Jahon | 17:16 / 01.06.2026
1906
2 daqiqa o‘qiladi

Maltadagi pirotexnika zavodida kuchli portlash ro‘y berdi

1 iyun tongida Maltaning Salina buxtasi hududidagi Lourdes Fireworks Factory zavodida kuchli portlash ro‘y berdi. Voqea joyida ko‘tarilgan tutun ustuni shahar tashqarisidagi qishloqlardan ham ko‘ringan.

Times of Malta nashri ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida uch kishi yaralanib, shifoxonaga yotqizilgan – shundan ikki nafari bu vaqtda zavod atrofidagi dalada ishlayotgan 47 va 67 yoshdagi fermerlar, yana biri zavod yaqinidan o‘tib ketayotgan kurer bo‘lgan.

Zavod xodimlari orasida jabrlanuvchilar borligi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Portlash yaqin atrofdagi uylar va avtomobillarga zarar yetkazgan. Asosiy portlashdan keyin kichik detonatsiyalar ro‘y berib, mahalliy aholi xavfli hududdan evakuatsiya qilingan. Fermer xo‘jaliklari sezilarli darajada zarar ko‘rgan, xususan, chorva mollari nobud bo‘lgan.

2018 yilda ham ushbu zavodda portlash ro‘y bergan, o‘shanda ikki kishi jiddiy tan jarohati olgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid