O‘zbekiston | 16:18 / 08.10.2020
27594
3 daqiqa o‘qiladi

1 noyabrdan Toshkent metropolitenida jyetonlardan foydalanish to‘xtatiladi

Yo‘lovchilar endi to‘lovlarni yagona transport kartalari orqali amalga oshirishadi. Transport vazirligi Toshkent metropolitenining barcha liniyalaridagi bekatlar va avtobuslarning barchasi elektron to‘lovni amalga oshirish uchun mobil va statsionar validatorlar bilan to‘liq ta'minlanganini ma'lum qilgan.

Toshkent shahar jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimining to‘laqonli ishlab ketish jarayonini tezlashtirish, shuningdek, jamoat transportida naqd pul muomalasidan voz kechish maqsadida 2020 yil 1 noyabrdan boshlab Toshkent metropolitenida jyetonlardan foydalanish to‘xtatiladi. Transport vazirligi Toshkent shahri jamoat transporti avtobus va metropolitenda avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini to‘liq joriy etish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilayotganini ma'lum qildi. 

«Hozirgi kunda Toshkent metropolitenining barcha liniyalaridagi bekatlar yo‘l haqi to‘lovlarini yagona transport kartalari va NFC bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyatini beruvchi statsionar validatorlar bilan jihozlandi.

Shu bilan birga, poytaxtimizda yo‘lovchilarga xizmat qilayotgan «Toshshahartransxizmat» AJga qarashli 1000dan ortiq avtobusning barchasi elektron kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi mobil va statsionar validatorlar bilan to‘liq ta'minlandi.

Navbatdagi bosqichda yo‘lovchilarning yagona transport kartalari orqali yo‘l haqi to‘lovlarini amalga oshirish ko‘lamini kengaytirish, avtomatlashtirilgan tizimning to‘laqonli ishlab ketish jarayonini tezlashtirish, shuningdek, jamoat transportida naqd pul muomalasidan voz kechish maqsadida 2020 yil 1 noyabrdan Toshkent metropolitenida jyetonlardan foydalanish to‘xtatilishini ma'lum qilamiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Yagona transport kartalarining hisobini metro kassalari, oylik yo‘l chiptalarini sotish shoxobchalari, infokiosklar, barcha elektron to‘lov tizimlari, shuningdek, ATTO – mobil ilovasi orqali to‘ldirish imkoniyati mavjud.

«Hurmatli yo‘lovchilar, endi siz shoxobchalar va kassalarga murojaat etib, ortiqcha vaqt sarflashingizga hojat yo‘q. Qolaversa, o‘z salomatligingizni asrash maqsadida ham yo‘l haqi to‘lovlarini naqd pul ko‘rinishida amalga oshirishdan voz keching.

Yo‘l haqi to‘lovlarini yagona transport kartalari orqali amalga oshiring. Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi doirasida ushbu zamonaviy va yangi xizmat imkoniyatlaridan foydalaning», deyiladi xabarda.

  • Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 noyabrdagi «Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan Toshkent shahar jamoat transporti avtobus va metropoliten yo‘nalishlarida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etish ishlari doirasida 2020 yil 3 yanvardan e'tiboran yagona transport kartalari muomalaga chiqarilgan.

Mavzuga oid