O‘zbekiston | 17:19 / 06.03.2026
7360
4 daqiqa o‘qiladi

38 ming xonadonli ko‘p qavatli uy qurgan tadbirkorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Jami 570 ta ko‘p qavatli uydan iborat 170 ta obekt muammoli loyiha deb topilgan va ularning ishi prokuratura organlariga taqdim qilingan. Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatovning aytishicha, tadbirkorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atib bo‘lingan, ular javobgarlikka tortiladi. Hidoyatov bu binolarning zilzilabardoshliligi tekshirilishi va instrumental ko‘rik xulosasi olinishini, shunga asosan buzilishi yoki buzilmasligini qayd etdi.

Foto: Kun.uz

2018-2023 yillarda O‘zbekistonda noqonuniy qurilgan 38 ming xonadonli ko‘p qavatli turar joy majmualari ishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilindi.

Bu haqda Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markazda o‘tgan matbuot anjumanida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lumot berdi. Uning aytishicha, jami 570 ta ko‘p qavatli uydan iborat 170 ta obekt muammoli loyiha deb topilgan, ular qonunchilikka amal qilmay qurilgan.

Masalan, qaysidir tadbirkor loyihani ekspertizadan o‘tkazmagan yoki nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmay qurilish qilgan, yana qaysidir biri binoni qurishda o‘z hududidan 40-50 sm tashqariga chiqib ketgan, auksiondan yer sotib olish jarayoni va shu kabi juda ko‘p holatlarga taalluqli muammolar aniqlangan. Bu masala bo‘yicha hukumat yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbariyatlari ham qatnashdi”, - deydi vazir.

Hozirgi kunga qadar 38 ming xonadonli 570 ta ko‘p qavatli uylarning 90 foizi instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilgan va bu jarayon davom etayotgani qayd etildi.

Raqamlashtirib qo‘yganimizdan keyin bugungi kunda hamma narsaning izi bor. Hech kim ruxsat bermayapti. Agar korrupsiya bo‘lganida 38 mingta xonadonning hammasi hujjat qilgan bo‘lar edi. Korrupsiya yo‘qligidan dalolat hech qaysi biri hujjat qila olmayapti.

Tartibi bor, bu bo‘yicha hukumat yig‘ilishi ham bo‘ldi. U yerda huquqni muhofaza qiluvchi organlar qatnashdi, hammasi ko‘rib chiqilib, e’lon qilindi. Hozir har binoning instrumental tekshiruvlari o‘tkazilyapti. 90 foizi o‘tkazildi.

Instrumental tekshiruv natijasiga ko‘ra, aholi xonadon sotib olgani uchun ruxsat berish tizimi ham ishlab chiqilyapti. O‘sha uylarga yong‘in xavfsizlik normalari bor, birinchi navbatda „dom“ qurishda xavfsizlik normalariga qay darajada amal qilingani, shuningdek, aholiga yaratilgan qulayliklar: bolalar maydonchasi, avtomobil turargohlari va boshqalarning bor yoki yo‘qligi tekshirilyapti, yechimlarni ham ko‘rsatib beryapmiz”, – dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu masalada prokuratura organlari ham shug‘ullanyapti. Noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan tadbirkorlarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ular jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Hidoyatov 170 ta obektning zilzilabardoshliligi tekshirilishi, instrumental ko‘rik xulosasi asosida buzilishi yoki buzilmasligi mumkinligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, qurilish vaziri noqonuniy qurilgan ushbu 38 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar masalasiga o‘tgan yili dekabr oyida Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda to‘xtalgandi.

O‘shanda noqonuniy qurilishda 3 xil toifadagi qonunbuzarlik kuzatilgani haqida gapirgandi. Birinchidan, bu yerning ruxsatisiz, hokim qarorisiz olingani bilan bog‘liq holatlar. Ikkinchidan, loyihalar arxitektura kengashidan o‘tmagan va normativlarga muvofiqligi tekshirilmagani. Uchinchidan, yer bo‘yicha qaror bor, loyiha kengashdan o‘tgan, ammo litsenziyaga ega bo‘lgan ekspertiza tashkilotiga ham, davlat ekspertizasiga ham yuborilmagani.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid