O‘zbekiston | 14:38 / 07.02.2023
10274
2 daqiqa o‘qiladi

Metan-shoxobchalarga ham elektron hisoblagichlar o‘rnatiladi

Gaz hajmi va sotilgan gaz miqdorining aniq hisobini yuritib, bu hisobni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga onlayn yuborib turuvchi dastur o‘rnatilmasa, shoxobchaga gaz berilmaydi. Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, bunday tartib 1 iyuldan boshlab yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Avvalroq prezident “xo‘jasizlarcha talon-toroj qilinayotgan” energoresurslar bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga topshiriq bergandi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda tabiiy gazni yoqilg‘i quyish shoxobchalariga yetkazib berishdagi o‘g‘riliklarga qarshi kurashish uchun yangi mexanizm ishga tushadi.

2023 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, bunda AGTKSlarga gaz hajmining onlayn hisobini yuritish tizimi, sotilgan gaz miqdorining aniq hisobini yuritishni ta’minlovchi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan dastur mavjud bo‘lgan hollardagina gaz yetkazib beriladi.

Bu tartibni 2023 yil 1 iyuldan boshlab yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev energetika nazorati bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, bu borada mas’ullarga ikki yil “favqulodda tartibda” ishlash vazifasini qo‘ygandi.

Yig‘ilishda aytilgandiki, mamlakatda energetika resurslari “xo‘jasizlarcha talon-toroj qilinyapti”. Metan-shoxobchalar ustidan nazorat “butunlay izdan chiqqan”. Elektr va gaz bo‘yicha avtomatik hisoblash tizimlari 92-98 foizga o‘rnatilgan bo‘lsa-da, debitor qarzdorlik haligacha yuqori.

Prezident Energoinspeksiya va MIBning ishini takomillashtirish, elektr va tabiiy gazga ulanishda yangicha yondashuvlarni joriy qilish yuzasidan topshiriqlar bergan.

Mavzuga oid