O‘zbekiston | 18:26 / 24.08.2022
18242
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandlik 17 yoshli o‘smir Telegram’da soxta aksiya o‘tkazib, 28 kishining bank kartasidagi pullarni yechib oldi

Narpaylik yigit o‘z “qurbonlari”ga ular go‘yoki “Samsung A-72” telefonini yutib olganini aytib, karta ma’lumotlari va telefoniga kelgan SMS'dagi kodni so‘ragan. Eslatib o‘tamiz, bank kartalaridagi pullarning o‘g‘irlanishi deyarli barcha holatlarda telefonga SMS bo‘lib kelgan kodni begonaga aytish ortidan ro‘y beradi.

Foto: IIV axborot xizmati

Samarqandda 17 yoshli o‘smir Telegram messenjerida soxta aksiya o‘tkazib, odamlarning bank kartasidagi pullarni o‘g‘irladi.

IIV Kiberxavfsizlik markazining xabar berishicha, Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida yashovchi fuqaro IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida Telegram messenjeri orqali “Texnomart Aksiya” nomli profil egasi “Samsung  A-72” rusumli telefon apparatini yutib oldingiz deb, firibgarlik yo‘li bilan “Humo” bank kartasida bo‘lgan 1,5 million so‘mni yechib olganini bildirgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida surxondaryolik fuqaroning bank kartasidan firibgarlik yo‘li bilan pullarni yechib olgan shaxs Samarqand viloyati, Narpay tumanida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan S.U. ekani aniqlangan.

Surishtiruv davomida, S.U. surxondaryolik fuqarodan tashqari yana 27 nafar fuqaroning bank kartasidagi pullarni o‘zlashtirib olgani fosh etilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid