Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kambodja va Tailand o‘rtasida harbiy harakatlar davom etmoqda. Trampning chaqirig‘i foyda bermadi
Tomonlar bir-birini mojaro eskalatsiyasida ayblamoqda.
Foto: Reuters
Kambodja va Tailand bir-birini bir kun avval AQSh prezidenti Donald Tramp har ikki tomonni tinchlikka chaqirganidan so‘ng ham chegara hududlarida artilleriya hujumlarini davom ettirishda aybladi.
Kambodja bir kun avval Donald Trampning «zudlik bilan va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish» taklifiga rozi ekanini «aniq ko‘rsatdi», deb yozdi mamlakat bosh vaziri Xun Manet.
Tailandda Trampdan minnatdor ekanliklarini, ammo aralashuvni istamasliklarini aytishdi. «Bizning shartimiz shundan iboratki, biz uchinchi davlatning ishtirokini istamaymiz, biroq uning [Trampning] e’tibori uchun minnatdormiz», degan jurnalistlarga Tailand bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pxumtxam Vechaychay.
Tinchlikka chaqiriqlarga qaramay, 27 iyul kuni ertalab ikki davlat chegarasida to‘qnashuvlar davom etdi. Kambodja mudofaa vazirligi Tailand harbiylari chegara bo‘ylab o‘qqa tutish va quruqlikdagi operatsiyalarni boshlaganini ma’lum qildi. Tailand armiyasining xabar berishicha, Kambodja kuchlari Surin provinsiyasini, jumladan, turar joy binolari hududini og‘ir artilleriyadan o‘qqa tutgan. Shuningdek, Kambodja bahsli hududdagi Ta Muen Tom ibodatxonasiga raketa zarbalari berdi, deya ma’lum qildi Tailand harbiylari. Tailandning Kambodja bilan chegaradosh Sisaket provinsiyasida Reuters jurnalistlari otishma ovozlarini eshitgan, biroq chegaraning qaysi tomonida ekanini aniqlay olmagan.
Tailand Tashqi ishlar vazirligi «Kambodja yaxshi niyatning butunlay yo‘qligini namoyish etar ekan, inson huquqlari va gumanitar huquqning asosiy tamoyillarini buzayotgan ekan, harbiy harakatlarni to‘xtatishga erishib bo‘lmasligi»ni ta’kidladi. Kambodja mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, mojaroning avj olishi va tinchlik sa’y-harakatlariga putur yetkazishda Tailand qo‘shinlarini aybladi.
26 iyul kuni Donald Tramp Kambodja bosh vaziri va Tailand bosh vaziri vazifasini bajaruvchi bilan telefon orqali muloqot qilgani va «har ikki tomon zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlikka erishishga intilayotgani»ni ma’lum qilgandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ikkala davlat ham AQSh bilan savdo bo‘yicha «muzokaralar stoliga qaytishga intilmoqda», bu esa harbiy harakatlar davom etayotgan bir paytda imkonsiz.
Tailand va Kambodja chegarasida artilleriya va aviatsiya ishtirokidagi to‘qnashuvlar 24 iyul kuni – rasmiy Bangkokning ta’kidlashicha, kambodjaliklar tomonidan qo‘yilgan minalar portlashi oqibatida ikki nafar tailandlik askar halok bo‘lganidan bir necha kun o‘tib boshlandi. Harbiy harakatlar oqibatida kamida 30 kishi, jumladan, Tailandda 13 nafar, Kambodjada sakkiz nafar tinch aholi halok bo‘ldi. Chegara hududlaridan 200 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi.