezidenti Donald Tramp ham tashrif buyurishi kutilmoqda.

«Qirg‘iziston o‘lim jazosini qaytarolmaydi» – BMT

Qirg‘iziston o‘lim jazosini taqiqlashni nazarda tutuvchi xalqaro pakt va protokolni imzolagan. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasiga ko‘ra, tegishli xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilgan davlatlar uchun o‘lim jazosini bekor qilish huquqiy jihatdan imkonsiz hisoblanadi.

Tashkilotning ta’kidlashicha, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va uning Ikkinchi fakultativ protokolida «denonsatsiya» to‘g‘risidagi qoidalar yo‘q. Bu shuni anglatadiki, ushbu shartnomalarga qo‘shilgan davlatlar uchun o‘lim jazosini bekor qilish yuridik jihatdan imkonsiz va ularga uni qonunchilikka qayta kiritish taqiqlanadi.

Shuningdek, ushbu paktdan hech bir davlat bir tomonlama tarzda chiqolmaydi, chunki shunday bandning o‘zi ko‘zda tutilmagan. Bunday qadam xalqaro huquqning buzilishini anglatadi, deb tushuntirdi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk.

Bundan tashqari, mazkur protokolni hech qanday shartlarsiz ratifikatsiya qilgan davlat eng og‘ir jinoyatlar uchun ham o‘lim jazosini qo‘llashga haqli emas.

O‘lim jazosining qaytarilishi xalqaro huquqning jiddiy buzilishi va Qirg‘iziston uchun regressiv qadam bo‘ladi, dedi Turk. Uning qo‘shimcha qilishicha, hech bir odil sudlov tizimi xatolardan xoli emas va o‘lim jazosining qaytarilishi muqarrar ravishda davlatning begunoh odamlarni ham qatl qilishiga olib keladi.

Turk ushbu tashabbus muhokamasiga sabab bo‘lgan jinoyatlarning og‘irligini tan olgan holda, oliy jazo chorasi jinoyatchilikni samarali jilovlashini isbotlovchi dalillar yo‘qligini ta’kidladi.

Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi rahbari Qirg‘iziston hukumatini o‘lim jazosini qaytarish g‘oyasidan zudlik bilan voz kechishga va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga va jabrlanganlarga tovon to‘lashga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Hozirgi vaqtda dunyoning 170 ga yaqin davlati o‘lim jazosini bekor qilgan yoki uni qonunchilikda yoki amaliyotda qo‘llashga moratoriy joriy etgan. Qirg‘izistonda 2025 yil sentabr oyi oxirida 17 yoshli Aysulu Mukashevaning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi ortidan o‘lim jazosini qaytarish masalasi ko‘tarildi.

Luvrdan o‘g‘irlangan buyumlar narxi 102 million dollar

Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan zargarlik buyumlarining qiymati 88 million yevro, ya’ni 102 million dollarga teng, dedi Parij prokurori. «Bu summa, albatta, nihoyatda hayratlanarli», dedi prokuror Lor Bekko RTL radiosiga bergan intervyusida. «Ammo bu o‘g‘irlik natijasida yetkazilgan tarixiy zararni pul bilan qiyoslab bo‘lmaydi».

Yakshanba kuni ertalab o‘g‘rilar mexanik narvon yordamida Luvrning ikkinchi qavatiga chiqib, derazani arralab ochishgan va Apollon galereyasidan bir necha daqiqa ichida qirollik olmoslaridan iborat sakkizta asarni olib qochgandi.

Hozircha jinoyatchilar hali topilmagan. Rasmiylarning aytishicha, tergov bu jinoyatni tashkiliy jinoiy guruh sodir etgan, degan taxmin asosida olib borilmoqda. Mutaxassislar bu turdagi o‘g‘rilar ko‘pincha buyumlarning badiiy qiymatidan ko‘ra ularni maydalab yoki eritib sotishga ko‘proq qiziqishadi, deydi.

Prokurorning aytishicha, agar o‘g‘rilar zargarlik buyumlarini eritib yuborishsa yoki qismlarga ajratsa, bu summaga sotishning imkoni bo‘lmasligini ogohlantirdi. «Shuning uchun, ehtimol, ular buni o‘ylab ko‘rishar va zargarlik asarlarini vayron qilishmas degan umidda qolamiz», - dedi u.

Mavzuga oid