Jahon | 13:03 / 12.12.2025
3735
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Yaponiya bombardimonchilari Xitoyga javoban mashg‘ulotlar o‘tkazdi

AQShning yadro qurolini tashishga qodir bombardimonchilari va Yaponiya qiruvchi samolyotlari Yapon dengizi ustidan parvoz qildi. Bu harakat – Xitoy va Rossiyaning bir necha kun oldin o‘tkazgan qo‘shma mashg‘ulotlariga javob sifatida baholanmoqda.

Foto: Reuters

10 dekabr kuni AQShning yadro qurolini tashishga qodir bombardimonchilari Yaponiya qiruvchi samolyotlari bilan birga Yapon dengizi ustidan parvoz qildi. Bu harakat Xitoy va Rossiyaning— Yaponiya va Janubiy Koreya atrofidagi hududlarda o‘tkazgan mashqlaridan so‘ng kuch namoyishi bo‘ldi.

«Yaponiya va AQSh «kuch bilan holatni bir tomonlama o‘zgartirishga urinishlarning oldini olish borasidagi qat’iy iroda»ni ko‘rsatdi. «O‘zini mudofaa kuchlari va AQSh kuchlarining tayyorlik pozitsiyasi»ni tasdiqladi, deyiladi Yaponiyaning mudofaa vazirligining bayonotida.

Ma’lum qilinishicha, mashg‘ulotlarda AQShning ikkita B-52 strategik bombardimonchisi, Yaponiyaning 3 ta F-35 qiruvchisi va uchta F-15 qiruvchilari qatnashgan. Bu parvozlar – Xitoy o‘tgan hafta mintaqada harbiy mashqlarni boshlaganidan beri AQSh birinchi marta harbiy mavjudligini namoyish qilishidir.

AQSh bombardimonchi parvozlari seshanba kuni — Xitoy va Rossiyaning qo‘shma strategik bombardimonchi parvozlari va Xitoyning alohida aviatashuvchi kemalari mashqlaridan keyin amalga oshirildi. Yaponiya tomonining aytishicha, o‘shanda Xitoy samolyotlari yapon samolyotlarini radar nurlari bilan «nishonga olgan», shu sababli Yaponiya qiruvchilarini havoga ko‘targan.

Yaponiya Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Hiroaki Uchikura Xitoy va Rossiyaning qo‘shma bombardimonchi parvozi Yaponiyaga qarata qilingan kuch namoyishi ekanini aytgandi.

Tayvan masalasi ortidan boshlangan mojarolar

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Reutersʼga gapirgan AQSh rasmiysi esa bombardimonchilar parvozi ahamiyatini kamaytirgan. «Ularning parvozi Xitoy-Rossiya mashqlaridan ancha oldin rejalashtirilgan», degan rasmiy. U, shuningdek, AQSh va Yaponiya harbiy samolyotlari o‘tgan oy ham xuddi shunday qo‘shma parvozlarni amalga oshirganini qo‘shimcha qildi.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan ham, Yaponiya bilan ham yaxshi munosabatda bo‘la oladi.

«Yaponiya AQShning buyuk ittifoqchisidir, bunga ikki yetakchining shaxsiy munosabati va davom etayotgan savdo aloqalarimiz dalildir,» dedi brifingda. «Xitoyga keladigan bo‘lsak, prezident Si bilan ham u yaxshi ishchi munosabatlarga ega, bu bizning mamlakatimiz uchun foydali deb hisoblaydi», dedi Oq uy so‘zchisi.

O‘tgan oy tanglik Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi parlamentda, Xitoyning Tayvanga hujumi Tokio tomonidan harbiy javobga sabab bo‘lishi mumkinligini aytganidan so‘ng kuchaygan edi.

Biroq, yapon manbalariga ko‘ra, Tramp o‘tgan oyda Takaichiga Tayvan yuzasidagi ziddiyatni kuchaytirmaslikni aytgan. Chunki u kelasi yili savdo muzokaralari uchun Xitoyga borishni rejalashtirgan.

Yaponiya ham, Janubiy Koreya ham o‘z hududiga AQSh kuchlarini joylashtirgan. Xususan, Yaponiyada AQShning xorijdagi eng yirik harbiy kontingenti mavjud. Bunga aviatashuvchi zarba guruhi va AQSh dengiz piyodalari ekspeditsiya kuchi kiradi.

Nashrning yozishicha, Xitoy harbiy kemalari va samolyotlari deyarli har kuni Tayvan atrofida faoliyat yuritadi. Taypey esa buni Pekinning bosim kampaniyasi deb ataydi. 

Mavzuga oid