Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Sevimli sportchim – Muhammad Ali. Ko‘pchilik u sabab bo‘lib islomni tanlagan» – Jasurbek Yaxshiboyev bilan intervyu
Foto: KUN.UZ
O‘zbekiston milliy jamoasi hamda Belarusning «Energetik» klubi hujumchisi Jasurbek Yaxshiboyev O‘zbekiston chempionati o‘yinlarida doim ham asosiy tarkibda o‘ynayvermas, doim unga nimadir yetishmasdi. Ammo Belarusdagi legionerlik faoliyati Jasurbek uchun juda omadli kechmoqda. Ayni damda 12ta gol bilan Belarus chempionati to‘purari bo‘lib turgan Yaxshiboyev mahalliy «Pressbol» nashriga intervyu berdi. Intervyu davomida o‘zbekistonlik futbolchi ko‘p savollarga qisqa va aniq javob bergan.
– Borgan shaharlaringiz orasida eng chiroylisi qaysi?
– Qatar poytaxti Doha. Shuningdek, BAAning yirik shaharlaridan biri Dubay. Dubay yaxshiroq ham. O‘ta zamonaviy, osmono‘par va chiroyli binolari ko‘p shahar. Men u yerga «Paxtakor» bilan OChL o‘yinida va O‘zbekiston olimpiya jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazganida bo‘lgan edim. Ammo men uchun baribir Toshkentga yetadigani yo‘q.
– Sevimli filmingiz?
– Kino tomosha qilishni unchalik yoqtirmayman. Bo‘sh vaqtimda esa futbol tomosha qilishni ma'qul ko‘raman. Fantastik filmlar ham ko‘rib turaman. Masalan, «Marvel». Aktyorlardan Tom Kruz va Jonni Depp.

– Yoqtirgan ovqatingiz? Tabiiyki palov bo‘lsa kerak?
– To‘g‘ri. O‘zbekistonda palovni qo‘y go‘shtidan tayyorlashadi, yana mayiz ham qo‘shiladi. Suzilgan osh ustiga ot go‘shtidan tayyorlanadigan qazi ham qo‘yib berishadi. Bu taomni bodring va pomidordan tayyorlangan salat bilan yesangiz, zo‘r ketadi. Umuman olganda, o‘zbek oilalarida haftaning har payshanba kuni palov tayyorlash an'anasi bor. Belaruslar kartoshkani qanchalik sevishsa, o‘zbeklar palovni shuncha yaxshi ko‘radi.
– Sevimli qo‘shiqchingiz?
– Menga asosan o‘zbek qo‘shiqlari yoqadi. Shohruhxon, Munisa Rizayevalarni eshitaman. Ular ko‘proq sevgi haqida kuylashadi. Shuningdek, arab qo‘shiqchilari yoqadi. Bu yerda kiyinish xonasida Ayk Musaxanyan va afrikalik jamoadoshlarimiz fransuzlar ijrosidagi replarni qo‘yishadi. So‘zlarini tushunmasam ham, ohangi menga yoqadi.
– Sevimli bayramingiz?
– Ular aniq yangi yil yoki tug‘ilgan kun bayramlari emas, musulmonlarning sevimli bayramlari Ramazon va Qurbon hayitlari, shuningdek, bahor ayyomi Navro‘z.
– Sevimli raqamingiz?
– 24. Chunki 24 iyunda tug‘ilganman. Yana 7. Bu yerda 7-raqamda o‘ynayman. Shuningdek, 7, 9, 10 raqamlari yoqadi. O‘zbekistonda 9 va 22-raqamlarda o‘ynaganman.
– Siz uchun ertalab yaxshimi yoki kechki payt?
– Kechki payt. Men uyquchiroqman. «Energetik»ning mashg‘ulotlari ertalab soat 8:30da boshlanadi, unga ertalab uyg‘onib, borishga ko‘nikish kerak bo‘ldi. Yarim yilda o‘rganib qoldim. O‘zbekistonda esa kunduzi havo issiqligi uchun mashg‘ulotlar asosan kechki payt o‘tkaziladi.

– Uyda divanga yonboshlab yotish yoki ko‘cha aylanish?
– Xo‘sh, 50ga 50. Bu mashg‘ulotlarda qanchalik charchaganimga bog‘liq.
– Sevimli faslingiz?
– Shubhasiz, yoz. Bu faslda cho‘milish, quyoshda toblanish mumkin. Shuningdek, yengil kiyimda yurasiz. Aytgancha, yozda O‘zbekistonda havo harorati 50 darajagacha chiqib ketadi.
– Sevimli jamoangiz? Avvalroq «Barselona» degandingiz adashmasam?
– Ha. Men bu jamoaga uni Gvardiola boshqargandan beri muxlislik qilaman. Aynan Gvardiola «Barselona»ni yuqori cho‘qqiga ko‘tara oldi. Messi ham uning qo‘l ostida dunyoning eng zo‘r futbolchisi darajasiga chiqdi.
– Messi yoqtirgan o‘yinchingizmi?
– Ha, shunday. Shuningdek, «Manchester Siti» o‘yinchisi Riyad Mahrez hamda «Borussiya» Dortmunddagi Sancholarning o‘yini yoqadi.
– Sport olamida qaysi sportchilar yoqadi?
– Muhammad Ali. U insoniylik jihatdan barchaga o‘rnak bo‘ladigan inson. Uning so‘zlari va amallari ko‘pchilikning Islomni tanlashiga sabab bo‘lgan.

– Qaysi milliy jamoani yoqtirasiz?
– Ispaniya. Bu jamoa oxirgi vaqtlarda o‘z saviyasida o‘ynay olmayapti. Ispaniyani yoqtirishimga Xavi va Inestalar sababchi bo‘lishgan. O‘shanda ispanlar Yevropa chempioni bo‘lishgan edi. Germaniya milliy jamoasining o‘yinlari ham yoqadi. Nemislarda intizom yuqori.
– Sizda eng yaxshi taassurot qoldirgan stadion?
– Qatardagi «As Saad» klubi stadioni. Qatar juda issiq mintaqada joylashganini barcha biladi. Ko‘chadagi namlik yuqori bo‘lgan issiq havoda nafas olish qiyin, ammo stadionda sovutkichlar o‘rnatib chiqishgan. Hatto oyoq ostigacha. Stadionga kirgandan kishiga xush yoquvchi salqin havo gup etib uriladi. Hatto maykada sovqotib qolasiz. Stadionning sig‘imi katta emas. Unga 15 ming atrofida muxlis sig‘adi. Stadionda zo‘r sharoit qilib qo‘yilganiga qaramay, qatarliklar futbol o‘yinlariga ko‘p ham boraverishmaydi. Bu jihatdan eng zo‘r stadionlar Belarusda. Ehtimol, Minskdagi «Dinamo» va «Borisov-Arena» stadionlari.
Mavzuga oid
20:56 / 09.07.2020
Belarusning «Shaxtyor» klubi Yaxshiboyev transferini e'lon qildi
17:16 / 08.07.2020
Jasurbek Yaxshiboyev Belarusning boshqa klubiga o‘tdi
21:35 / 19.05.2020
Yaxshiboyevga Polsha klubi qiziqish bildirdi
11:10 / 13.05.2020