O‘zbekiston | 20:43 / 06.08.2020
5479
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirining xorijlik maslahatchisi ta'limda e'tibor qaratish zarur bo‘lgan 3ta jihatni sanadi

Bugun, 6 avgust kuni Xalq ta'limi vazirligi, Respublika ta'lim markazi va YUNISEF hamkorligida ta'lim masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Konferensiyada so‘z olgan xalq ta'limi vaziri maslahatchisi, xalqaro ekspert Djon Tulli ta'lim sifatini oshirish uchun e'tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida so‘z yuritdi.

«Birinchi e'tiborli jihat – sifatli dars jadvali hisoblanadi. Yaxshi dars jadvali yaxshi ta'lim bera olishga asos bo‘ladi.

Ikkinchi jihat – o‘qituvchilarning malakasi va ularning dars o‘tishga bo‘lgan xohishining yuqori ekani. Insonlarga ularning malakasi bilan baho berishga o‘rganib qolganmiz. Shuning bilan birga, o‘qituvchilarda o‘z faoliyati davomida yangi-yangi narsalarni o‘rganishga va yangi guruh bolalariga dars o‘tishga bo‘lgan xohish ham yuqori bo‘lishi kerak. Butun mamlakat o‘qituvchilarining sifatli va sifatsiz ta'lim haqidagi qarashlari ham bir xil bo‘lishi kerak.

Ota-onalarning bolalarini ta'lim olishga qay darajada rag‘batlantirishi ham e'tibor qaratilishi kerak bo‘ladigan jihatlardan biridir. Bu borada maktablar ham ota-onalarga yordam berishi zarur», – dedi u.

Djon Tullining qo‘shimcha qilishicha, o‘qimishli insonlar – jamiyatning boyligi hisoblanadi. Shuningdek, bilimdon insonlar mamlakatning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichini ham belgilab beradi.

«O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilar bilim darajasini oshirish uchun matematika, axborot texnologiyalari va ingliz tilini o‘qitish sifatini yaxshilash – yaqin orada erishilishi lozim bo‘lgan maqsadlardir», – dedi vazir maslahatchisi.

Mavzuga oid