Taklif: Imtihonlar korrupsiyadan xoli bo‘lishi uchun imtihonlarni bekor qilish shart
Necha yildirki, O‘zbekistonda bitta masalani ko‘ndalang o‘rtaga tashlab, unga yagona yechim berilmaydi: oliygohlarga kirish imtihonini korrupsiyasiz amalga oshirish mumkinmi? Bizning javob tayyor: korrupsiyasiz imtihon kerakmi, u holda oliygohlarga kirish imtihonini bekor qiling.
Bu qanday bo‘ladi?
Velosipedni qayta ixtiro qilishning ham keragi yo‘q, rivojlangan davlatlarda qanday bo‘lsa, shulardan o‘rganamiz. Masalan, AQSh yoki Buyuk Britaniyada universitetda tahsil olishni istagan abituriyent shunchaki oliygoh talab qilgan hujjatlarni bir jildga solib, talabaga aylanadi.
Hujjatlar jildida nimalar bor?
G‘arb, xususan sharqdagi nomdor oliygohlar ham anoyilardan emas: ular abituriyentning maktabda erishgan yutuqlarini so‘raydi. To‘g‘ri, «besh»i o‘zidan ham arzon bizning xalq ta’limini AQSh yo Finlyandiyadagi tizimlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Shuning uchun, maktabni bitirish arafasida yakuniy davlat imtihoni bo‘lib o‘tadi. Ana shunday imtihonda qo‘lga kiritgan bahosiga qarab, bitiruvchi Harvardga kiradimi, yo‘qmi, taxminan avvaldan ma’lumotga ega bo‘ladi. Harqalay bilimi bor bola taqdim etilgan imkoniyatlardan halol foydalanadi.
Bizning maktab bitiruvchilar deyarli «qizil»ga bitiradi-ku?..
Ha, bu tizimning katta xatosi, desa, mubolag‘a bo‘lmaydi. Gap shundaki, O‘zbekistonda eng katta yolg‘on guvohlikni beruvchi, bitiruvchining maktabdan olgan shahodatnomasi aslida sobiq o‘quvchining haqiqiy bilimi haqida to‘g‘ri ma’lumot berolmaydi. Ishonmasangiz, unga darhol oliygoh qabul imtihonida tushib turgan savollarni tutqazing. Shuning uchun, umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilarining bilimini sinovdan o‘tkazishni davlat sherikchiligidagi xususiy yoki to‘la mustaqil va xususiy tashkilotlarga topshirish lozim. Ular ishlab chiqarilgan yagona standart bo‘yicha test sinovlarini tashkil etadi, javoblarni tekshirib, natijani e’lon qiladi.
O‘quvchi bir marta bo‘ladigan bitiruv imtihondan past ball to‘plab, orzudagi «Diplomatiya»dan ayrilib qolsa-chi?
Bunday tizimga ijobiy ko‘z bilan qaralsa, birinchi marta pastroq ball to‘plagan o‘quvchi ikkinchi marta test topshirish uchun tayyorgarlik ko‘rishi mumkin. Buyog‘i IELTS, TOEFL, GRE, GMAT va shu kabi bir qancha standartlashtirilgan test sinovlarini eslatib yuboradi. Tayyorman, deb o‘ylagan shaxs bemalol bilimini qayta tekshirib ko‘rsin. Pulini to‘lab, istalgan vaqtda mardi maydonga ko‘tarilsin. Buning uchun DXX, prokuratura, ichki ishlar, bojxona hamda minglab o‘qituvchilarning vaqtini olib, abituriyentlarni bir joyga jam qilishning keragi yo‘q. Ayniqsa, binoga kirgan abituriyentning xatti-harakatlarini zimdan kuzatib borish ham talab etilmaydi.
Maktablarda tashkil etilgan imtihon natijalariga ham korrupsiya aralashmaydimi?
Har qalay xususiy tashkilot qo‘liga ishonib topshirilgan ishning asosiy (va katta rol o‘ynaydigan) bir jihati bor: tadbirkor jaraq-jaraq pul turganda, chaqaga uchib, jinoyatchi bo‘lishni istarmidi? Yakuniy davlat imtihonini tashkil etish uchun ketgan xarajat, test topshiriqlari chop etilgan kitobcha va tashkilot xizmatining sarflari umumlashtirilib, yagona to‘lov joriy etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Oh-voh qilishning vaqti emas, hartugul «ekzamen»ga pul bering, o‘qituvchilarga tushlik qilib beramiz, oyi», degan o‘quvchi hammaning uyida bor.
Xususiy tashkilotning asosiy daromadi maktabdagi imtihonlar emas, sinovlardan qayta o‘tishni istagan abituriyentlar to‘lagan puldan kelib tushadi. Mantiqan, aholisi o‘sib borayotgan O‘zbekistonda bu katta daromadli ish degani. Qonun oldida poraxo‘r bo‘lib, xalq oldida sharmanda bo‘lgandan ko‘ra, halol ishlasa, 3-4 yilda g‘arbda bo‘lgani kabi ishonchli exam board tashkilotiga aylanish imkoniyati turibdi. Ko‘ngilni xotirjam qilish uchun bunday tashkilotlar sonini 4-5taga yetkazish kifoya.
Universitetga shu natija bilan kirish mumkinmi?
Hammasi risoladagidek bo‘lsa, javob ijobiy bo‘lishi kerak. Universitet ilmiy kengashi o‘z istagidan kelib chiqib, bo‘lajak talabalarini saralab olishi uchun qo‘shimcha talablarni joriy etishi mumkin. Aynan mana shunday talablar uning grant asosida o‘qishini ham belgilab beradi. Masalan, rektor suhbati (dekan, uning o‘rinbosari, kafedra mudiri emas, aynan rektor), abituriyentning hayoti va intilishlari aks etgan insho (chet elda aynan shunday insho orqali shaxsning psixologik portreti chiziladi) shular jumlasidan. Qolaversa, universitetda sobiq talabalar kengashi faoli bo‘lib, iqtidorli talabalar uchun o‘zlarining stipendiya, grantlarini ta’sis etadi. Bu ijtimoiy faollik, ularning alma mater'ga qo‘shgan hissasi.
Ammo, grant va kontrakt masalasi ham bor. Mashinaning «tonirovka»sidan tortib, Toshkentda «propiska»li uylarni sotib olishni tushunib yetgan xalqim, iltimos, kapitalizm davriga allaqachon qadam qo‘yganimizni ham anglab yetaylik. Gap shundaki, oliygohlar davlat budjetiga qaram bo‘lishi sifatga putur yetkazadi. Shu tufayli, o‘qish uchun to‘lov-kontraktini to‘lashga barcha tayyor bo‘lishi - davr talabi.
«Kontrakt» qimmat-ku?!
Ha, hozirgi ta’lim tizimida joriy etilgan to‘lov-kontrakti qimmatlik qiladi. Ammo, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev taklif etgan tizim bo‘yicha hisob-kitob qilinsa, masala sal «yumshaydi». Ya’ni, grantda o‘qiydimi, kontraktdami, oliy ta’lim muassasasi har bir talabaga stipendiya ajratishga majburlanmaydi. Shunday ekan, «kontrakt» summasi ham bu qadar «osmon» bo‘lmaydi.
Dunyoning eng nufuzli oliygohlari har yili yakunlar bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qiladi. Masalan, Harvard 2017 yilda 4,5 milliard dollar daromad qilgan bo‘lib, undan avvalgi mos davrga taqqoslansa, universitet 1,4 milliard ko‘proq pul topgani ayon bo‘ladi. Ayrim hollarda, universitet rahbariyati mana shu mablag‘lardan iqtidorli yoshlarga imkoniyat berishga ham ajratadi.
Bundan tashqari, ular mablag‘lardan unumli foydalanish uchun tadqiqot markazlarini tashkil etadi. Unda bo‘sh vaqtini sermazmun sarflayotgan talabalar va o‘qituvchilar jamiyat uchun foydali, xalqqa nafi tegadigan loyihalar ustida ishlaydi. Yana uzoq o‘lkadagi tajribani misol qilib keltiraman: 1946 yili Stanford universiteti asos solgan SRI International (Stanford Research Institute) tadqiqotlar markazida «g‘imirlab» yurgan talabalar va ularning o‘qituvchilari keyinchalik Apple korporatsiyasi sotib olgan Siri tizimini ishlab chiqardi.
«Bir urganda yelkalarigachami?»
Mulohazalarni bir chetga surib, haqiqiy vaziyatga boqaylik: biz muallaq turgan vaziyat tishi og‘rigan kishining tutgan noto‘g‘ri ishiga o‘xshaydi. Tish og‘rig‘ini yo‘qotish uchun og‘riq qoldiruvchi dori ichamiz, lekin kasal bo‘lgan tish ostida yiring rivojlanishi bilan ishimiz yo‘q. Muhimi bugun tish og‘rimay tursin, ertaga bir gap bo‘lar...
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
12:59 / 19.08.2024