22 yoshli futbolchi Belarus chempionatining dastlabki 8 turida 6ta gol urdi (3tasi penaltidan) va to‘purarlar bahsida peshqadamlar safida bormoqda. Hozircha u mavsumning kashfiyotlaridan biri bo‘lib turibdi. O‘tgan mavsumda autsayderlar safida borgan «Energetik-BGU» esa joriy chempionatda yuqori pog‘onalar uchun kurashmoqda. Qayd qilish joizki, jamoa tarkibida o‘zbekistonlik yana bir futbolchi Shohruh Umarov ham to‘p tepyapti.

— Jasurbek, nega ba'zilar rus tilini yaxshi tushunmasligingizni aytishadi?

— Rus tilini juda yaxshi tushunaman. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini ham yaxshi anglayman, muammo yo‘q. Ammo atrofimda odamlar ko‘p bo‘lsa, biroz hayajonlanaman, gapirishga qiynalaman.

— Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

— Ko‘chaga ko‘p chiqmayman, uyda o‘tiraman. Ba'zan jamoadoshlarimdan «Play Station»ni olib turaman. Filmlarni yoki futbolni tomosha qilaman. Hozir o‘tmishdagi o‘yinlar namoyish etilmoqda. «Barselona» va «Arsenal» menga yoqadi. O‘z pozitsiyamdagi futbolchilar qanday harakatlanishini kuzataman.

— Siz sof hujumchi emassiz, to‘g‘rimi?

— Ha, Anatoliy Ivanovich Yurevich meni ko‘rikdan o‘tkazib, hujum chizig‘iga yo‘naltirdi. Belarusga kelgunimga qadar o‘ng qanot yarimhimoyachisi edim. Menga fransiyalik Hotam ben Arfa yoqadi, zo‘r dribling egasi. Hozir hujum chizig‘iga o‘tganimdan so‘ng, Messini kuzatyapman. U yarimhimoyachi ham, hujumchi ham emas, erkin ijodkor. To‘p uchun maydon markaziga yuguradi. Mendan ham shu tarzda o‘ynashni talab qilishmoqda – to‘pni qabul qilish uchun ochilishim, orqadan hujum qilishim lozim.

— Chinozda tug‘ilgansiz, u qanday shahar?

— Uni baliqchilar shahri deb atashadi. 5 kilometr uzoqlikda Sirdaryo joylashgan. Chinozda hammaga mashhur baliq bozori bor. Narxi? Kilogrammiga 1,5 dollar atrofida. Baliqlarning turi ko‘p: laqqa, sazan, cho‘rtan, sudak... Uzunligi mendek keladigan laqqalar bor. Bozor yaqinida ko‘plab kafelar bor, baliqni qovurib berishadi. Juda mazali!

— Ramazon ro‘zasini tutdingizmi?