O‘zbekiston | 15:38 / 26.07.2024
14924
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri elektromobillar importi uchun bojlarni qayta tiklashni taklif qildi

O‘zbekistonda KIA avtomobillarini ishlab chiqarayotgan ADM Jizzakh bosh direktori Doniyor Davletyarovning fikricha, mahalliy bozor «haddan tashqari to‘yingan va qizib ketgan», shuning uchun jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish kerak.

ADM Jizzakh kompaniyasi elektromobillar importi uchun bojlarni qaytarishni taklif qilmoqda. Bu haqda 26 iyul kuni avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasi tadbirkorlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda kompaniya bosh direktori Doniyor Davletyarov aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi avtomobil bozori «haddan tashqari to‘yingan va qizib ketgan», shuning uchun jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish kerak. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi 60 dan ortiq texnik talablarga javob berishi kerak bo‘lsa, import qilingan transport vositasi soddalashtirilgan sertifikatlash tartibidan o‘tib, mahalliy standartlarga mos kelmaydi.

ADM Jizzakh bosh direktori avtotransport vositalarini rasmiy dilerlar orqali olib kirish tartibini tiklash tashabbusini ham ilgari surdi.

Bundan tashqari, Doniyor Davletyarov import qilinadigan butlovchi qismlar va tovarlar uchun boj to‘lanishi, ammo elektromobil yetkazib beruvchilar bu kabi to‘lovlarni to‘lamayotganini aytib o‘tdi.

«Bugungi kunda O‘zbekistonda sof elektromobil ishlab chiqarish maqsadga muvofiq emas, chunki hech qanday boj yo‘q. Ishlab chiqarish qimmat bo‘ladi, chunki ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va import qilish uchun hamma narsani 100 foiz mahalliylashtira olmaymiz. Import bojlarini to‘lashimiz kerak», - dedi Davletiyarov.

O‘zbekistonga elektromobil import qilishning amaldagi tartibi

Hozirda O‘zbekistonga elektromobil import qilishda QQS, utilizatsiya va bojxona yig‘imi undiriladi.

Bunda:

  • QQS avtomobilning bojxona qiymatidan 12 foiz;
  • utilizatsiya yig‘imi – agar elektromobilning ishlab chikarilgan muddati 3 yildan oshmagan bo‘lsa, BHMning 30 barobari (9,9 mln so‘m), 3 yildan oshgan bo‘lsa, BHMning 90 barobari (29,7 mln so‘m) miqdorida;
  • bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha yig‘im elektomobilning qiymatiga qarab BHMning 1 barobaridan 3,5 barobarigacha (330 ming – 1 mln 155 ming so‘m oralig‘ida) miqdorda bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangandi.

Avvalroq, 1 apreldan boshlab avtotransport vositasi uchun muvofiqlik sertifikati kimning nomiga berilgan bo‘lsa, avtomobilni bojxonada faqat o‘sha shaxsning nomiga rasmiylashtirish tartibi amaliyotga tadbiq qilinishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid