O‘zbekiston | 10:53 / 19.12.2025
4961
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Green Card dasturini vaqtincha to‘xtatib turadi

Bunga Braun universitetida otishma uyushtirishda gumonlanayotgan shaxs mamlakatga ushbu dastur orqali kirib kelgani sabab bo‘lmoqda.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Green Card lotereya dasturini to‘xtatib turish bo‘yicha buyruq berdi. AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ma’lum qilishicha, bunga Braun universitetidagi otishmada gumonlanayotgan shaxs mamlakat hududiga aynan shu dastur orqali kirib kelgani sabab bo‘lgan.

«Braun universitetidagi otishmada ayblangan Klaudio Manuel Nevesh Valente AQShga 2017 yilda DV1 (Diversity Lottery – viza lotereyasi) orqali kirib kelgan va unga Green Card berilgan. Bunday jirkanch kimsaning mamlakatimizga kirishiga hech qachon yo‘l qo‘yilmasligi kerak edi», – deb yozdi u.

Vazir prezident Tramp 2017 yilda ham ushbu dasturni tugatish uchun kurashgani, o‘shanda Nyu Yorkda yuk mashinasida odamlarni bosib ketib, sakkiz kishini o‘ldirgan IShID terrorchisi ham AQShga aynan DV1 dasturi orqali kirgan bo‘lganini eslatgan.

«Prezident Trampning topshirig‘iga binoan, men ushbu halokatli dastur tufayli boshqa amerikaliklarga zarar yetmasligini ta’minlash uchun AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlariga DV1 dasturini zudlik bilan to‘xtatishni buyuryapman», – degan Noem xonim.

13 dekabr kuni AQShning Rod-Aylend shtati Providens shahrida joylashgan Braun universitetida otishma oqibatida ikki talaba halok bo‘lgan va to‘qqiz kishi yaralangandi, qurbonlar orasida o‘zbekistonlik talaba MuhammadAziz Umurzoqov ham bor edi.

Hukumat bu qotillikda va keyinroq Massachusets texnologiya instituti professori Nuno Lureyruning o‘ldirilishida portugaliyalik 48 yoshli Klaudio Manuel Nevesh Valenteni asosiy gumondor deb topgan. U payshanba kuni o‘z uyida jonsiz holda topildi, u katta ehtimol bilan o‘z joniga qasd qilgan.

Green Card AQShda 1990 yildan beri chet elliklarga har yili tasodifiy ravishda 50 mingta yashash guvohnomasi tarqatiladigan dastur (Markaziy Amerika mamlakatlari uchun har yili yana besh ming tur ajratiladi). 2025 yil may oyida e’lon qilingan lotereya natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston saralab olingan g‘oliblar bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatida yetakchilik qilgan  5564 kishi. Keyingi o‘rinlarda Jazoir (5526) va Rossiya (5519) qayd etilgan.

2025 yilgi viza lotereyasi uchun qariyb 20 million kishi hujjat topshirgan bo‘lib, g‘oliblarning turmush o‘rtoqlari bilan hisoblaganda 131 mingdan ortiq nomzod tanlab olingan. Tanlovda g‘olib chiqqandan so‘ng, ular AQShga kirish uchun ruxsat olish maqsadida tekshiruvdan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid