Jahon | 09:30 / 10.04.2026
4884
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp NATOdan noroziligini bildirib, Grenlandiyani esladi

AQSh prezidenti Donald Tramp yana bir bor NATOdagi hamkorlarni Eronga qarshi urushda yetarli darajada qo‘llab-quvvatlamaganlikda aybladi va Grenlandiya mavzusini yana ko‘tardi. 

Foto: REUTERS

“Bizga kerak bo‘lgan paytda NATO yonimizda bo‘lmadi va yana kerak bo‘lganda ham yonimizda bo‘lmaydi”, — deb yozdi u 8 aprel, chorshanba kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bosh harflar bilan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqdoshlar u “katta, yomon boshqarilayotgan muz bo‘lagi” deb atagan Grenlandiyani eslashi kerak.

Joriy yil boshida Tramp AQSh tarkibiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan ushbu Arktika oroli NATOdagi hamkor davlat — Daniya hududi hisoblanadi. Tramp, shuningdek, ittifoqdoshlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta’minlashda AQShni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan edi, ammo davom etayotgan jangovar harakatlar fonida ular majburiyat olishdan tiyildi.

Eron mart oyi boshida AQSh va Isroil havo hujumlariga javoban bo‘g‘ozni to‘sib qo‘ygan edi. Natijada Fors ko‘rfazidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft va suyultirilgan gaz tashish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi, jahon bozorida narxlar keskin oshib ketdi. Sulh tuzilgandan keyin Tehron bo‘g‘ozni vaqtincha qayta ochishga rozi bo‘ldi.

Tramp NATOdagi hamkorlarning Eronga qarshi urushda, uning fikricha, yetarli darajada yordam ko‘rsatmayotganini bir necha bor tanqid qilgan. Uning qator bayonotlari AQShning Shimoliy Atlantika alyansidan chiqib ketishi mumkinligi haqida xavotirlarni kuchaytirdi. Biroq AQShning NATOdan chiqishi uchun Senatning uchdan ikki qismi roziligi talab etiladi, bu esa deyarli ehtimoldan yiroq deb baholanmoqda.

Donald Tramp 8 aprel kuni Mark Ryutte bilan Oq uyda uchrashdi. Muzokaralardan so‘ng Ryutte CNN telekanaliga bergan intervyusida Tramp “alyans va ayrim a’zo davlatlardan ochiqchasiga xafa ekani”ni aytdi, biroq bu uchrashuvni “ikki do‘st o‘rtasidagi juda ochiq muloqot” deb atadi.

Tramp AQShning NATOdan chiqishi haqida gapirgan-gapirmagani haqidagi savollarga Ryutte qayta-qayta aniq javob berishdan bosh tortdi.

AQShning ayrim NATO davlatlari o‘z majburiyatlarini bajarmagani haqidagi ayblovlariga munosabat bildirgan Ryutte shunday dedi: “Ayrimlari — ha, bajarmadi, ammo Yevropa davlatlarining aksariyati va’da qilgan ishini qildi”. U, shuningdek, Trampning alyansdagi ko‘plab ittifoqdoshlardan norozi ekanini tushunishini qo‘shimcha qildi.

Yil boshida Tramp strategik jihatdan muhim bo‘lgan Arktika orolini — zarurat tug‘ilsa, kuch ishlatish yo‘li bilan ham — anneksiya qilish niyatini ochiq aytgan edi. NATOdagi yevropalik hamkorlar orasida norozilik to‘lqini ko‘tarilgandan so‘ng u bu rejalaridan voz kechdi, ammo bu masala bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish kerakligini ta’kidlashda davom etdi. Shu orada NATO Arktikada harbiy ishtirokni kuchaytirishga qaratilgan yangi operatsiyani boshladi.

Keng avtonomiyaga ega bo‘lgan Grenlandiya hukumati ham, Daniya ham orolning AQShga qo‘shilishi g‘oyasini qat’iy rad etmoqda. Kopenhagen Vashingtonni ogohlantirib, agar AQSh Grenlandiyani anneksiya qilsa, bu G‘arb mudofaa alyansining yakunlanishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.

Tramp esa o‘z rejalarini, aks holda, Grenlandiya Rossiya va Xitoy qarshisida himoyasiz qolishi mumkin, degan da’vo bilan asoslagan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid