Jamiyat | 15:54 / 01.12.2020
12145
12 daqiqa o‘qiladi

Urgutdagi yo‘l nosozligi odamlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l qachon ta'mirlanadi?

Yo‘llar har bir davlatning qon tomirlari hisoblanadi. Ularning mamlakat taraqqiyoti va rivojlanishi uchun ahamiyati beqiyos. Nazarimizda shuni mamlakatimizdagi yo‘lsozlar, yo‘l qurilishi va ta'mirlanishini moliyalashtiradigan tashkilotlar mutasaddilari tushunib yetmayapti. Aks holda, bugun respublikadagi barcha yo‘llar ravon bo‘lar, odamlar nosoz yo‘llarda sarson yurmasdi.

Mamlakatdagi barcha yo‘llarni sifatli ko‘rinishga keltirish, ularni jahon andozasi darajasida ta'mirlash va yangi yo‘llarni qurish oson ish emas. Buning uchun juda katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Shu tufayli aksariyat hollarda ta'mirtalab yo‘llarning muammosi haqida gap ketganda yo‘lsozlar mablag‘ taqchilligini sabab qilib ko‘rsatishadi. Gap mablag‘ taqchilligiga borib taqalar ekan, unda yo‘llarni xususiylashtirishdan yoki xorijiy investorlar bilan hamkorlikda hozir mavjud bo‘lgan yo‘llarga muqobil tarzda pullik yo‘llar qurishdan bizni nima qaytarib turibdi?

Albatta, «pullik yo‘llar» deganda kimlardir «endi yo‘lga ham pul to‘lab yuramizmi?» deb ajablanishi, kimlargadir yo‘llarda pul to‘lab harakatlanish erish tuyulishi yoki yoqmasligi mumkin. Ammo bir narsani tushunib yetishimiz kerak, bugun oddiy odamlarga avtomobil sotib olish ham, sifatsiz va nosoz yo‘llarda yurish oqibatida ishdan chiqqan ehtiyot qismlarni «falon pulga» almashtirish ham oson bo‘lmayapti.

Qolaversa, nosoz yo‘llar tufayli fojialar yuz berib, odamlar halok bo‘lmoqda. Kimdir sog‘ligini yo‘qotib, bir umrga nogiron bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, nosoz yo‘llarda harakatlanish haydovchilarning asabini yemirib yuboradi. Bir so‘z bilan aytganda, sifatsiz va nosoz yo‘llar haydovchilar uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham shunchaki umr zavoli.

1-hodisa. 2020 yilning 23 oktyabr kuni «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining Urgut tumani «A'loxotin» mahallasidan o‘tuvchi qismida yo‘l transport hodisasi ro‘y beradi. 24 yoshli yigit «Damas» avtomashinasini boshqarib borayotib mototsiklda harakatlanib ketayotgan, shu tumanning «Algar» mahallasida yashovchi 61 yoshli erkak kishini urib yuboradi. Oqibatda mototsiklchi og‘ir jarohat olib, tuman tibbiyot birlashmasida vafot etadi. Qayd etilishicha, mazkur YTHga yo‘l nosozligi sabab bo‘lgan.

2-hodisa. 2020 yilning 18 sentyabr kuni, kech soat 20:30larda «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining Urgut tuman «A'loxotin» mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida YTH sodir bo‘ladi. Tumanning «Yuqori tegana» mahallasida yashovchi 21 yoshli yigit o‘zi boshqaruvidagi «VAZ 2106» avtomashinasi bilan velosipedda harakatlanib ketayotgan sinfdoshini urib yuboradi. Oqibatda velosipeddagi yigit og‘ir tan jarohati olib vafot etadi.

3-hodisa. 2020 yil 18 may kuni «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining «A'loxotin» mahallasi hududidan o‘tgan qismida yana bir yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ladi. Shu kuni soat 22:30 atrofida «Cobalt» rusumli avtomashina haydovchisi piyodani urib yuborib, jabrlanuvchiga yordam bermay, voqea joyidan qochib ketadi. Tan jarohati olgan piyoda tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi.

Yuqorida tafsilotlari keltirilgan uchta YTHning ikkitasida o‘lim holati yuz bergan. Bittasida jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati olgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Nega «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining «A'loxotin» mahallasi hududidan o‘tgan qismida tez-tez odam o‘limiga sabab bo‘layotgan YTH sodir bo‘lyapti?

Yuqorida gapni bejiz yo‘llarning sifati haqidagi gap bilan boshlamadik. Bugungi kunda mamlakatimizda sodir bo‘layotgan yo‘l transport hodisalarining ma'lum bir qismi aynan sifatsiz va nosoz yo‘llar tufaylidir. Yuqoridagi uch holatning bittasida YTH aynan yo‘lning nosozligi tufayli kelib chiqqani rasman qayd etilgan. Katta ehtimol bilan qolgan ikkita YTH ham aynan nosoz yo‘l sababli sodir bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Bunday taxminga kelishimizga ham yetarlicha sabablar bor.

Gap shundaki, yuqorida tafsilotlari keltirilgan yo‘l transport hodisalari ro‘y bergan «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining nafaqat «A'loxotin» mahallasidan o‘tgan qismi, balki Urgut tuman yo‘lsozlari tasarrufidagi Urgut-Jumabozor qismida ham yo‘lning holati juda ayanchli ahvolda qolyapti.

Mazkur hududda yashovchi aholi vakillarining aytishicha, yo‘lning bu holatga kelishida Urgut tuman yo‘l bo‘limining ham «hissasi» bor. Joriy yil mart oyigacha mazkur yo‘l biroz ta'mirtalab bo‘lsa ham, holati uncha yomon bo‘lmagan. O‘shanda Urgut tuman yo‘lsozlari bu yo‘lning o‘zlariga tegishli bo‘lgan Urgut-Jumabozor qismini ta'mirlash uchun ish boshlagan va nosoz qismlarda yo‘lning ustki qismidagi eski asfalt ko‘chirib olingan.

Shundan so‘ng, Urgut shahrining chiqish joyidan boshlab yo‘lning biroz qismini asfalt qilishgan. Qolgan qismi esa «tuya go‘shtini yeb» qolib ketgan. O‘shandan buyon mazkur yo‘l harakatlanuvchilar uchun ancha xavfli ko‘rinish olgan. Yuqoridagi uchta holat bunga dalil.

Aholi vakillari ta'mirlash ishlari tashlab qo‘yilgani tufayli haydovchilar mazkur yo‘ldagi chuqurlar va nosoz joylarni aylanib o‘tishga urinayotganini bildirishdi. Oqibatda ular yo‘l chetiga chiqib ketyapti va piyodalar hamda velosipedda harakatlanuvchilarning hayotiga xavf solinyapti. Bu yo‘lda ayniqsa kunning qorong‘i paytida harakatlanish barcha uchun birday xavfli bo‘lmoqda.

«Agar asfalt qilmas ekan, unda nega yo‘lning ustki qavatini o‘yib oladi?» deb e'tiroz bildirishdi shu yerda yashovchilar.

Aholi vakillarining ma'lum qilishicha, bahordan buyon bu yo‘lda ko‘plab xavfli holatlar, shuningdek, yengilroq darajadagi YTH tez-tez ro‘y berib turadi. Ularning aksariyatida zarar uncha katta bo‘lmagani va hech kim tan jarohati olmagani uchun tomonlar YHXBga murojaat qilmay, o‘zaro kelishib ketishadi. Shu uchun ham bu yo‘lda sodir bo‘lgan yengilroq YTHning aksariyati YHXB qaydlarida yo‘q.

Biz bilan suhbatlashgan haydovchilarning aksariyati bugun «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining Urgut-Jumabozor qismida harakatlanish juda qiyin bo‘layotganini, yo‘llardagi nosoz joylar avtomobillarga jiddiy shikast yetkazayotganini ma'lum qilishdi.

Mazkur yo‘l ta'miri nega tashlab qo‘yilgani yuzasidan izoh olish uchun Urgut tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Eshmahmad Obloyorov bilan bog‘landik. Undan «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lining Urgut tumani hududidagi Urgut-Jumabozor qismida ta'mirlash ishlari bahordan beri nega to‘xtab qolayotgani haqida so‘radik. U «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘li respublika ahamiyatiga ega yo‘l hisoblanishi, mazkur yo‘lning Urgut-Jumabozor qismida ta'mirlash ishlari to‘xtatib qo‘yilganiga mablag‘ yetishmovchiligi sabab bo‘lgani, yo‘l ta'miri uchun pul ajratilishi kechikayotganini aytib o‘tdi. Agar tegishli tashkilotlar mablag‘ o‘tkazib bersa, yo‘lda ta'mirlash ishlari davom ettiriladi.

U yo‘l uchun yetarli mablag‘ ajratilmagan bo‘lsa-da, yo‘lning ustki qismidagi eski asfalt ko‘chirib olinganiga ham izoh berdi. Uning aytishicha, yil boshida viloyat hokimligi tomonidan yo‘lsozlarga «Toyloq – Urgut 4R50» avtomobil yo‘lida ta'mirlash ishlarini boshlash buyrug‘i berilgan hamda tez orada mablag‘ o‘tkazilishi bildirilgan. Shundan so‘ng Urgut tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi mazkur yo‘lda jami 47 ming kvadrat o‘lchamdagi asfaltning ustki qatlamini ko‘chirib olgan. Lekin ishni davom ettirish uchun mablag‘ berilmagan.

Eshmahmad Obloyorovning bildirishicha, korxona o‘ziga berilgan 500 million so‘m mablag‘ hisobidan yo‘lning Urgut shahridan boshlangan qismida nosoz joylarga asfalt yotqizgan. Mablag‘ tugagandan so‘ng yo‘lning qolgan qismi o‘z holida qolib ketgan.

Obloyorovning qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda Urgut tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi va Samarqand viloyat yo‘llardan foydalanish boshqarmasi rahbariyati birinchi navbatda «Toyloq – Urgut 4R50» yo‘lining Urgut-Jumabozor uchastkasini ta'mirlash choralarini izlamoqda. Boshqarma hisobiga mablag‘ kelib tushgach, birinchi navbatda shu yo‘l ta'mirlanishi rejalashtirilgan.

Urgut tumani aholisi mamlakatimizning boshqa hududlariga chiqishda asosan «Toyloq – Urgut 4R50» yo‘lidan foydalanadi. Hozirda ushbu yo‘lning holati juda achinarli ahvolga tushgan. Ayniqsa, kuzda 1-2 marta yoqqan yomg‘ir va yaqinda yoqqan qordan so‘ng yo‘lning holati yanada yomonlashgan. Agar yo‘l hozirgi holatda keyingi yil bahorgacha qolib ketsa, u yerda yana YTH ro‘y berishi va hatto odamlar halok bo‘lishi mumkin.

Yana bir masala. Mabodo, agar shu yo‘l ta'mirlanadigan bo‘lsa, unda kuz va qishning yog‘in-sochinli kunlarida, havo sovib ketganda yotqizilgan asfalt ko‘pga chidarmikin? Zero, mana shunday qish-qirovli kunlarda yotqizilgan asfalt bir yilga ham yetmay yana ta'mirtalab ahvolga tushganini ham guvohi bo‘lganmiz.

Yuqoridagi muammo yuzasidan o‘rganish ishlari olib borayotganimizda, Urgut shahri Navoiy shoh ko‘chasining bir qismi ham o‘ta abgor ahvolda ekaniga guvoh bo‘ldik. Bu yerda ham yo‘lning yarmi asfalt qilingan, yarmi esa ustki qatlami ko‘chirib olingan holatda turibdi. Haydovchilarning aytishicha, yo‘lsozlar bu yo‘lning ustki qatlamini o‘tgan yil ko‘chirib olgan va uning bir qismiga asfalt yotqizgan, qolgan qismi esa qolib ketgan. Shundan so‘ng, mazkur yo‘lning holati ham juda yomonlashgan.

Yuqorida ham yozdik, bugungi kunda Urgut tumanining aksar aholisi boshqa hududlarga chiqishda mazkur yo‘ldan foydalanadi. Qolaversa, Urgutda faoliyat olib borayotgan ko‘plab tadbirkorlar o‘z korxonasiga keltirayotgan xomashyoni va o‘zi tayyorlagan tayyor mahsulotni shu yo‘l orqali tashiydi. Bundan tashqari, Urgutdagi katta buyum bozoriga boshqa tumanlardan va viloyatlardan kelayotgan xaridorlar ham asosan shu yo‘ldan yuradi. Shunday ekan, bugun mutlaqo talablarga javob bermay qolgan yo‘lning Urgut-Jumabozor qismi ham, Toyloq tumanida hududida joylashgan qolgan qismi ham jiddiy ta'mirlashga va kengaytirishga muhtoj. Ushbu yo‘lni shunchaki ta'mirlab qo‘ya olmayotganlar kelajakda uni qanday qilib kengaytirishadi, bunisi hozircha noma'lum.

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid