Jahon | 16:54 / 28.11.2025
17227
8 daqiqa o‘qiladi

Putin: Ukraina chekinsa – urush to‘xtaydi, chekinmasa – urush davom etadi

RF prezidenti tinchlik rejasi haqida gapirish «odobsizlik» bo‘lishini aytdi – chunki uning yakuniy versiyasi yo‘q.

Foto: Aleksandr Kazakov / RIA Novosti / Sputnik / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha AQSh tinchlik rejasi atrofidagi munozaraga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Quyida uning so‘zlarini juz’iy tahrirlar bilan qisqartirilgan ko‘rinishda keltiriladi.

Trampning tinchlik rejasi haqida

Hech qanday «tinchlik kelishuvi loyihalari» bo‘lmagan. Mening Alyaskaga tashrifimdan oldinroq tuzib chiqilishi kerak bo‘lgan savollar to‘plami bor edi. Shundan keyin 28 banddan iborat ehtimoliy kelishuvlar ro‘yxati paydo bo‘ldi va u bizga muayyan kanallar orqali uzatildi. Shundan keyin Jyenevada AQSh va Ukraina o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bilishimcha, ular bu 28 bandning barchasini to‘rtta alohida tarkibiy qismga ajratish kerak, degan qarorga kelishgan. Bularning barchasi bizga yetkazilgan. Umuman olganda, bu kelajakdagi kelishuvlarga asos bo‘lishi mumkin, degan fikrga qo‘shilamiz. Qandaydir yakuniy variantlar haqida gapirish men tomonimdan odobsizlik bo‘lardi, chunki ular yo‘q.

O‘t ochishni to‘xtatish haqida

Ukraina qo‘shinlari egallab turgan hududlardan chiqib ketsin – ana shunda harbiy harakatlar to‘xtaydi. Chiqmasa – biz buni qurolli yo‘l bilan amalga oshirishga erishamiz, tamom vassalom.

Okkupatsiya qilingan hududlar maqomi haqida

Xalqaro-huquqiy tan olish muhim ahamiyatga ega. Hududlar Rossiya suvereniteti ostida bo‘lganida tan olish – boshqa gap, agar kelishuvlar buzilsa, bu RFga barcha javob choralarini keltirib chiqadigan hujum sifatida ko‘riladi. Yoki bu qonunan Ukrainaga tegishli hududni qaytarib olishga urinish bo‘ladi. Bular boshqa-boshqa narsalar.

Shuning uchun, albatta, biz uchun tan olinish muhim. Ammo Ukraina tomonidan emas. Bu AQSh bilan muzokaralar mavzusi bo‘lishi kerak, bu muhim nuqtalardan biridir.

Yevropaga ehtimoliy hujum haqida

Es-hushi unchalik joyida bo‘lmagan odamlar yoki qandaydir firibgarlar o‘z aholisiga ochiqchasiga Rossiya Yevropaga hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani va zudlik bilan mudofaa salohiyatini kuchaytirish kerakligini aytmoqda. Ular nimaga asoslanganini aytish qiyin, lekin bizning nuqtayi nazarimizga ko‘ra, bu mutlaqo bema’nilik, bu qip-qizil yolg‘on. Agar ular o‘z fuqarolarini qo‘rqitgan bo‘lsa va ular [Yevropa mamlakatlari fuqarolari] bizning Yevropaga nisbatan hech qanday tajovuzkor rejalarimiz yo‘qligini eshitmoqchi bo‘lsa, marhamat: biz buni «qog‘ozga tushirib» tasdiqlashga tayyormiz.

Rossiya G7’​​ga qaytishi haqida

Biz «katta yettilik»ka qarshi emasmiz. Ular tobora kichrayib bormoqda, ammo ular baribir muhim hamkorlardir. Lekin bizni u yerga hech kim taklif qilmayapti. Bugungi vaziyatda ular bilan qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishimizni tasavvur qila olmayapman. O‘zingiz tasavvur qilyapsizmi? Xo‘sh, yetib keldik, «salom» berdik, keyin nima qilamiz – qovoq uyib, bir-birimizga qarab o‘tiramizmi? Balki bu takliflarning barchasini [tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha] amalga oshirsak, ko‘p tomonlama aloqalar uchun sharoit yaratilar, lekin bu haqda gapirishga hali erta.

Rossiya aktivlari musodara qilinishi haqida

Bu jahon moliya tizimi uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi aniq, chunki yevrohududga bo‘lgan ishonch keskin pasayadi, keskin tushib ketadi. Yevropa iqtisodiyotidagi qiyinchiliklar fonida esa bu oson sinov bo‘lmaydi. Mening topshirig‘imga binoan, Rossiya hukumati bunday holat uchun javob choralari to‘plamini ishlab chiqmoqda. Bu birovning mulkini o‘g‘irlash bo‘lishi barchaga ayon va buni hamma ochiq-oydin aytyapti.

Rossiyalik muzokarachilar haqida

Rossiya tomondan muzokarachi kim deysizmi? Bu ochiq ma’lumot – Tashqi ishlar vazirligi. Kreml tomonidan esa – Vladimir Medinskiy – prezident yordamchisi, u bu ish bilan avvalboshdan shug‘ullangan. Joriy ishlar bo‘yicha mening yordamchim – Yuriy Ushakov ishga qo‘shilgan, u amerikalik hamkasblari bilan aloqada. Ammo bularning barchasini bir o‘zi qila olmaydi, buni TIV va qisman prezident ma’muriyati qilishi kerak. Bu juda katta masalalar majmuasi.

Sergey Lavrov «qahrga yo‘liqqani» haqida

Bu qandaydir bema’nilik, u hech qanday xatoga yo‘l qo‘ymagan. Uning o‘z ish jadvali bor, u menga nima bilan shug‘ullanishi, qaysi vaqtda shug‘ullanishi bo‘yicha hisobot berdi. Amerikalik hamkorlar bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Uitkoff bilan muzokaralar matbuotga sizib chiqishi haqida

Uitkoffni ayblashning hojati yo‘q. U Amerika fuqarosi, o‘z prezidenti va mamlakatining pozitsiyasini himoya qiladi. Ha, bizda dialog bor, u oson emas. Biz bu muloqotni so‘kishlarsiz, bir-birimizga tupurishlarsiz olib boramiz, biz ziyoli odamlarmiz, lekin har birimiz o‘z pozitsiyamizni himoya qilamiz. Uitkoff AQSh manfaatlarini o‘zi va uni muzokaralarga vakil qilgan odamlar qanday ko‘rsa, shunday himoya qiladi.

Ukraina hukumati legitimligi haqida

Ukraina rahbariyati bilan hujjatlar imzolashdan ma’no yo‘q. Men bu mavzuda ko‘p marta gapirganman. Menimcha, Ukraina rahbariyati prezidentlik saylovlariga borishdan qo‘rqib, prinsipial, strategik xatoga yo‘l qo‘ydi, shundan so‘ng prezident o‘zining legitimlik maqomini yo‘qotdi.

Biz ham harbiy mojaro sharoitidamiz, lekin saylovlarni o‘tkazdik-ku! Prezident saylovlarini ham, yaqinda bo‘lib o‘tgan munitsipal va mintaqaviy hokimiyat organlariga saylovlarni ham. Biz hammasini qilyapmiz-ku. Ular esa negadir yo‘q. Bugungi sharoitda Ukrainaning amaldagi siyosiy rahbariyati soxtalashtirishlarsiz g‘alabaga umid qilishi qiyin.

«Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalar haqida

Ankorijdagi muzokaralardan so‘ng biz qayerda ekanimiz va harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun nima qilish kerakligi bo‘yicha tushuncha shakllandi. Keyin biz tarqaldik, chunki men ham, [Donald] Tramp ham o‘z poytaxtlarimizga qaytishimiz, o‘ylab ko‘rishimiz, o‘z apparatlarimiz, vazirliklar, idoralar, ittifoqchilar bilan maslahatlashishimiz kerakligini aytdik. Shundan keyin ishni davom ettirishga kelishib oldik. Rossiya va AQSh o‘rtasida qandaydir ziddiyatli vaziyat yuzaga kelmadi. Va to‘satdan ular ikkita neft kompaniyamizga qarshi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qilishdi. Bu nima bilan bog‘liq? Men sizga ochig‘ini aytyapman, men hatto tushunmadim ham, nima bo‘lyapti o‘zi?

Jang maydonidagi vaziyat haqida

Barcha yo‘nalishlarda ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Bu yo‘nalishlarning barchasida qo‘shinlarimizning harakat sur’ati ortib bormoqda. Aytish mumkin, barcha asosiy yo‘nalishlarda qo‘shinlarimiz tomonidan qaytarilayotgan hududlar soni oy sayin ortib bormoqda. Qo‘shinlarning harakat sur’ati tezlashmoqda.

Mavzuga oid