Jahon | 13:45 / 12.12.2025
10365
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya narrativi va Donbassdagi real vaziyat | “Geosiyosat”

Muzokaralardagi eng chigal va bahsli mavzu Donbass bo‘lib qolmoqda. Moskva talqinicha, DXR va LXR aholisi go‘yoki Rossiyaga qo‘shilishni xohlayotganini iddao qilgan, ammo aynan shu hududlar eng ko‘p bombardimon qilinmoqda. Hind jurnalistining Putinga bergan savoli bu paradoksni yana muhokamaga olib chiqdi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Donbass masalasida fikr almashishdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Hindistonlik jurnalist Putindan nima uchun Donbassdagi rusiyzabon va Rossiyani qo‘llovchi ukrainlarning uylarini yakson qilayotganini so‘radi. Shu savolga biz ham to‘xtalsak. Nima uchun?

Kamoliddin Rabbimov: Bu savol Putinning jahlini chiqardi. Lekin jurnalist mantiqan juda to‘g‘ri savolni qo‘ydi: agar bu hududlarda “rus sivilizatsiyasi” va etnik ruslar yashayotgan bo‘lsa, nega aynan o‘sha shaharlar vayron qilindi? Putin esa odatdagidek javobni “Kiyev xuntasi” degan siyosiy qolipga olib o‘tdi. Avtokratik boshqaruv uslubiga xos ravishda, u o‘z harakatlarini oqlash uchun bosim va agressiv ritorikadan foydalandi. Jurnalistning dovdirab qolishi aynan mana shu psixologik bosim bilan bog‘liq edi.

Aslida esa savol ochiq qolmoqda: Donbassdagi shaharlarning qaysi biri bugun butun holda saqlanib qoldi? Qaysi bino, qaysi infratuzilma urushdan omon chiqdi? Rossiya “himoya qilyapmiz” deya iddao qilgan hududlarini aynan o‘zi vayron qildi. Bu holat Rossiyaning ichki ahvoli bilan ham chambarchas bog‘liq. Masalan, rossiyalik blogerlar Vorkuta shahrini ko‘rsatyapti, Moskvadan 200–300 kilometr shimolda joylashgan bu shaharda bugun hayot deyarli so‘nib bo‘lgan: maktablar bo‘sh, jamoat transporti ishlamaydi, infratuzilma yemirilgan.

Biz ko‘pincha Rossiyani Moskva va Sankt-Peterburg orqali tasavvur qilamiz, ammo mamlakatning ichki hududlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol ancha og‘ir. Shu holatda tabiiy savol tug‘iladi: agar Rossiya ishg‘ol qilingan ukrain hududlarini rasman o‘ziga qo‘shsa ham, ularni qaysi mablag‘ evaziga tiklaydi? Axir Rossiya o‘zining ichki shaharlarini ham o‘nlab yillardan beri qayta qurishga kuch topa olmayapti.

To‘g‘ri, siyosiy iroda bo‘lsa, ko‘z-ko‘z qilish uchun ayrim narsalar qilinadi. Rossiya milliardlab mablag‘ evaziga Qrim ko‘prigini qurdi. Bu esa Rossiya tashqi dunyoga qudratini namoyish qilish uchun ayrim yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyor, ammo ichki ijtimoiy muammolar ko‘pincha ikkinchi planda qolayotganini ko‘rsatadi.

Abduvali Soyibnazarov: To‘g‘ri, Rossiya DXR va LXR hududlarida referendum o‘tkazdi. O‘sha paytda Rossiya Donbassning, xususan, Donetsk viloyatining qariyb 50 foizini bosib olgan edi. Shunga qaramay, Moskva referendum natijasiga tayanib, aholining ko‘pchiligi Rossiyaga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlagani haqida da’vo qildi. Biroq bu jarayon xalqaro kuzatuv ostida o‘tkazilmadi. Shu sababli uning natijalariga ishonish mumkinmi yoki yo‘qmi – bu masalaning boshqa bir jihatidir.

Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarni keng ko‘lamli urush sifatida emas, balki Kiyevni “xunta”, “fashistik kuch” sifatida talqin qilib, unga qarshi maxsus harbiy amaliyot deb ko‘rsatmoqda. Rossiya narrativiga ko‘ra, u tinch aholini emas, balki Ukrainaning mudofaa inshootlarini nishonga olayotganini ta’kidlaydi. Bugungi kunda Moskvaning rasmiy tushuntirishi aynan shu yo‘sinda shakllantirilmoqda. Urush boshlanganidan so‘ng Ukraina imkon qadar tinch aholini va chiqib ketishni istagan ko‘ngillilarni mazkur hududlardan evakuatsiya qilishga ulgurgan. Natijada u yerdan asosan yoshi katta, Rossiya kuchlarining kirib kelishidan manfaatdor bo‘lgan nisbatan tor doiradagi aholi qatlami qolib ketgan xolos.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid