Jahon | 07:50 / 29.12.2025
11939
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ham kirgan ro‘yxat: IMEI talab qilinadigan mamlakatlar

IMEI - mobil uskunaning xalqaro identifikatori. Infografikada chet eldan sotib olingan mobil telefonlarning IMEI raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy bo‘lgan davlatlar ko‘rsatilgan.

Foto: Getty Images

Ko‘pchilik telefonlarga, jumladan smartfonlarga ham, unikal IMEI beriladi. Bu raqam odatda 15 ta raqamdan iborat bo‘ladi. Ayrim davlatlar mobil qurilmalarning IMEI’sini ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiladi. Bu o‘g‘irlik, firibgarlik va qalbaki telefonlar savdosiga qarshi kurashishga yordam beradi, deb hisoblanadi. Yana bir sabab — qurilmalarni boshqa davlatlardan soliq va bojlarni aylanib o‘tib sotib olishni nazorat qilish.

Davlatlar IMEI ro‘yxatdan o‘tkazishning turli tizimlaridan foydalanadi. “Oq ro‘yxat” (white list) tizimi bo‘lgan mamlakatlarda har bir foydalanuvchi telefon identifikatorini ro‘yxatdan o‘tkazishi shart, aks holda qurilma bloklanadi. Bunday davlatlarga Chili, Kolumbiya, Turkiya, Ozarboyjon, Nepal va Misr kiradi. Ayrim mamlakatlar turistlar uchun istisnolar kabi bir qator yengilliklarni joriy qilgan.

Foto: Reddit

Boshqa davlatlar esa yumshoqroq nazorat shakllarini qo‘llaydi. Ular qatoriga, jumladan, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Kambodja, Tailand, Nigeriya va Eron kiradi. Masalan, Pokiston va Nigeriyada IMEI SIM-kartani faollashtirish paytida qayd etiladi. Hindistonda ham reyestr mavjud, ammo u yerda qurilmalar tanlab bloklanadi — jumladan, o‘g‘irlik holatida.

Xaritada O‘zbekiston ko‘rsatilmagan. O‘zbekistonda mahalliy SIM-kartalardan foydalanuvchi barcha abonentlar IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Agar egasi telefonni belgilangan muddatda ro‘yxatdan o‘tkazmasa, operator tarmoqqa kirishni cheklashi mumkin. Shuningdek, 2025 yildan Qozog‘istonda ham ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy bo‘ldi.

O‘zbekistonda mahalliy GSM operatorlari SIM-kartasidan foydalanish uchun telefon (yoki boshqa mobil qurilma)ning IMEI-kodi UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi shart. Rasmiy qoidaga ko‘ra, qurilma birinchi marta mahalliy tarmoqda ishlagan (SIM ulangan) paytdan boshlab 30 kalendar kun ichida IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak; aks holda, IMEI ro‘yxatdan o‘tkazilmaguncha aloqa xizmatlariga kirish cheklanadi (bloklanadi). 

2025 yil 1 avgustdan amaldagi tariflar bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan: jismoniy shaxslar uchun 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazish — BHMning 20 foizi (82 400 so‘m), 30 kundan keyin — 25 foiz (103 000 so‘m). To‘lov va rasmiy tariflar UZIMEI saytida e’lon qilingan. 

IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish odatda UZIMEI portali orqali onlayn (to‘lovni elektron to‘lov tizimlari yoki bank orqali qilib) yoki pochta bo‘limlarida pasport va qurilma bilan amalga oshiriladi. Shuningdek, 2025 yildan telefon chet eldan olib kirilgan bo‘lsa, amaliyotda uni bojxonada deklaratsiya qilish masalasi ham dolzarb: bojxona bazasida qurilma qayd etilmagan holatlarda qo‘shimcha to‘lov (30 foiz boj) masalasi ko‘tarilishi mumkin.

IMEI registratsiyasi atrofidagi muammolar

2019 yilda hukumat qarori bilan mobil qurilmalarni IMEI kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etilishi ro‘yxatdan o‘tkazishning murakkab mexanizmi va buning uchun pul to‘lash zarurati tufayli darhol jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgandi.

Yangilik mobil qurilmalar egalarining huquqlarini himoya qilish, qurilmalardan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashish va sifatsiz qurilmalar sotilishining oldini olish maqsadlari bilan asoslangan.

2020 yil fevralida jamoaviy murojaatlar portalida IMEI kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imni bekor qilish to‘g‘risida petitsiya paydo bo‘lgan. Qonunchilik palatasi qo‘mitasi masalani o‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘mita hukumat qarorlari (847-son va 778-son) bilan tasdiqlangan qoidalar asosida IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini davom ettirishni «maqsadga muvofiq va asosli» deb topgan. Qonunchilik palatasi hukumatga hisobotda ko‘rsatilgan taklif va kamchiliklarni inobatga olish hamda tizimni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni tavsiya qilgan.

O‘sha yili IMEI kodlarini begona pasport ma’lumotlariga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq mojarodan so‘ng tizim operatori ro‘yxatdan o‘tish tartibini o‘zgartirdi  ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqami mobil aloqa operatorida ariza beruvchining nomiga rasmiylashtirilishi kerak bo‘ldi.

2022 yilda AKT vaziri Sherzod Shermatov UzIMEI yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun kerakligini ta’kidlagandi. «IMEI kerak emas, IMEIni yo‘q qilinglar, degan gaplar tagida noqonuniy bozordan „dolya“ olib, foyda qilib turganlarning lobbisi turibdi»,  degandi o‘shanda vazir Kun.uz nashriga bergan intervyusida. Shuningdek, Shermatov UzIMEI pulli ekaniga to‘xtalib, uning soliq ekanini qayd etgandi.

2024 yil oxiridan boshlab O‘zbekistonga yangi mobil qurilma olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish talab etiladi, aks holda qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda boj to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid