O‘zbekiston | 10:51 / 02.11.2022
29439
3 daqiqa o‘qiladi

Muzrabot tumanining sobiq hokimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Sobiq hokim tumanda qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ygan, davlat mulkini talon-toroj qilish bilan shug‘ullangan.

Foto: Muzrabot.uz

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Muzrabot tumanining sobiq hokimi Erkin Alimovga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. O‘zA xabariga ko‘ra, sobiq hokim JKning 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (Mansab soxtakorligi) bilan ayblanmoqda.

Dastlabki tergov harakatlari davomida sobiq hokim Muzrabot tumanidagi umumiy qiymati 1,7 mlrd. so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib bergani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, tumandagi banklar Erkin Alimovning yaqin qarindoshlari nomiga 166 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratgan bo‘lib, bugungi kunda ularning katta qismi muammoli kreditga aylangan. «Hozir bank muassasalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lovlari amalga oshirilmagan 121 mlrd. 406 mln. so‘mlik kredit mablag‘larini undirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, «Surxondaryodonmahsulotlari» AJda olib borilayotgan taftish davomida sobiq hokim ishtirokida qiymati 35 mlrd. so‘mlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingani aniqlangan.

  • Ma’lumot uchun, Erkin Alimov 2010-2017 yillarda ushbu jamiyat rahbari lavozimida faoliyat olib borgan. Ayni paytda jinoyat ishi bo‘yicha jamiyatning 20 dan ortiq mas’ul-mansabdor shaxslari tergov harakatlariga jalb qilingani va ular Muzrabot tumanining sobiq rahbari noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan ko‘rsatmalar berayotgani, tergov harakatlari davom etayotgani ma’lum qilingan.
  • Eslatib o‘tamiz, Muzrabot tumani hokimi lavozimida to‘rt yildan ortiq ishlagan Erkin Alimov o‘rniga shu yil 12 sentabr kuni o‘rinbosari Abdurashid Ismoilov tayinlangandi. O‘sha vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda Erkin Alimovga nisbatan jinoyat ishi ochilgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan, biroq rasmiy idoralar bu xabarlarni tasdiqlashmagandi.

Mavzuga oid