Iqtisodiyot | 15:54 / 24.10.2024
6461
2 daqiqa o‘qiladi

Import avtomobillar Piskentdagi poligonda sinovdan o‘tkaziladi

Foto: drive2.ru

1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillar bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkaziladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Odiljon Tohirov “Renessans” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“1 noyabrdan biz insonlarning hayoti xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilar huquqini himoya qilish maqsadida avtotransport vositalarining sinovini bojxona hududida emas, balki sinov bazasi, ya’ni Piskent poligoniga olib borib, o‘sha yerda o‘tkazamiz. Asosiy xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish ta’minlanadi.

Biz o‘tkazayotgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi. Buning uchun BMTning transport sohasiga oid qoidalarini amaliyotga kiritamiz. Ushbu qoidalar asosida sinovlarni o‘tkazish faqatgina xalqaro ISO tashkilotining standartlari va Yevropa direktivalari asosida amalga oshiriladi. Har bir transport vositasini tekshirish yoki ularga turini ma’qullash hujjatini rasmiylashtirish orqali rasmiy dilerlar tomonidan sotuv qo‘yga qo‘yilsa, xavfsizlik ham ta’minlanadi, iste’molchilarning huquqi ham himoya qilinadi”, – dedi Odiljon Tohirov.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi davomida benzinda harakatlanadigan avtomobillar importi 28 foizga kamaygan. 2023 yil yanvar-senyatbr oylarida 26 246 ta shunday avtomobil import qilingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga solishtirganda 10 252 taga kam.

O‘z navbatida, gibrid yengil avtomobillar importi 49 foizga (7650 tadan 11 425 taga), elektrda harakatlanuvchi yengil avtomobillar importi 48 foizga (10 917 tadan 16 209 taga) ortgan.

Umuman, yanvar-sentabr oylarida yengil avtomobillar importi sur’ati deyarli o‘zgarishsiz qolgan. O‘tgan yilning shu davrida 54 287 ta yengil avtomobil import qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 55 520 tani (–2,3 foiz) tashkil etmoqda.

Mavzuga oid