Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga bolalar bilan ishlash taqiqlanadi - Tanzila Norboyeva
Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga bolalar bilan ishlash taqiqlanadi. Ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ro‘yxatini (reyestrni) yuritish tartibi belgilanmoqda.
Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Senatorlar “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqishdi.
Mazkur qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘rovonlik uchun tegishincha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanyapti. Shuningdek, endilikda jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta’qib etganlik hamda ota-ona o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanyapti.
“Bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalasining bugun qanchalik dolzarb ekanligini ortiqcha izohlash, asoslashga hojat yo‘q. Olib borilgan keng ko‘lamli tahlilning ayrim ma’lumotlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning qariyb 61 mingdan ko‘pi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir etilgan.
Biroq, afsuski, shu kungacha O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma bo‘lmagan. Yoki xotin-qizlar va bolalarga nisbatan yon-atrofimizda ro‘y berayotgan mudhish va jirkanch jinoyatlarni olaylik. 2020 yilda 156 ta, 2021 yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingan. Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi, Xorazmdagi bolalar uyi, Sergeli tumanida ona 3 nafar farzandi bilan birga yuqori qavatdan sakrashi...
Xulosa shuki, jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan hamda voyaga yetmagan farzandlarimizga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga qarshi turadigan yanada mustahkam va qat’iy qonunlarga ehtiyoj bor”, — deya ta’kidlab o‘tdi Senat raisi Tanzila Norboyeva.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo‘lishi asosiy mezonlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda. Ya’ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024