Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev: "Shifokorlik xizmatini adolatli bajarsak, bu davlat bilan xalqning o‘rtasida eng mustahkam ko‘prik bo‘ladi"
Foto: Prezident.uz
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini Xo‘jayli tumanidan boshladi. Davlatimiz rahbari avvalo Xo‘jayli tumanining markaziy shifoxonasida bo‘ldi. Bu yerda 10ga yaqin bo‘limlarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Prezidentimiz shifoxonaning har bir bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shifokorlar va mutaxassislar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev asosiy e'tiborini odamlar uchun sharoitlar yaratish, malakali kadrlarni tayyorlash, bunday binolarni qurishda har bir jihatga e'tiborni qaratish, isitish va sovutish tizimlarini zamonaviylashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatishni sifat jihatidan yuksaltirish kabi muhim yo‘nalishlarga qaratdi. Mamlakatimiz prezidenti ijtimoiy obektlar bunyod etish haqida fikr bildirar ekan, bunday binolarni qurishga alohida yondashuv talab etilishini ta'kidladi.
"Eng katta masala - 2017 yilning oxiriga borib, Qoraqalpog‘istonni qanday kadrlar bilan ta'minlab berishimiz mumkin? Bizning maqsadimiz Xo‘jayli tumani aholisini davolash emas - u o‘z yo‘liga - balki profilaktika qilish. Tibbiyotga qarashli hamma vrachlik punktlari bo‘ladimi, boshqa bo‘ladimi - hammasi tuman tibbiyotida birlashishi kerak, maqsad bir bo‘lishi kerak".
Bemorlardan xabar olish, ularning ko‘nglini ko‘tarish, dardini yengillatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan hisoblanadi. Mamlakatimiz rahbari shifoxonada davolanayotgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning hol-ahvolini surishtirdi. Tibbiy xizmat, dori-darmonlar bilan ta'minlash, bu yerdagi shart-sharoitlar bilan qiziqdi, bemorlarning tezroq sog‘ayib ketishiga tilak bildirdi. Tumandagi "Qoraqalpog‘iston" nomli qishloq vrachlik punktida bo‘lib o‘tgan muloqotda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish mavzusi davom ettirildi.
"Shifokorlik xizmatini adolatli bajarsak, bu davlat bilan xalqning o‘rtasida eng mustahkam ko‘prik bo‘ladi. Nima uchun muhtaram Prezidentimiz qishloq vrachlik punktlarini tashkil qilganlar? Profilaktika uchun. Biz eng katta maqsad - kasallikning oldini olishni ta'minlay olmayapmiz", - dedi Sh.Mirziyoyev.
Shundan so‘ng prezidentimiz "Muruvvat" ayollar internatiga borib, ushbu muassasa faoliyati bilan tanishdi.
"Ma'lumki, ijtimoiy himoya mamlakatamizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Jumladan, nogironlar va yolg‘iz kimsalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur sharoit yaratib berish bo‘yicha ko‘p ish qilinmoqda, lekin shunga qaramasdan, ba'zi joylardagi mutasaddi shaxslarning mas'uliyatsizligi tufayli bu borada jiddiy xato va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilayotganligi g‘oyat achinarlidir. Ming afsuski, shu muruvvat uyi misolida shunday hollarga duch kelib turibmiz", - dedi davlatimiz rahbari va mavjud ahvolni tubdan o‘zgartirish uchun zarur ko‘rsatmalar berdi.