O‘zbekiston | 15:32 / 30.12.2024
17147
5 daqiqa o‘qiladi

Eriell xodimlari 4 oydan buyon maosh olishmayotgandan norozi bo‘lib video murojaat qildi

Ular ish haqidan tashqari Mehnat kodeksiga asosan oyliklar kechikkan davr uchun kompensatsiya ham so‘rashmoqda. Eriell xodimining Kun.uz'ga aytishicha, videodagi murojaat yo‘llayotganlar kompaniyaning Ustyurt loyihasida ishlaydi. “Lekin oylik Eriell'ning barcha loyihalaridagi xodimlarda muammo bo‘lyapti. Qandim – mustasno”, – deydi u.

Foto: Videodan kadr

Neft-gaz tarmog‘i kompaniyalari uchun quduqlarni qurish va kapital ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi Eriell bir necha oydan beri xodimlarning ish haqlarini to‘lamay kelyapti.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoda kompaniya ishchilari prezidentga murojaat qilib, ish haqini olishda yordam so‘ragan.

Konstitutsiyamizning 2-moddasi: davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar. Biz neft va gaz sohasi bo‘yicha Eriell kompaniyasida ishlaymiz. 2024 yilning avgust, sentabr, oktyabr va noyabr oyida ishlagan ish haqimizni olganimiz yo‘q. Bugun, 28 dekabr”, – deydi murojaatchilar.

Ular yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 333-moddasida ish beruvchi ish haqini va boshqa to‘lovlarning muddatini buzganlik uchun 10 foiz miqdorida kompensatsiya to‘lashi belgilanganini ta’kidlab, davlat rahbaridan ish haqining o‘z vaqtida berilishi va kechiktirilgan ish haqlari uchun kompensatsiya olishda yordam so‘ragan.

Ona vatanimizda ishlab turib ishlagan ish haqimizni ololmaslik hech qaysi risolaga to‘g‘ri kelmaydi, bu adolat mezonlarini buzyapti. Fuqarolaringiz sifatida adolatni qaror toptirishingizni iltimos qilamiz. Biz ham oylik olib bayram o‘tkazaylik”, – deydi murojaatchilar.

Kun.uzʼga murojaat qilgan Eriell xodimining aytishicha, video Qoraqalpog‘istonning Urga konida olingan.

Ular Eriell kompaniyasining Ustyurt loyihasi ishchilaridir. Lekin oylik bo‘yicha Eriellʼning barcha loyihalaridagi xodimlarida muammo bo‘lyapti. Lukoilning Qandim loyihasi bundan mustasno. Lukoil bizning kompaniyaga ishchilar oyligini bermasang, yangi quduq bermaymiz, deb shart qo‘ygan. Shu bois faqat Qandim proyektidagilar sentabr (shu oy ham olingan) oyligigacha olgan”, – deydi u.

Murojaatchining aytishicha, Qandimdagi ishchilardan boshqa barcha Eriell xodimlari oxirgi marta noyabr oyining o‘rtasida iyul oyligini olgan.

Undan keyin hech qanaqa ish haqi to‘langani yo‘q”, – deydi u.

Eriell xodimlarning ish haqlarini kechiktirayotgani holati birinchi marta yuz bermayapti. Joriy yil sentabr oyida tahririyatga kompaniya xodimlari 3 oylik maoshlari to‘lanmagani yuzasidan murojaat qilgandi.

Bunday muammmo Eriell'ga affillangan Enter Engineering kompaniyasida ham kuzatilib keladi. Kun.uz'ga bu borada bir necha bor murojaatlar yo‘llangan. Sentyabr oyidagi murojaatda kompaniyaning boshqaruv ofisida ishlaydigan xodimlar ularga bir necha oydan beri maosh to‘lanmayotganidan shikoyat qilgandi.

Shuningdek, bu kompaniyaga aloqador Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘qituvchilariga ham bir necha oydan beri maosh berilmagan.

Mehnat kodeksiga binoan, xodimlarga ish haqini to‘lash muddati yarim oyda bir martadan kam bo‘lmasligi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 1 sentabr kuni texnogen ofat ro‘y berib, atmosferaga vodorod sulfid gazi tarqagan “Mustaqillikning 25 yilligi” koni loyihasida Eriell va Enter Engineering kompaniyalari pudratchi sifatida qatnashmoqda. Konni o‘zlashtirish bo‘yicha bosh pudratchi – Eriell. Gazni qayta ishlash zavodi, infratuzilma obektlari, gazni yig‘ish, tayyorlash va yetkazib berish tizimini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlari esa “tayyor holda topshirish” sharti bilan Enter Engineering kompaniyasiga yuklatilgan.

Har ikkala kompaniya xodimlari ham texnogen ofatni bartaraf etish uchun maoshlar yana kechikishidan xavotir bildirgan edi.

Xorijda ro‘yxatdan o‘tgan har ikkala kompaniyaning benefitsiari o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov ekani aytiladi. Uning biznes faoliyati Enera kompaniyalar guruhi nazoratidagi aktivlar, shuningdek, mamlakatdagi eng yirik gaz omborini kengaytirish loyihasini ham o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid