O‘zbekiston | 11:58 / 05.09.2023
31357
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat OTMlarida barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydigan bo‘ldi

2023/2024 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalaridagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmaydi. Tasdiqlangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni 15 oktyabrgacha to‘liq to‘lagan abituriyentlarga 10 foiz chegirma beriladi.

Foto: Kun.uz

2023/2024 o‘quv yilida istisno tariqasida barcha bosqichdagi talabalarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdori davlat oliy ta’lim muassasalari, jumladan, moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlarda ham bazaviy to‘lov-kontrakt qiymati 2022/2023 o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yili tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoladi.

2023/2024 o‘quv yili qabulida to‘plagan ballari tasdiqlangan qabul parametrlari chegarasiga yetmagan, lekin tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga, istisno tariqasida yangi o‘quv yili boshlanishidan shartnomalar rasmiylashtirishga, shuningdek, bir yillik o‘qitish qiymatining 50 foizini to‘laganlarni talabalar safiga qabul qilishga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, tasdiqlangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatini 2023 yil 15 oktyabriga qadar to‘liq to‘lagan abituriyentlar uchun 10 foiz miqdorida chegirma beriladi.

Mavzuga oid