Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vazn yo‘qotishda ko‘proq, bosh og‘rig‘ida kamroq - ko‘p suv ichish qay darajada foydali?
Olimlar suv iste’molini ko‘paytirish chindan ham sog‘liqqa foyda keltiradimi yoki yo‘qligini aniqlash uchun yangi tadqiqot o‘tkazdi.
Foto: Depositphotos
Ko‘p suv ichish sog‘lik uchun foydali ekani aytiladi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot bu da’voni tekshirish maqsadida avvalgi izlanishlar natijalarini o‘rganib chiqdi, deb yozmoqda New Atlas.
Inson organizmining 60-70 foizi suvdan tashkil topgan. Bu muhim suyuqlik tana haroratini boshqarish, ortiqcha moddalarni chiqarib tashlash, bosh va orqa miyani himoyalash, so‘lak ishlab chiqarish va bo‘g‘imlarni “moylash” kabi bir qator vazifalarni bajaradi.
Suvsizlanish esa organizmning zarur vazifalarni bajarish qobiliyatiga xalaqit berishi mumkin, shu sababdan bizga har kuni ma’lum miqdorda suvni ichish tavsiya etiladi. Ammo ko‘p suv ichish yuqorida keltirilgan funksiyalardan tashqari umumiy salomatligimizga qanday foyda keltiradi? Kaliforniya universiteti rahbarligida olib borilgan yangi tadqiqotda olimlar aynan shu savolga javob izladi.
AQSh Milliy tibbiyot akademiyasi 19 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga kuniga taxminan 13 stakan (3 litr), shu yoshdagi ayollarga esa 9 stakan (2,1 litr) suyuqlik iste’mol qilishni tavsiya etadi. Gap faqat suv emas, istalgan turdagi suyuq ichimlik haqida ketmoqda.
Tadqiqotchilar ilgari o‘tkazilgan ko‘plab klinik sinovlar ma’lumotlarini tizimli ravishda tahlil qildi. Bu sinovlarda suv iste’molining ko‘payishi vazn yo‘qotish, qondagi glyukoza darajasi pasayishi, bosh og‘rig‘i, siydik yo‘llari infeksiyasi (SYI) hamda buyrak toshlarini tushirish kabilar o‘rganilgan.
Vazn yo‘qotish
Uch tadqiqotda katta yoshdagi ortiqcha vaznli va semiz kishilar tasodifiy tanlab olingan, ular 12 haftadan 12 oygacha bo‘lgan davr mobaynida kuniga ovqatdan oldin 1,5 litr suv iste’mol qilgan. Tadqiqotda suv ratsionini o‘zgartirmagan alohida nazorat guruhi ham bo‘lgan. Yakunda tasodifiy tanlanganlar nazorat guruhlariga nisbatan ko‘proq vazn yo‘qotdi, mos ravishda 100 foiz, 87 foiz va 44 foiz. Ammo 38 nafar ishtirokchi bilan o‘tkazilgan to‘rtinchi tadqiqotda kuniga 2 litr suv ichish olti oy davomida tana vaznining o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatmagan. Ushbu tadqiqotning boshqa uch tadqiqotdan farqi shundaki, undagi ayrim ishtirokchilar o‘smirlar edi.
Qondagi glyukoza darajasi
Yana bir tadqiqotda so‘nggi besh yil ichida 2-tur qandli diabet tashxisi qo‘yilgan 40 nafar bemor 8 hafta davomida nonushtadan oldin 250 ml, tushlikdan oldin 500 ml va kechki ovqatdan oldin 250 ml suv ichgan. Bu esa ularda qondagi glyukoza darajasining sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Ammo tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu natija ovqatdan oldin suv ichilgani uchun kamroq ovqatlanish yoki vazn yo‘qotish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Aksincha, 60 nafar ishtirokchi bilan o‘tkazilgan boshqa tadqiqotga ko‘ra, 12 hafta davomida uyg‘ongandan so‘ng ikki soat ichida 550 ml, uxlashdan oldin 550 ml suv ichish qondagi glyukoza darajasini oshirgan. Ushbu tadqiqotda qandli diabetni davolash uchun dori qabul qilmaydigan va/yoki turmush tarzini o‘zgartirmagan katta yoshdagi ishtirokchilar qatnashgan.
Bosh og‘rig‘i
Surunkali bosh og‘rig‘idan aziyat chekayotgan bemorlarda uch oy davomida kunlik suv iste’molini 1,5 litrga oshirish ta’sirini baholagan ikkita tadqiqot bir-biriga zid natijalarni ko‘rsatdi.
102 nafar katta yoshli ishtirokchilar qatnashgan tadqiqotlardan birida, ko‘p suv ichish salomatlikni yaxshiladi va bosh og‘rig‘ini kamaytirdi. Biroq natijalar statistik jihatdan ahamiyatli bo‘lmadi. Bundan tashqari, ishtirokchilarning atigi 21 foizi tadqiqot oxirigacha qatnashdi.
Boshqa bir tadqiqotda migren tufayli boshi og‘riydigan odamlarda xuddi shunday usul qo‘llangan, ammo sezilarli natija kuzatilmagan. Ushbu tadqiqot ishtirokchilari atigi 18 nafar bo‘lgan.
Siydik yo‘llari infeksiyasi va giperaktiv qovuq
Tasodifiy tanlab olingan tadqiqotlardan birida, odatda kuniga 1,5 litrdan kamroq suyuqlik iste’mol qiladigan, surunkali SYI bilan og‘rigan 140 nafar ayol suv miqdorini kuniga 1,5 litrga oshirgan.
Kundalik suv iste’molini ko‘paytirish 12 oylik davr mobaynida SYI epizodlarining o‘rtacha sonini kamaytirish, antibiotiklar bilan kamroq davolanish va kasallikning takrorlanishi vaqtini uzaytirishga hissa qo‘shgani aniqlandi.
Boshqa bir tadqiqotda suv iste’molini ko‘paytirish siydik yo‘llaridagi patogen bakteriyalarga qanday ta’sir qilishi o‘rganildi. Suyuqlik iste’moli yetarli bo‘lmagan o‘n to‘rtta ayol kunlik suv iste’molini 1,9 litrga oshirdi. Biroq ko‘proq suv ichgan va ichmaganlar o‘rtasida bakteriyalar miqdorida hech qanday farq kuzatilmadi: mos ravishda 7 foiz va 8 foizni tashkil etdi.
Boshqa bir tadqiqotda tez-tez hojatga chiqadigan giperaktiv qovuqli 24 nafar katta yoshli odam qatnashdi. Ularda suyuqlik iste’moli 25 foizga kamaytirilganda hojatga chiqish soni ham kamaygan.
Buyrakdagi toshlar
Buyragida toshi bor yoki tosh yig‘ishga moyil kishilar ularni chiqarib tashlash uchun ko‘p suv ichishi kerakligi qat’iy tavsiya etib kelinadi. Olimlar suvni ko‘p miqdorda iste’mol qilish va buyrakda tosh hosil bo‘lish xavfi o‘rtasidagi aloqani o‘rganuvchi ikkita tadqiqotni tahlil qildi.
25 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom katta yoshlilar ustida o‘tkazilgan bir tadqiqotda kuniga qo‘shimcha 2 litr suv ichish bundan kam suv ichadigan guruh bilan taqqoslangan. Natijada birinchi guruhda buyrakda tosh hosil bo‘lish xavfi pasaygani, ikkinchi guruhda esa bu xavf ortgani aniqlangan.
Keyinchalik 221 nafar bemor ustida yangi tadqiqot o‘tkazildi. Ularga kunlik suv iste’molini 2 litr siydik ajratish darajasigacha ko‘paytirish yoki o‘zgartirmaslik taklif etildi. Besh yil davomida suv iste’molini ko‘paytirgan birinchi guruhda buyrak toshlarining qayta paydo bo‘lish chastotasi 50 foizdan ko‘proqqa pasaydi.
Xulosa qilib aytganda, ko‘proq suv ichish vazn yo‘qotish va buyrakda tosh hosil bo‘lishining oldini olish uchun statistik jihatdan ahamiyatli natijalar ko‘rsatdi. Bu odat bosh og‘rig‘ining oldini olish, siydik yo‘llari infeksiyasi va qandli diabetni nazorat qilishda afzalliklarga ega, ammo natijalar statistik jihatdan ahamiyatli emas.
Tadqiqotchilar suv arzon bo‘lgani va uning salbiy oqibatlari juda pastligini hisobga olib, tadqiqotlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Mavzuga oid
18:58 / 23.12.2025
Shifokor haftada kamida besh marta miriqib kulishni tavsiya qildi
11:04 / 23.12.2025
Noyabr oyida avtobozor: sotuvlar tendensiyasi va asosiy ko‘rsatkichlar
22:09 / 13.12.2025
O‘zbekistonda zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 27 foizi bunday holatlarga ayollarning o‘zlari aybdor bo‘lishlarini ta’kidlagan - tadqiqot
11:30 / 10.12.2025