Jamiyat | 17:55 / 13.01.2020
75153
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 15 sutkaga qamalganlar qanaqa sharoitda saqlanadi? «Panelniy» hibsxonasidan video

Xalq orasida ko‘proq «Panelniy» nomi bilan tanilgan Toshkentdagi maxsus qabulxonaga press-tur tashkil etildi. Unda OAV xodimlari Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga qarashli qabulxonadagi shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.

1971 yil barpo qilingan maxsus qabulxona 2 marta qayta ta'mirlangan va 2019 yilda to‘liq qaytadan qurib, foydalanishga topshirilgan. Qabulxona ma'muriy binosi 2 qavatdan iborat. Sud qarori bilan 3 sutkadan 15 sutkaga qamalishi belgilangan huquqbuzarlar 3 qavatli binoda saqlanadi. Mazkur bino 150 o‘ringa mo‘ljallangan. Bugungi kunda turli huquqbuzarlikni sodir etgan 80 nafarga yaqin shaxs saqlanmoqda.

Ta'kidlash o‘rinliki, huquqbuzarlar kiyim-kechaklarini yuvishlari uchun mashina mavjud. Ular umumiy oshxonada 3 mahal ovqatlanishlari mumkin. Biroq hojatxonalar qaysi me'yorga asoslanib, mahbuslar dam oladigan, uxlaydigan xona ichkarisiga joylashtirilgani kishida savol uyg‘otadi.

Qabulxona boshlig‘i mayor Alisher Hoshimov so‘zlariga ko‘ra, bu yerda saqlanuvchilar jinoyatchilar emas, balki huquqbuzarlardir. Shunga muvofiq, ular ma'lum bir huquqlarga ega.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jami saqlanayotganlardan 5-6 nafari takror huquqbuzarlik sodir etib kelganlardir. Huquqbuzarlar kun tartibiga qat'iy rioya qilishadi. Shu bilan birga, istaganlarga kutubxona kitoblari ham taqdim etiladi.

Bundan tashqari, sud tomonidan jarima to‘lash belgilangan bo‘lsa, shartnoma qilingan tashkilotlarga ishga yuboriladi. Bu, ko‘p hollarda, tuman obodonlashtirish bo‘limlari bo‘ladi.

Huquqbuzarlardan biri jurnalistlar bilan suhbatlashishga rozi bo‘ldi. O‘zini Ibrohim G‘ofurov deb tanishtirgan fuqaro, aliment kvitansiyalarini sudga taqdim eta olmagani uchun 15 sutkaga qamalganini bildirar ekan, maxsus qabulxonadagi sharoitlar haqida ham gapirdi.

«Men 2014 yildan Rossiyada ishladim. Yaqinda qaytib kelgandim. 2 farzandim bor. Xotinimga 2017 yilgacha pul jo‘natib turganman. Sud shularni ham inobatga olmadi. Yangi yilgacha birga ham edik. Yashayman deyotgandi. Qo‘liga 1 mln pul ham beruvdim. Ammo sudya qo‘ng‘iroq qilganida pul olmaganini aytdi. «Marshrutka» haydayotgandim, ishdan olib ketishdi. Men oxirigacha boraman, bu yerdan chiqqach, advokat olaman», – deydi u.

Mavzuga oid