O‘zbekiston | 14:33 / 18.02.2021
4846
3 daqiqa o‘qiladi

«Andijon HETK» AJ: Yillar davomida ehtiyoj katta bo‘lib kelgan temir-beton tayanchlar endi o‘zimizda ishlab chiqariladi

Respublikamizda sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini barqarorlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan Andijon viloyatida ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida, «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ tomonidan joriy yilning 16 fevral kuni SV 9,5x2,0, SV 110x3,5 rusumidagi temir-beton tayanchlari ishlab chiqarish sexining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari D. Nosirov, Andijon viloyati hokimligi qurilish bo‘lim boshlig‘i R.Xojiboyev, Xo‘jaobod tuman hokimi Z.Ahmadaliyev, «Andijon HETK» AJ mutasaddi xodimlari ishtirok etdilar.

– Zavod qurish maqsadida kelganimizda bu yerda yaroqsiz besedka va avariya holatidagi omborxona bor edi. Mana, bugun ko‘rib turganingizdek, bu yerga juda katta mehnat sarf etildi, juda ko‘p xodimlarimiz hashar qilib o‘z mehnatlari bilan qatnashib, shunday go‘zal holatga olib kelindi. Men bu uchun ushbu zavod qurilishida yonma-yon turib mehnat qilgan xodimlarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, - deydi D. Nosirov.

Ta'kidlash joizki, ushbu sex Xo‘jaobod tumani Beshariq MFY O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan bo‘lib, umumiy yer maydoni 0,5 ga ni tashkil etadi.

– Shu kunga qadar korxonamiz tomonidan temir-beton tayanchlar qo‘shni viloyatlardan olib kelinardi. Endilikda ma'lum miqdordagi mablag‘ni iqtisod qilish hamda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish imkoni kengaydi. Bundan tashqari kelgusida transformator punktlarini o‘rnatish uchun USO, PT-1, fundament blok kabi beton mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu ishlarni ham yil davomida yo‘lga qo‘yamiz. Yana bir yangi qadam: yaqin kunlarda joylarni tanlaganmiz o‘zimiz toshlarni maydalab, temir-beton tayanchlar uchun mahsulotlarni yetkazib beramiz, bu bilan tayanchlar narxi yanada arzonlashadi, - dedi «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori A.Jo‘rayev.

Yiliga 22 mingdan ortiq temir-beton tayanchlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan zavodda har xil turdagi travers mahsulotlari ham tayyorlanadi. Zavodda 10 nafar xodim doimiy ish joyi bilan ta'minlangan, bundan tashqari ushbu hududda yashovchi 6 nafar xodim ishbay usulida ishga qabul qilindi.

Tadbir ishtirokchilari temir-beton tayanchlar ishlab chiqarish sexi va undagi bir kunlik ishlab chiqarish hajmi qanday ekanligi bilan yaqindan tanishdilar.

«Andijon HETK» AJ matbuot xizmati

Жамшид Рузибаев
Tayyorlagan Жамшид Рузибаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid