O‘zbekiston | 08:43 / 26.10.2018
5725
4 daqiqa o‘qiladi

Yangiyerda ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodi, Navoiy viloyatida fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish kompleksi quriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezident qaroriga ko‘ra mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va kengaytirish hamda yangi qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 4,8 milliard AQSh dollariga teng 29 ta investitsiyaviy loyiha asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida «O‘zkimyosanoat» AJ quyidagilarni ta'minlaydi: 

•  «Farg‘onaazot» AJ va «Qo‘qon superfosfat zavodi» AJni xorijiy investorlarga sotish maqsadida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kengaytirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha 2018 yil 30 dekabrga qadar ushbu jamiyatlarning aktivlarini mustaqil baholashni yakunlash;

•  Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodini qurish bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun, keyinchalik «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda kompleks ekspertiza qilish sharti bilan, kimyo sohasida tajribaga ega xorijiy kompaniya bilan istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida shartnoma tuzish;

•  Navoiy viloyatida fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish kompleksini qurish bo‘yicha 2019 yil avgust oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xorijiy tashkilot tomonidan fosforli xomashyo maydonini baholash (ekspertizadan o‘tkazish) asosida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chiqishni.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va «O‘zkimyosanoat» AJ bilan birgalikda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish natijalariga ko‘ra, «Yo‘l xaritasi»da ko‘rsatilgan istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilaydi.

Bunda kimyo sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, yangi qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan yangi investitsiyaviy loyihalar asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish hisobiga amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda tarmoq korxonalarining investitsiyaviy jozibadorligi va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishda energiya tejamkorlikni oshirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotgani ma'lumot uchun qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 15 apreliga qadar xalqaro konsalting kompaniyalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda, kimyo sanoati tizimini isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha taklif kiritadi. 

Mavzuga oid