Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya pullarini muddatsiz davrga muzlatgan Yevropa, Livanda «katta amaliyot»ga tayyorlanayotgan Isroil va «Epshteyn ishi»da yangi sur’atlar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Tramp uchinchi jahon urushidan ogohlantirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya–Ukraina urushi davom etayotgan bir paytda ogohlantirish bilan chiqib, bunday mojarolar oxir-oqibat jahon urushiga aylanib ketishi mumkinligini ta’kidladi.
«Men buni avval ham aytgandim: hamma shunaqa o‘yinlarni davom ettiraversa, oxiri uchinchi jahon urushiga borib uriladi. Biz esa bunday holatni ko‘rishni istamaymiz», — dedi Tramp Oval ofisda jurnalistlarga.
Uning ta’kidlashicha, urush «nazoratdan chiqib ketmasa, aslida AQShga bevosita ta’sir qilmaydi».
«Men qotilliklar to‘xtashini istardim: o‘tgan oy 25 ming kishi halok bo‘ldi — askarlar, asosan askarlar, ammo bombalar tushgan joylarda tinch aholi ham bor».
Tramp shuningdek, AQSh tinchlik kelishuvi bo‘yicha vositachilik qilish uchun «juda qattiq ishlayotganini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus ikki tomondan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda, faqat Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan «muammolar bor».
«Bu biroz murakkab, chunki yer masalasi muayyan tarzda bo‘linyapti. Bu eng oson ish emas. Bu ming baravar murakkabroq ko‘chmas mulk bitimiga o‘xshaydi», — dedi Tramp.
Frontda esa urush davom etmoqda. Kecha Ukraina qurolli kuchlari shimoli-sharqdagi Kupyansk shahrining ayrim qismlarini qaytarib olganini va u yerda Rossiya qo‘shinlari qurshab olinganini ma’lum qildi. Prezident Volodimir Zelenskiy hududga tashrif buyurdi.
Juma kuni e’lon qilgan videolavhada u bronjilet kiygan holda Kupyansk shahriga kirish qismida turgani ko‘rinadi.
«Bugun front chiziqlarida natijalarga erishish nihoyatda muhim, toki Ukraina diplomatiyada ham natijalarga erisha olsin», dedi Zelenskiy videoda.
«Bugun shuni ayta olamizki, shahardagi rossiyaliklar to‘liq uzib qo‘yilgan. Ular uzoq vaqt nima bo‘layotganini tushunishmadi. Ammo endi ular qurshovda ekanini bilishmoqda», — degan Ukraina qo‘mondonlaridan biri.
Isroil Livanda katta harbiy amaliyotga tayyorlanmoqda
Livan tashqi ishlar vaziri Yusuf Rojjiyning ma’lum qilishicha, xalqaro tomonlardan Isroil Livanga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlashga hozirlanayotgani haqida ogohlantirishlar olgan.
Bayrut «Livanni va uning infratuzilma obektlarini ehtimoliy zarbalardan himoya qilish uchun» diplomatik aloqalarni keskin kuchaytirmoqda.
Payshanba kuni kechqurun KAN teleradiokompaniyasi Isroil armiyasi — Livan hukumati «Hizbulloh» qurollarini yo‘q qilish majburiyatini bajarmagan taqdirda, keng miqyosli hujum uchun tayyorgarlikni yakunlaganini xabar qildi.
Isroil AQShga shunday ma’noda xabar yuborgan: «Isroil mustaqil ravishda harakat qiladi. Hatto bu bir necha kunlik janglarga yoki shimoliy frontda to‘qnashuvlarning qayta boshlanishiga olib kelsa ham».
«Biz Isroil bilan Sulh kelishuviga qaytishga intilyapmiz, biroq tinchlik shartnomasi hozircha juda uzoq istiqbol bo‘lib qolmoqda», — dedi Livan tashqi ishlar vaziri.
Uning aytishicha, G‘azoni qo‘llab-quvvatlash va Livanni himoya qilish doirasidagi amaliyotlarda «Hizbulloh» qurollari cheklangan samaradorlikni ko‘rsatgan.
U Livan davlati «Hizbulloh» bilan qurollarni topshirishga ko‘ndirish maqsadida muloqot olib borayotganini, biroq guruh hozircha bunga rozi bo‘lmayotganini qo‘shimcha qildi.
Livanda 2024 yil noyabridan buyon o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilib kelmoqda. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan buyon Isroil tomonidan mingdan ortiq hujum uyushtirilib, kamida 335 kishi o‘ldirilgan.
Yevropa Rossiya aktivlarini muddatsiz davrga muzlatib qo‘ydi
12 dekabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining Yevropada saqlanayotgan aktivlarini muddatsiz muzlatib qo‘yishga kelishib oldi.
Yevropaliklar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini o‘z xavfsizligiga tahdid deb biladi. Shu maqsadda ittifoq davlatlari 2022 yildan so‘ng muzlatib qo‘yilgan Rossiya suveren aktivlarining bir qismini ishga solishni rejalashtirmoqda.
Juma kuni kelishib olgan dastlabki yirik qadam — 210 milliard yevro miqdoridagi Rossiya suveren aktivlari har olti oyda muzlatish muddatini uzaytirish bo‘yicha ovoz berish o‘rniga, zarur bo‘lgan vaqtgacha muzlatilgan holda qoladi.
Bu qaror — Moskva bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan Vengriya va Slovakiya kelajakda muzlatish rad etishi, natijada mablag‘larni Rossiyaga qaytarishga majbur bo‘lish xavfini bartaraf etadi.
Aktivlarning muddatsiz muzlatilishi — Rossiya mablag‘laridan foydalanib, Ukrainaga 165 milliard yevrogacha kredit ajratish uchun Belgiyani ko‘ndirishga qaratilgan.
Mazkur kredit Rossiya urush zararlari bo‘yicha tovon to‘laganidan keyingina Ukraina tomonidan qaytariladi. Bu esa kreditni amalda grantga aylantiradi.
Yevropalik yetakchilar 18 dekabr kuni agar Moskvaning ehtimoliy sud da’vosi muvaffaqiyatli bo‘lsa, xarajatlarni yolg‘iz Belgiya ko‘tarib qolmasligiga kelishib olmoqchi.
Rossiya Markaziy banki esa Yevropaning uning aktivlaridan foydalanish rejalarini noqonuniy deb atamoqda.
Epshteyn ishida yangi sur’atlar
AQSh Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi tarkibidagi demokrat a’zolar Jyeffri Epshteynning mulkidan olingan 19 ta fotosuratni e’lon qildi. Epshteyn jinsiy xarakterdagi jinoyatlar va pedofiliya uchun sudlangan, 2019 yil avgustida esa qamoqxonada joniga qasd qilgan.
E’lon qilingan suratlarda AQSh prezidenti Donald Tramp, sobiq prezident Bill Klinton, Microsoft asoschisi Bill Geyts, shahzoda Endryu Vindzor, aktyor-rejissyor Vudi Allen va boshqa mashhurlar ham bor.
Donald Tramp uzoq yillar davomida Epshteyn bilan do‘stona munosabatlarni saqlab kelgan, biroq mojaro yuzaga chiqqanidan so‘ng, ular taxminan 2004 yilda kelishmovchilikka borgani haqida aytgan.
Tramp bir necha bor Epshteyn jinoyatlarida uning ehtimoliy ishtiroki haqidagi xabarlarni rad etgan.
Kongressmen Robert Garsiya Epshteynning fotoarxivi 95 mingdan ortiq suratdan iborat ekanini aytib, demokratlar ularning barchasini o‘rganish niyatida ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi materiallar «yaqin kunlar va haftalar davomida» bosqichma-bosqich e’lon qilinadi.
Bu fotosuratlar AQSh Adliya vazirligi 19 dekabrgacha oshkor qilishi lozim bo‘lgan «Epshteyn fayllari» tarkibiga kirmaydi.
BBC nashrining yozishicha, Bill Geyts va sobiq shahzoda Endryu tushirilgan surat, ehtimol, Getty Images fotoagentligi arxividan olingan va asl tasvirning kesilgan variantidir. To‘liq versiyada hozirgi qirol Charlz III ham bor.
Yuristlar eslatishicha, Jyeffri Epshteyn ko‘plab mashhur shaxslar bilan aloqada bo‘lgan va ularning fotosuratlarda aks etgani o‘zi bilan o‘zi har qanday qonunbuzarlikni isbotlamaydi. Oq uy ham fotosuratlar e’lon qilingach, ularning «soxta narrativ yaratish uchun maxsus tanlab olingani»ni bildirdi.
Shunga qaramay, demokratlar fikricha, bunday shov-shuvli ishda har qanday detal muhim. «Amerika xalqi butun haqiqatni bilmaguncha biz to‘xtamaymiz. Adliya vazirligi barcha fayllarni darhol e’lon qilishi shart», dedi Robert Garsiya.
Mavzuga oid
15:36 / 12.12.2025
G‘azoda yomonlashayotgan ahvol, Donbassda «erkin iqtisodiy zona» taklifi va Yaponiyaning Xitoyga «javobi» – kun dayjesti
14:53 / 11.12.2025
Venesuela tankerini musodara qilgan AQSh, Yevropaning Ukraina borasida xavotirlari va Marokashdagi fojia – kun dayjesti
14:17 / 10.12.2025
Saylovlarga tayyor Zelenskiy, Rossiyaning g‘alabasi haqida gapirgan Tramp va jurnalistlar uchun eng xavfli joy – kun dayjesti
15:01 / 09.12.2025