Jahon | 15:06 / 08.10.2018
16995
7 daqiqa o‘qiladi

Interpol tarixidagi g‘aroyib qidiruv yoxud korrupsiyada ayblanayotgan Men Xunvey

Oktyabr oyi boshida Interpol rahbari, 64 yoshli Men Xunvey 29 sentabr kuni Xitoyga jo‘nab ketgach, bedarak yo‘qolgani haqida xabar tarqaldi. Keyinroq esa uning Pekinda hibsga olingani va tergov qilinayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Men Xunvey
Foto: AP

Tafsilotlarga o‘tishdan oldin Interpol tarixiga nazar tashlasak.  Interpol (International Criminal Police Organization–INTERPOL) – xalqaro jinoyat qidiruv politsiyasi tashkiloti bo‘lib, umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashadigan dunyodagi eng yirik xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. Tashkilot bosh qarorgohi Fransiyaning Lion shahrida joylashgan va Interpolga 192 davlat a'zo bo‘lgan.

Qachon tashkil etilgan

Xalqaro jinoyat qidiruv politsiyasi tashkilotini tuzish g‘oyasi 1914 yilda Monakoda bo‘lib o‘tgan jinoyat qidiruv politsiyasi xalqaro kongressida paydo bo‘lgan. O‘n to‘rt mamlakatning yurist va politsiya xodimlari xalqaro jinoyatchilik bo‘yicha ma'lumotlar yurituvchi bo‘lim tashkil qilish va jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish jarayonlarini umumlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishgan.

1923 yilda ikkinchi bor bo‘lib o‘tgan jinoyat qidiruv politsiyasi xalqaro kongressida bu g‘oya amalga tatbiq etilgan va markazi Avstriyaning Vena shahrida bo‘lgan xalqaro jinoyat qidiruv politsiyasi komissiyasi (International Criminal Police Commission, ICPC) tuzilgan.

1938 yilda Avstriyaning fashistlar Germaniyasi tomonidan bosib olinishi va bosh qarorgohining Berlinga ko‘chirilishi sababli tashkilot faoliyatini to‘xtatgan.

Tashkilot 1946 yilda Belgiya hukumati tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan. Uning bosh qarorgohi Parijda joylashgan. INTERPOL (international police) atamasi ham o‘shanda paydo bo‘lgan.

1956 yilda Interpolning hozirgi nomi va nizomi qabul qilingan. 1989 yilda tashkilot bosh qarorgohi Lion shahriga ko‘chirilgan.

Nima bilan shug‘ullanadi

Interpol mavjud qonunchilik va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi doirasida faoliyat yuritayotgan jinoyat politsiyasi barcha organlarining o‘zaro hamkorligini (hattoki ayrim davlatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilmagan bo‘lsa ham) ta'minlaydi. 

Interpol mutaxassislari xalqaro jinoyatlar haqidagi ma'lumotlar, jinoyatchilarning barmoq izlari va fotosuratlarini ro‘yxatga olishadi. Turli mamlakatlardan o‘g‘irlab ketilgan avtomobillar, san'at asarlari va qimmatbaho buyumlar, bedarak yo‘qolganlar, shaxsi aniqlanmagan jasadlar, barcha davlatlardagi qirqma o‘qotar qurollar bo‘yicha kartoteka yuritiladi.

Tashkilot xalqaro jinoyatlar sodir qilishda gumonlanayotganlarni, jumladan jinoyat sodir etilgan mamlakat tashqarisida qidirish bilan shug‘ullanadi. Jinoyatchi qo‘lga olingan taqdirda, u diplomatik kanallar orqali jinoyat sodir etilgan yoki jinoyatchi fuqarolikka mansub bo‘lgan davlatga topshiriladi.

Tashkilot kotibiyatida to‘rtta bo‘lim faoliyat ko‘rsatadi, bular: ma'muriy, politsiya, ilmiy-tadqiqot va texnik ta'minot bo‘limlaridir. Politsiya bo‘limi noqonuniy qurol savdosi va xalqaro terrorizmga qarshi kurash, soxta pul yasash holatlari haqidagi ma'lumotlarni qayta ishlash bo‘limlaridan iborat. Maxsus bo‘linma giyohvandlik moddalarining noqonuniy tarqalishi haqidagi ma'lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.

Interpol nizomida siyosiy, harbiy, diniy va irqiy tusdagi ishlarga aralashish qat'iy taqiqlangan. Interpol asosiy e'tiborni korrupsiya, odam savdosi, intellektual mulk huquqining buzilishi, “pul yuvish” va terrorizmga qarshi kurashga qaratadi.

Xitoy va Interpol

1984 yil sentabrda Xitoy Xalq Respublikasi Interpol tashkilotiga qabul qilindi. Islohotlar va ochiqlik davriga qadam qo‘ygan Xitoy uchun Interpolga a'zo bo‘lish tashqi dunyo bilan aloqalarning kengayishi, Xitoy hukumatining transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashga hissa qo‘shish istagidan dalolat berardi.

XXR raisi Si Tszinpinning ichki siyosatida korrupsiyaga qarshi kurash muhim o‘rin tutishi hisobga olinsa, Pekinning xorij huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorligi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xitoy BMTning korrupsiyaga qarshi kurash va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash konvensiyalari doirasida dunyoning yuzdan ortiq davlatlari bilan yuridik hamkorlik qilib kelmoqda.

Interpolning so‘nggi prezidenti

2016 yilda Interpolning Indoneziyada bo‘lib o‘tgan 85-sessiyasida XXR jamoat xavfsizligi vazirining o‘rinbosari Men Xunvey tashkilotning yangi prezidenti etib saylandi

Men Xunvey 1953 yilda tug‘ilgan. U 2004 yil aprelda XXR jamoat xavfsizligi vazirining o‘rinbosari lavozimini egallagan, o‘sha yilning avgustida Interpolning XXRdagi markaziy milliy byurosi rahbari bo‘lgan.

Men Xunveyning Interpol prezidenti etib saylanishini o‘sha paytda ayrim huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar tanqidiy qarshi olgandi. Ular Xitoy bu tayinlovdan mamlakat ichidagi huquq himoyachilariga qarshi kurashda foydalanishini iddao qilgandi.

O‘tgan haftada OAVda Xitoyga uchib ketgan Interpol prezidenti bedarak yo‘qolgani va tashkilot o‘z rahbarini qidirayotgani haqida g‘aroyib xabar tarqaldi.

Xitoyning South China Morning Post gazetasi esa Men Xunvey Xitoyga 29 sentabr kuni uchib kelishi bilan tergovga olib ketilganini xabar qildi.

Interpol XXR hukumatiga tashkilot prezidenti Men Xunveyning turgan joyi borasidagi ma'lumotni aniqlashtirish uchun rasmiy so‘rov yubordi.

Xunveyning rafiqasi Greys Menning ta'kidlashicha, eri yo‘qolishi oldidan unga pichoq surati ilova qilingan xabar jo‘natgan.

Ayolning Lionda jurnalistlarga ma'lum qilishicha, uning fikricha eri jo‘natgan surat orqali xavf ostida ekanligini ma'lum qilmoqchi bo‘lgan. Ayolning aytishicha, eri suratni yuborishidan 4 daqiqa avvalroq “Qo‘ng‘irog‘imni kut” degan yozuvli xabar jo‘natgan va shundan keyin eri bilan aloqa uzilgan.

7 oktabr kuni Mey Xunveyning iste'foga chiqqani xabar qilindi.

“Bugun 7 oktabrda Interpolning Liondagi bosh kotibiyati janob Men Xunveyning Interpol prezidenti sifatida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqidagi iltimosnomani oldi”, deb ma'lum qildi tashkilot.

Le Parisien gazetasi Men Xunvey korrupsiyada ayblanayotgani haqida o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Gazeta ilgari surayotgan taxminga ko‘ra, Men Xunveyga nisbatan “kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kompaniyalardan biriga shartnoma olishda noqonuniy yordam berish” ayblovi qo‘yilishi mumkin.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Interpol prezidenti lavozimini katta vitse-prezident Kim Chon Yan egallaydi. 

Interpolning yangi rahbari saylovlari tashkilot bosh assambleyasining BAAda 18-21 noyabrda o‘tkaziladigan sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tadi.

Dilshod Asqarov.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid