Yurtimizda yoshlarning chet tillarini mukammal o‘rganishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmoqda, yosh avlod vakillariga chet tilini o‘rgatishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, yosh kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida bir qator xayrli va ezgu ishlar amalga oshirilayotir. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi "Ta'lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 610-sonli qarori misol bo‘la oladi.
Ma'lumki, mamlakatimizda chet tillarini o‘qitish mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Chet tillarini o‘rganish va o‘qitishga e'tibor, ayniqsa, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 10 dekabrdagi "Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandan keyin yanada kuchaydi. Mazkur qarorda chet tillarini o‘qitishdagi yutuqlar bilan birga, ta'lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg‘or axborot va mediatexnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga to‘liq javob bermayotgani, ta'lim asosan zamonaviy usullarda olib borilayotgani, ta'lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o‘rganishni tashkil qilish, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta'minlashga oid kamchiliklar ham ko‘rsatilgan.
Respublikamizda chet tillarini o‘qish, o‘rganish va baholash tizimining 2012 yildan boshlangan mana shunday besh yillik natijasi o‘laroq, yuqorida ta'kidlaganimiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi qarori qabul qilingan. Ushbu qaror respublikamizda ta'lim sohasidagi islohotlar izchil davom etilayotganidan, chet tillarini mukammal biladigan o‘quvchilar, talabalar va pedagoglarga imtiyozlar, malaka sertifikatlari berish hamda ularni rag‘batlantirish maqsadi ko‘zda tutilganidan dalolat beradi.
Qarorga ko‘ra, bundan keyin uzluksiz ta'lim tizimining barcha bosqichlarida yosh avlodni chet tillariga o‘qitish sifatini ta'minlash, chet tillarida erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, ushbu yo‘nalishdagi o‘quv dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini ta'minlash maqsadida chet tillarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi. Bu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun uzluksiz ta'lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarini o‘zlashtirish darajasini davlat ta'lim standartlarida belgilangan "Tinglab tushunish" (Listening), "O‘qish" (Reading), "Yozish" (Writing), "Gapirish" (Speaking) ko‘nikmalari asosida baholab borish mexanizmi ishlab chiqiladi.
Amaliyotga tatbiq etilajak qarorning yana bir muhim tomoni shundaki, unga ko‘ra, chet tillarini bilish darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchi, talaba va pedagoglar chet eldagi yetakchi ta'lim muassasalarida til o‘rganish amaliyotlarida ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘ladi. Bundan tashqari, 2018 yil 1 yanvardan boshlab malaka sertifikatiga ega bo‘lgan talabgorlar sertifikatni qo‘lga kiritgan vaqtdan e'tiboran 3 yilgacha quyidagi imtiyozlarga ega bo‘ladi, ya'ni umumiy o‘rta ta'lim muassasalari bitiruvchilari, abituriyentlar va bakalavrlarga ta'limning keyingi bosqichini davom ettirish uchun test sinovlari ro‘yxatiga chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fani kiritilgan ta'lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan maksimal ball beriladi va chet tili fanidan test sinovidan ozod etiladi. Shuningdek, V2 va undan ortiq darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan ta'lim muassasalari pedagoglari attestatsiya jarayonlarida maksimal ball bilan baholanadi va sinovlardan ozod etiladi. Sertifikat olish istagini bildirgan talabgorlar uchun talab hajmidan kelib chiqqan holda, hududlarda tizimli ravishda test sinovlari o‘tkaziladi.















