Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Islomiy moliyada nazorat: “o‘tlab ketmaslik” uchun qanday vositalar bor?
Jahon bo‘yicha islomiy moliya aktivlari hajmi taxminan 5 trln dollar. O‘zbekistonda bu instrumentlarni joriy etish bo‘yicha izchil qadamlar qo‘yilmoqda. Biroq soha to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi uchun uni kim nazorat qiladi, degan savol o‘rtaga chiqadi. Kun.uz kolumnisti Iskandar Tursunov mazkur institutning muhim asoslaridan biri – Shariat kengashi nima ekanini tushuntiradi.
Nega bu haqda gapiryapmiz?
Islomiy moliya – o‘ziga xos moliya. U faqatgina qat’iy mezon, qoida va talablarga rioya qilinganda haqiqiy islomiy moliya bo‘ladi.
“Islomiy moliya” deb e’lon qilib, uning qat’iy tamoyillarga xilof ish tutilsa, maqsad buziladi, samarasi havoga uchadi.
Shu bois islomiy banklar va darchalar faoliyati kim tomonidan va qanday nazorat qilinishi mavzusini bilishimiz – dolzarb.
Islomiy moliya instrumentlari iste’molchisi – qadriyatlari bilan farqlanib turadigan iste’molchi. Uning uchun iqtisodiy faoliyatdan “qancha” daromad topishdan ko‘ra, “qanday” daromad topish masalasi ustunroq. Shu sabab Islom moliyasi doirasida olib boriladigan faoliyat ustidan kim va qanday nazorat qilishi masalasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shariat kengashi
Islom moliyasi institutining asosiy ustunlaridan biri – “Shariat kengashi” va “Markaziy Shariat kengashi” degan instrumentlar. Bu kengashlar nima va ularning vazifasi nimadan iborat? Bu masalada qisqa va lo‘nda tasavvurga ega bo‘lish moliyaviy qarorlarni ongli qabul qilishga yordam beradi.
Islomiy moliyada ishonch – hal qiluvchi omil. Ishonchga putur yetmasligi uchun bank yoki moliyaviy tashkilot mahsulotlari va xizmatlari, shuningdek, shartnomalarining Shariat qoidalariga mosligi Shariat kengashi tomonidan baholanadi, fatvo/qaror bilan tasdiqlanadi va muntazam nazorat qilinadi. Shu tariqa, halollikka doir savollarga tizimli javob beriladi.
Shariat kengashining mohiyati va asosiy maqsadi
Shariat kengashi – Islom tijorat huquqi, ya’ni Fiqh al-Muomalot bo‘yicha yetuk ulamolardan, zaruratga qarab esa huquq, moliya, buxgalteriya va iqtisod sohalaridagi mutaxassislardan tuzilgan mustaqil hay’atdir.
Bu hay’atdan asosiy maqsad – bank yoki moliyaviy tashkilot mahsulotlari, shartnomalari va ichki boshqaruv tartibini Shariat qoidalariga to‘liq mos holda yo‘lga qo‘yish, ularni muntazam tekshirish hamda doimiy nazorat qilish. Amalda bu shundan dalolat beradiki, har qanday yangi mahsulotni ishga tushirishdan oldin u ilmiy-amaliy baholanadi, amaliyot davomida esa uning Shariatga muvofiqligi uzluksiz kuzatib boriladi.
Kengash shu yo‘lda fatvo va qarorlar chiqaradi, yil yakunida esa Shariatga muvofiqlikni ko‘rib chiqadi: audit xulosasini beradi. Bunday qaror va fatvolar mazkur bank yoki moliyaviy tashkilot uchun, institutning ichki hujjatlari va amaldagi mahalliy me’yorlarga muvofiq majburiy kuchga ega bo‘lib, u yoki bu masaladagi noaniqliklarning oldini oladi.
Shariatga muvofiq boshqaruv tizimi to‘rt xalqadan iborat:
1. Fatvo va qaror qabul qilish
Mahsulot va shartnomalar bo‘yicha shariat qarorlari (fatvo/qaror xati) chiqariladi.
2. Yetkazish va amaliyotga joriy etish
Qaror va talablar barcha bank yoki moliyaviy tashkilot xodimlariga yozma tarzda yetkaziladi, tegishli tartiblar va o‘quv-treninglar orqali amaliyotga joriy etiladi.
3. Yil davomidagi ichki shariatga muvofiqlikni ko‘rib chiqish
Ichki shariatga muvofiqlik bo‘limi (yoki shariat kotibiyati) yil davomida mahsulotlar va shartnomalarni tekshiradi, namunaviy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqadi, kamchiliklar bo‘yicha tuzatish rejasini tayyorlaydi va ijrosini nazorat qiladi.
4. Yil yakunidagi mustaqil shariatga muvofiqlikni ko‘rib chiqish (audit)
Mustaqil (ichki yoki tashqi) shariat auditi shariat kengashidan alohida tartibda o‘tkaziladi; u yillik natijalarni tekshirib, yillik shariatga muvofiqlik hisobotini tasdiqlaydi va keyingi yil uchun aniq tavsiyalar beradi.
Mazkur tizim to‘laqonli ishlasa, mahsulot va shartnomalarda xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi, mavjud xatarlar esa o‘z vaqtida bartaraf etiladi.
Ikki pog‘onali yondashuv va markazlashuvning ahamiyati
Islomiy moliya rivojlangan mamlakatlarda ikki pog‘onali yondashuv keng qo‘llanadi: bank yoki moliyaviy tashkilotning o‘zi huzuridagi Shariat kengashi kundalik amaliyotni nazorat qiladi, markaziy darajadagi Shariat kengashi esa butun tarmoq uchun yagona qoidalar va umumiy fatvolarni belgilab boradi.
Qisqacha farq: Markaziy Shariat kengashi — qoidalar va umumiy fatvolarni belgilaydi, idora ichidagi Shariat kengashi esa har bir mahsulot va jarayonni qo‘llashdagi amaliy nazoratni ta’minlaydi. Markazlashgan yondashuvning ahamiyati shundaki, u bozordagi turli sub’yektlar faoliyatini uyg‘unlashtiradi, fatvolar o‘rtasidagi ehtimoliy tafovutlarni qisqartiradi va mijozlar hamda investorlar ishonchini mustahkamlaydi.
Shu bois Malayziya, Indoneziya va Bruney tajribasida regulyator huzurida maslahat organlari faoliyat yuritadi, markaziy fatvolar e’lon qilinadi va bank yoki moliyaviy tashkilotlar huzuridagi hay’atlar ham shu umumiy qoidalarga tayanadi. Bruneyda, masalan, islomiy moliyaviy tashkilotlar kamida uch nafar ulamodan iborat maslahat organiga ega bo‘lishi shart qilib belgilangan. Indoneziyada esa fatvo organi bilan birga bank ichidagi nazorat ham aniq tartibga solingan va yillik hisobotlarda muvofiqlik hamda auditga oid ma’lumotlar tartibga soluvchi talablarga muvofiq ochiq bayon etiladi.
Tarkib va tayinlash: samaraning asosiy omillari
1. Tarkib va yetakchilik
Shariat kengashining samarasi, avvalo, uning tarkibi va mustaqilligiga bog‘liq. Amalda ulamolar ko‘pchilikni tashkil etishi lozim. Rais va o‘rinbosar, odatda, Muomalot fiqhi bo‘yicha oliy ma’lumotli, tajribali va nufuzli ulamolar orasidan saylanadi. Huquqshunos, moliyachi, buxgalter va iqtisodchilar kabi ekspertlar esa amaliyot yoki akademik faoliyatda shakllangan tajribasi bilan kengash ishiga amaliy hissa qo‘shadi.
2. A’zolar soniga oid tavsiya
A’zolar soni universal raqam emas; u mahalliy me’yorlar, faoliyat ko‘lami va mahsulotlar turiga ko‘ra belgilanadi. Amalda keng qo‘llanadigan yondashuvga ko‘ra, to‘liq islomiy institutlar uchun kamida 5 a’zodan iborat tarkib keng qo‘llanadi. Bank, takaful, investitsiya kabi bir nechta segment qamralganda esa mutaxassislikni to‘liq yoritish maqsadida 7 yoki undan ortiq a’zo tavsiya etiladi.
3. Tayinlash, muddat, rotatsiya va oshkoralik
Tayinlash tartibi shaffof bo‘lishi, ish muddati odatda 3–5 yil davom etishi, aylanma tartib (rotatsiya) va o‘z-o‘zini baholash amaliyoti joriy qilinishi maqsadga muvofiq. Maosh masalasi barcha a’zolar uchun teng asosda belgilanib, raislik yoki ilmiy tadqiqot kabi qo‘shimcha mehnat uchun alohida to‘lov ko‘zda tutilishi mumkin; bu boradagi umumiy axborot oshkora e’lon qilishi jamoatchilik ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Mustaqillik va mas’uliyat
Mustaqillik – aql-idrokning xolis holati. A’zo har qanday tashqi ta’sirdan xoli bo‘lib, dalil va qoidalarga tayanib adolatli qaror chiqara olishi shart. Manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlardan ehtiyotkorlik bilan qochish talab etiladi; ushbu tamoyil tayinlov hujjatlarida aniq ifoda etadi.
Kamyob hollarda qo‘pol qoidabuzarlik yoki uzrsiz holda yig‘ilishlarda doimiy qatnashmaslikka yo‘l qo‘yilsa, a’zolikdan ozod etish mumkin. Bunday hollarda qaror faqat adolat mezonlari asosida, a’zoning eshitilish huquqiga to‘liq rioya etilganidan so‘ng qabul qilinadi.
“Oldindan” va “keyindan” ko‘rib chiqish: uzluksiz nazorat
Shariat nazoratida “oldindan” va “keyindan” ko‘rib chiqishlar biri-biriga bog‘liq uzluksiz jarayondir: mahsulot ishga tushishidan oldin ilmiy va amaliyot nuqtai nazaridan baholanadi, joriy etilgandan so‘ng esa nazariy talablar amaliy hayotda qay darajada ta’minlanayotgani muntazam tekshiriladi. Yil oxirida o‘tkaziladigan Shariatga muvofiqlik ko‘rib chiqishi (audit) esa ichki nazorat natijalarini mustaqil tarzda tasdiqlab, bank yoki moliyaviy tashkilot oldida aniq vazifalar belgilab beradi. Bunda ichki va tashqi audit ishlarining Shariat nazorati bilan uyg‘unlashgani muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilmiy dalillar: sifat – hal qiluvchi omil
Ayrim tadqiqotlarda ko‘rsatilishicha, ulamolar o‘rtasida yuqori ilmiy va amaliy malaka darajalar ulushi ortishi qaror qabul qilishdagi puxtalikni oshiradi, ortiqcha xavfga moyillikni pasaytiradi. Umumiy manzarada malaka, xolislik va o‘z vaqtidagi ishtirok eng katta ta’sirga ega ekani qayd etiladi.
Amaliy qadamlar (umumiy tavsiyalar)
Islomiy bank xizmatlarini joriy etishda ikki darajali tizimni bir vaqtning o‘zida va bosqichma-bosqich qurish maqsadga muvofiq: markaziy Shariat kengashi butun tarmoq uchun yagona qoida va fatvolarni shakllantiradi, bank yoki moliyaviy tashkilotlar huzuridagi Shariat kengashlari esa kundalik amaliyotda Shariatga muvofiqlikni ta’minlaydi. Bu ikki halqa bir-birini to‘ldirsa, bozorda uyg‘unlik, mijozlarda ishonch, bank yoki moliyaviy tashkilotlarda mas’uliyat va shaffoflik ortadi.
Shu bilan birga, tayinlash, ish muddati va manfaatlar to‘qnashuvini cheklash qoidalarini aniq yozish, hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda Shariat qarorlarining qisqa asoslarini (izoh va mantig‘ini) ommaga e’lon qilib borish jamoatchilik ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Yakuniy so‘z
Shariat kengashi – moliyaviy hayotdagi halollik va adolat mezonlarini amaliyotga tatbiq etuvchi asosiy institut. Markaziy darajada u butun tarmoqqa yagona manzara va barqaror qoidalar berar ekan, bank yoki moliyaviy tashkilot ichidagi hay’at har bir shartnoma va xizmatda shariat talablarini hayotga singdiradi. Sifatli tarkib, xolislik, oshkoralik va uzluksiz nazorat – tizimning to‘rt tayanchi. Shular bor joyda bozorda ishonch ortadi, mijoz ham, bank yoki moliyaviy tashkilot ham yutadi.
Iskandar Tursunov,
Islomiy moliya eksperti,
Al Muamalat Consulting direktori
Mavzuga oid
19:11 / 19.09.2025
Islom moliyasi bo‘yicha 20-xalqaro forum Toshkentda bo‘lib o‘tdi
15:20 / 17.04.2025
Islomiy investitsiyalar potensiali – 4 trillion dollar. Unga ochilish uchun esa bizda ekotizim yo‘q - mutaxassislar
19:17 / 08.01.2025
Islom moliyasi – “yostiq ostidagi” pullarni iqtisodiyotga chiqaradi
12:38 / 20.12.2024