Jahon | 15:35 / 14.01.2021
17810
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya oliy sudi mamlakat sobiq prezidentini 20 yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risidagi hukmni tasdiqladi

Pak Kin Xe 2016 yilgi parlament saylovlari jarayoniga noqonuniy aralashgani uchun yana ikki yil, jami 22 yil umrini qamoqda o‘tkazadi. 

Foto: Globallookpress

Koreya oliy sudi korrupsiya va mansabini suiiste'mol qilishda ayblangan mamlakat sobiq prezidenti Pak Kin Xega nisbatan chiqarilgan 20 yillik ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi hukmni o‘z kuchida qoldirdi.

 Mamlakat sobiq prezidenti 2016 yilgi parlament saylovlari jarayoniga noqonuniy aralashgani uchun yana ikki yil, jami 22 yil umrini qamoqda o‘tkazadi. 

 Pak Kin Xega nisbatan 2017 yil martda impichment e'lon qilingandi. 2018 yilda birinchi instansiya sudi sobiq prezidentni pora olgani uchun 15 yilga va mansabini suiiste'mol qilgani uchun yana besh yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. U shuningdek, 18 mlrd von (16 mln dollar) jarimaga tortilgan.

Keyinroq apellyatsiya sudi jazo muddatini 30 yilga uzaytirdi. Oqibatda hukm bir necha marta ko‘rib chiqildi. Nihoyat oliy sud bu masalaga nuqta qo‘ydi.

 Shu bilan birga, "Toburo" demokratik partiyasi raisi Li Nak Yon mamlakat prezidenti Mun Chje Indan Pak Kin Xe va korrupsiyada ayblanib 17 yilga qamalgan yana bir sobiq prezident Li Myon Bakni afv etishini so‘rashini aytdi. Li Nak Yonning ta'kidlashicha, sobiq davlat rahbarlarining afv etilishi milliy birlikka xizmat qiladi.

Mavzuga oid