O‘zbekiston | 11:06 / 11.12.2019
140727
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mashinaga egalik qilish uchun yig‘im joriy etiladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan yo‘l infratuzilmasi sifatini rivojlantirish va yaxshilashda, mintaqaviy avtomobil yo‘llari tarmog‘ini va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqlari hamda javobgarligini yanada kengaytirish maqsadida shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari avtomobilga yonilg‘i va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste'molchilarga realizatsiya qilishda yoqilg‘i birligi uchun 25 so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirishga maxsus yig‘im joriy etishga haqli;

tumanlar (shaharlar) xalq deputatlari Kengashlari transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yig‘im joriy etishga haqli.

Belgilanishicha, ko‘rsatib o‘tilgan yig‘imlar keng jamoatchilik muhokamalari asosida, muayyan ma'muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olib va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda kiritiladi.

Shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

yo‘l harakatini tartibga solish, mavjud yo‘l-transport infratuzilmasidan oqilona foydalanish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari mas'uliyatini oshirish maqsadida avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lov belgilashga haqli;

transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkalari miqdorlarini, shuningdek, yig‘imning bazaviy stavkasiga transport vositasi dvigateli quvvatidan kelib chiqqan holda toifalanadigan qo‘shimcha koeffitsiyentlarni belgilaydi.

Quyidagilar:

loyihalash, yo‘l-qurilish ishlarini, shuningdek, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta'mirlash hamda ekspluatatsiya ishlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni to‘plash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi;

shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarida, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarida (mintaqaviy yo‘llar) loyihalash, yo‘l-qurilish, ta'mirlash va ekspluatatsiya ishlarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larni to‘plash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bosh moliya boshqarmalari huzurida avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalari tashkil etiladi.

Mavzuga oid