O‘zbekiston | 12:44 / 03.09.2019
30973
2 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyatida tayinlov: Dilshod Eshnayev Nuriymon Abulhasanning o‘rnini egalladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari – Diniy ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori tayinlandi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, Dilshod Muhitdinovich Eshnayev Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari – Diniy ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori lavozimini egalladi.

Dilshod Eshnayev bungacha Davlat xavfsizlik xizmati tizimida ishlagan. 2018 yil prezident farmoniga ko‘ra «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan.

Bundan oldin, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akromov, rais o‘rinbosari - Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori Nuriymon Abulhasan boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z lavozimidan ozod etilgandi.

Avvalroq, DXX tizimida mehnat qilgan Abdug‘ofur Ahmedov Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning yangi rahbari etib tayinlangani xabar berilgandi.

Ma'lumot uchun, hukumat tomonidan 2004 yil 23 apreldagi 196-son qaror bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, Qo‘mita har bir shaxsning vijdon va diniy e'tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat'i nazar tengligini ta'minlash, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Mavzuga oid