O‘zbekiston | 19:46 / 21.08.2019
14673
4 daqiqa o‘qiladi

Chipta sotilishi tizimidagi o‘zgarishlar va chora-tadbirlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5781 Farmoni ijrosini ta'minlash va mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi bayrami nishonlanishi munosabati bilan «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ bosh direktori Jahongir Nurmuhamedov bayonot berdi.

Jahongir Nurmuhamedov «E-ticket» onlayn chipta rasmiylashtirishning yo‘lovchi va guruhli tashuvchilarga foydalanish uchun qulay hamda shaffof tizimini joriy yilning 1 sentyabriga qadar ishga tushirish ishlari amalga oshirilayotganini hamda ushbu tizim ayni kunlarda test rejimida ishlatilayotganini aytib o‘tdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birgalikda mamlakatimiz va qo‘shni davlatlar shaharlari o‘rtasida transport aloqalarini ta'minlash bo‘yicha rejalar ishlab chiqilayotgani va belgilangan muddatga qadar taqdim etilishini ta'kidladi.

U mustaqillik bayramining 28 yilligi nishonlanishi munosabati bilan chipta xarid qilish tizimidagi bir qator muammolarga to‘xtalib, birinchisi yuqori tezlikda harakatlanadigan «Afrosiyob» poyezdiga chiptalar tanqisligi va uning yechimi sifatida qator ishlar amalga oshirilganini aytib o‘tdi. Jumladan, bayram kunlarida qo‘shimcha ravishda Toshkent-Samarqand yo‘nalishida 12ta «Afrosiyob» poyezdi qatnovi hamda Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishida 4ta yo‘lovchi poyezdi qatnovi joriy etilgan. Hozirgi kunda qo‘shimcha 2ta yuqori tezlikda harakatlanadigan «Afrosiyob» elektropoyezdi va qo‘shimcha 4ta ekonom klassdagi vagon Ispaniyadan xarid qilindi va 2020 yil oxirida mamlakatimizga olib kelinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, joriy yil oxirigacha qo‘shimcha ravishda 52ta yangi yo‘lovchi vagon xarid qilish rejalashtirilgan, mavjudlari esa modernizatsiya qilinmoqda.

«Yangi zamonaviy yo‘lovchi poyezdlari xarid qilish maqsadida Shveytsariya, Koreya Respublikasi, Xitoy va Rossiya davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Albatta, bu sa'y-harakatlar yo‘lovchilarga qulay va sifatli transport xizmati ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Chiptaxonalardagi tirbandliklarga to‘xtalib o‘tsak, Toshkent-Markaziy va Toshkent-Janubiy vokzallari chiptaxonalariga elektron navbat tizimini joriy etdik va bu o‘z natijasini ko‘rsatdi. Kelajakda respublikamiz hududlaridagi barcha vokzallardagi chiptaxonalarga ana shunday uskunalar o‘rnatilishini rejalashtirganmiz.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poyezdiga chiptalar turistik kompaniyalarga tez va qulay rasmiylashtirilishi uchun Toshkent-Markaziy vokzalida alohida maxsus kassa tashkil etildi. Mazkur kassa har kuni faoliyat ko‘rsatadi. Chiptalarni oldindan bron qilishga talabnomalar o‘z vaqtida o‘rganib chiqilib, poyezdlardagi joylarni teng taqsimlash ishlari olib borilmoqda.

Yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan hamda temir yo‘l chiptaxonalarida fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqarmasi xodimlaridan tashkil topgan maxsus ishchi guruhi mavjud bo‘lib, ushbu ishchi guruh tomonidan doimiy ravishda tekshiruvlar olib borilib, natijalari bo‘yicha kamchiliklar joyida bartaraf etilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jamiyatimiz tomonidan bayram kunlarida qo‘shimcha qilib «Ishonch telefoni»ni joriy etdik. Telefon raqami: (71)299-71-66. Tizimdagi mavjud joy tanqisligini ya'ni aynan yuqori tezlikda harakatlanadigan «Afrosiyob» elektrpoyezdlarini nazarda tutadigan bo‘lsak, bu masalani yechimiga tizimli yondashuv kerak bo‘ladi», deyiladi «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ matbuot xizmati tomonidan Kun.uz tahririyatiga taqdim etilgan bayonotda.

Mavzuga oid