Avto | 10:47 / 02.09.2025
11896
2 daqiqa o‘qiladi

Import avtomobillarni Piskentdagi avtopoligonda sinovdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilindi

2025 yil 2 sentabrdan avtomobillarni Piskentdagi laboratoriyada sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatildi. Bu qaror O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan rasmiy dilerlar sonining ko‘paygani bilan izohlanyapti.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2025 yil 2 sentabrdan avtomobillarni Piskentdagi laboratoriyada sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar berdi.

Bu qaror O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan rasmiy dilerlar sonining ko‘paygani bilan izohlandi.

«Yurtimizda 2024 yilgacha faqatgina 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ular atiga 15 ta avtomodel uchun turini ma’qullash hujjatini olgan edi. Hozirgi kunda esa, 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari o‘z faoliyatini boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini ma’qullash hujjatlari rasmiylashtirildi

Buning natijasida, iste’molchilarga sifati va xavfsizligi ta’minlangan, hamda kafolatlangan avtotransport vositalarini yetkazib berish tizimi takomillashtirildi. Natijada iste’molchilarga rasmiy dilerlardan turli rusumdagi avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratildi.

Shu munosabat bilan, respublikamizda rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshganligi hamda iste’molchilarning rasmiy dilerlar bilan ishlash amaliyoti joriy etilganligini inobatga olib, 2025 yil 2 sentabrdan avtomobillarni Piskent avtopoligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi», deyiladi xabarda.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, import avtomobillarni sinovdan o‘tkazish butkul to‘xtatiladi va uni avvalgiday Bojxona hududida qayta tiklash ko‘zda tutilmagan.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazish boshlangandi. Shuningdek, yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi. Buning ortidan avtomobillarini poligonga olib kelganlar uzun navbatlarga ro‘baro‘ keldi va noroziliklar boshlangandi.

Mavzuga oid