O‘zbekiston | 19:45 / 07.12.2019
19518
2 daqiqa o‘qiladi

«Hech kim OAVning qonuniy faoliyatiga tazyiq o‘tkazmaydi» - Prezident ochiqlik siyosatida ortga qaytish bo‘lmasligini ta'kidladi

Bugun 7 dekabr kuni «O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida so‘nggi uch yilda erishilgan yutuqlardan biri sifatida mamlakatda so‘z erkinligi va ochiqlik siyosati yo‘lga qo‘yilganini alohida tilga oldi.

Davlat rahbari jurnalistlar va blogerlarning jamiyatdagi o‘rni haqida gapirib, ularga aholi muammolari qonuniy hal etilishidagi faolligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, prezident davlat amaldorlarini ham, OAVni ham o‘zaro hurmat asosida va xalq manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda harakat qilishga chorladi hamda so‘z erkinligi borasida siyosat qat'iyligi, bu siyosatdan ortga qaytish bo‘lmasligini ta'kidladi. 

«Katta rahmat, ommaviy axborot vositalari va blogerlarga. Ko‘p-ko‘p narsalar O‘zbekistonda ochiq aytilyapti, hamma buni ko‘rib turibdi. Lekin bitta narsani bilinglar, bu ochiqlik hech qachon orqaga qaytmaydi!

Qancha ko‘p ochiqlik bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari odamlarimizga haqiqiy muammolarni qancha ko‘p yetkazsa, men rahbar sifatida ulardan minnatdor bo‘laman.

Tanqid albatta kerak. Mana tanqid bo‘lyapti, xulosa ham bo‘lyapti. Lekin biz hammamiz izlanishdamiz, o‘rganishdamiz. Yangi O‘zbekiston quryapmiz, bir-birimizga tayanib, xalqimizni rozi qilishimiz kerak.

Yana bir marta takrorlayman, hamma bilishi kerak: O‘zbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi», dedi prezident.

Mavzuga oid