Jamiyat | 21:33 / 05.09.2017
18960
9 daqiqa o‘qiladi

Chet tillaridan malaka sertifikatining ahamiyati va kadrlar salohiyati

Yurtimizda yoshlarning chet tillarini mukammal o‘rganishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmoqda, yosh avlod vakillariga chet tilini o‘rgatishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, yosh kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida bir qator xayrli va ezgu ishlar amalga oshirilayotir. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi "Ta'lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 610-sonli qarori misol bo‘la oladi.

Ma'lumki, mamlakatimizda chet tillarini o‘qitish mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Chet tillarini o‘rganish va o‘qitishga e'tibor, ayniqsa, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 10 dekabrdagi "Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandan keyin yanada kuchaydi. Mazkur qarorda chet tillarini o‘qitishdagi yutuqlar bilan birga, ta'lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg‘or axborot va mediatexnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga to‘liq javob bermayotgani, ta'lim asosan zamonaviy usullarda olib borilayotgani, ta'lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o‘rganishni tashkil qilish, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta'minlashga oid kamchiliklar ham  ko‘rsatilgan.

Respublikamizda chet tillarini o‘qish, o‘rganish va baholash tizimining 2012 yildan boshlangan mana shunday besh yillik natijasi o‘laroq, yuqorida ta'kidlaganimiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi qarori qabul qilingan. Ushbu qaror respublikamizda ta'lim sohasidagi islohotlar izchil davom etilayotganidan, chet tillarini mukammal biladigan o‘quvchilar, talabalar va pedagoglarga imtiyozlar, malaka sertifikatlari berish hamda ularni rag‘batlantirish maqsadi ko‘zda tutilganidan dalolat beradi.

Qarorga ko‘ra, bundan keyin uzluksiz ta'lim tizimining barcha bosqichlarida yosh avlodni chet tillariga o‘qitish sifatini ta'minlash, chet tillarida erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, ushbu yo‘nalishdagi o‘quv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini ta'minlash maqsadida chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi. Bu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun uzluksiz ta'lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarini o‘zlashtirish darajasini davlat ta'lim standartlarida belgilangan "Tinglab tushunish" (Listening), "O‘qish" (Reading), "Yozish" (Writing), "Gapirish" (Speaking) ko‘nikmalari asosida baholab borish mexanizmi ishlab chiqiladi.   

 Amaliyotga tatbiq etilajak qarorning yana bir muhim tomoni shundaki, unga ko‘ra, chet tillarini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchi, talaba va pedagoglar chet eldagi yetakchi ta'lim muassasalarida til o‘rganish amaliyotlarida ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘ladi. Bundan tashqari, 2018 yil 1 yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar sertifikatni qo‘lga kiritgan vaqtdan e'tiboran 3 yilgacha quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladi, ya'ni umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilari, abituriyentlar va bakalavrlarga ta'limning keyingi bosqichini davom ettirish uchun test sinovlari ro‘yxatiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan ta'lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan maksimal ball beriladi va chet tili fanidan test sinovidan ozod etiladi. Shuningdek, V2 va undan ortiq darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan ta'lim muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonlarida maksimal ball bilan baholanadi va sinovlardan ozod etiladi. Sertifikat olish istagini bildirgan talabgorlar uchun talab hajmidan kelib chiqqan holda, hududlarda tizimli ravishda test sinovlari o‘tkaziladi.

Bugungi kunda barcha jabhalarda o‘zbek, rus va ingliz tillarida erkin muloqot qila oladigan, kompyuterni mukammal biladigan ilm-fan muhandislari, ilmiy xodimlarga ehtiyoj yuqori. Shuning uchun ham Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan eng asosiy masalalar, kadrlar salohiyatining tabaqalashtirilgan elektron manbasi va davlat tomonidan tayyorlanayotgan kadrlar salohiyatiga doir natijalar barcha uchun bir xil darajada muhim ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 maydagi "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika komissiyasini tuzish to‘g‘risida"gi F-4941-sonli farmoyishini xalqaro tasniflash va baholash tizimini joriy etishdagi ilk katta qadam, deb qabul qilish mumkin. Bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishini taqozo etadi. Dastlab milliy ta'lim tizimida xalqaro miqyosda joriy etilib, keyinchalik xalqaro darajada tan oldirishga erishiladi. Agar shunday yo‘l tutilsa, O‘zbekiston ta'lim tizimidan chiqayotgan kadrlar nafaqat yurtimizda, balki dunyodagi yetakchi davlatlar tomonidan tan olinadi.

Bizningcha, baholash tizimi faqat chet tillari uchun emas, balki barcha predmetlar bo‘yicha joriy etilishi kerak. Zero, ichki baholash tizimi, tashqi talab, ya'ni ta'limning keyingi bosqichi va buning ish beruvchi tomonidan tan olinishi juda ko‘p masalalarga oydinlik kiritadi hamda kadrlar salohiyatini intensiv darajada oshirishga olib keladi. Bundan tashqari, har bir fan bo‘yicha qo‘lga kiritilgan sertifikat davlat test markazi tomonidan tan olingan sertifikat maqomiga ega bo‘lsa, u holda quyidagi natijalarga erishishimiz mumkin:

 - 1 avgust kuni o‘tkazilajak testlar uchun sarflanadigan katta miqdordagi davlat xarajati tejaladi, sertifikatga ega o‘quvchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha bevosita o‘qishga qabul qilinadi;

- oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi (sertifikatga ega) o‘quvchilar bazasi shakllanadi, buning natijasida har bir hudud va mintaqadagi ta'lim maskanlarida kadrlar salohiyati ko‘rsatkichlari paydo bo‘la boshlaydi;

- sertifikat olishga intilayotgan har bir o‘quvchi birinchi urinishda yaxshi natijaga ega bo‘la olmasa, u holda keyingi o‘rinlarda davlat test markaziga pul to‘lab sertifikat oladi. Natijada davlat byudjyetida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya yig‘iladi. To‘planayotgan sarmoya hisobiga Davlat test markazi kadrlar salohiyatini oshirib borishi, filiallarini kengaytirishga erishishi mumkin;

- kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj asta-sekin o‘z o‘rnini topa boshlaydi;

- davlatimiz tomonidan ta'lim tizimiga ajratilayotgan investitsiyalar o‘zini oqlay boshlaydi;

- ta'lim tizimida ko‘p yillardan beri ishlab kelayotgan yoki endi ish boshlayotgan o‘qituvchilarning oylik maoshlarini o‘quvchilar erishayotgan natijalarga ko‘ra oshirib borish yoki kamaytirishga erishiladi, bu esa o‘qituvchilar orasida natijaga ishlash imkoniyati va motivatsion dasturlar yaratilishiga olib keladi;

 - shu kabi ta'lim tizimida faoliyat yuritayotgan ma'muriy xodimlar orasida ham ta'lim tizimi sifatini oshirish uchun motivatsion srategiyalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkoni paydo bo‘ladi;

- har bir tuman/viloyat/respublika bo‘yicha kadrlar qo‘nimsizligi barham topa boshlaydi.      

 Bu kabi ishlarni amalga oshirish uchun xalqaro standartlarni hamda unga mos obektiv ravishdagi baholash tizimini joriy etish, ta'lim tizimida ishlayotgan, davlat tomonidan kafolatlangan oylik olayotgan murabbiylar tarkibiga jamoatchi tashkilotlar, jumladan, Yoshlar ittifoqi va boshqa uyushmalardan iborat monitoring tizimi, OAV ishtiroki taqozo etiladi. Buning uchun qabul qilinajak qarorlar davlat ta'lim standarti talablari asosida, ichki va tashqi baholash tizimi va sertifikatlashtirish tizimi, xalqaro talablar asosida qabul qilinishi maqsadga muvofiqdir. 

Feruza Rashidova,
O‘zbekiston o‘qituvchilar uyushmasi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid