Jamiyat | 21:39 / 22.04.2018
46508
3 daqiqa o‘qiladi

«​Xalq dardini joyladim dilga»​. Adib Shukrullo bilan eksklyuziv suhbat 

Vujudimni tilib tilka-tilka,

Ayla, vijdonimni sotmayman,

Xalq dardini joyladim dilga,

O‘lay, o‘limdan ham qaytmayman.

Ushbu to‘rtlik muallifi 1938 yili mana shu satrlarni oqqa tushirgan bo‘lsa, oradan 11 yil o‘tib, aynan shu so‘zlari uchun sovuq Sibir o‘lkasiga surgun qilindi.

25 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan shoir haqiqatning yuzini yashirmadi, taqdiriga tan berib, uzoq o‘lkalarda rizq-nasibasini topib kun kechirdi. Bu inson 96 yoshni qarshilagan O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri Shukrullodir.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Taniqli islohotchi, O‘zbekistonning birinchi zamonaviy advokati Ubaydulla Xo‘jayevning jiyani bo‘lmish Shukrullo Yusupov 1921 yilning 2 sentyabrida Toshkent shahrida tavallud topgan. U ziyolilar oilasida o‘sib ulg‘aydi. Shoirning ijodi va hayoti, kechinmalari barchani qiziqtiradi.

Adibning aytishicha, uning otasi Yusufxo‘ja qori mahallasida ancha hurmatga ega, diniy ilmi bilan davralarda e'zozlangan inson edi. Yusufxo‘ja qori o‘sha davrda emchi (turli kasalliklardan emlash) bo‘lib, temiryo‘lchilar bilan birga ishlagan. Onasi esa mahalladagi bolalarga saboq bergan.

«Mahallada Qosimboy ismli badavlat kishi bo‘lardi. Onam o‘sha kishining tashqarisini (hovlining old ayvon qismi - tahr.) olib, mahalla bolalariga diniy bilim berardi», deb eslaydi Shukrullo.

U Maqsud Shayxzoda, G‘afur G‘ulom, Odil Yoqubov, Oybek kabi XX asr adabiyotining zabardast namoyondalari bilan zamondosh bo‘lgan, ular bilan ulfat tutingan. Shukrullo so‘z orasida Usmon Nosirni sobiq Pushkin bog‘ida ko‘rganini eslaydi.

«Bir kuni maktabdan qaytayotsam, odamlar Usmon Nosirni o‘rab olib, uni tinglashayotgan ekan. Yaqinlashib, men ham uning ijodidan bahra oldim. Buni qarang, kecha ham tushimda uni ko‘rdim. Bechora, Usmon Nosir ichidagi dardini aytolmay kimsasiz joylarda o‘lib ketdi», deb xotirlaydi u.

Shoir suhbat chog‘ida unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tarixi, Sibirga surgun bo‘lishi, undan keyingi hayoti haqida ham so‘zlab berdi. O‘zi bilan zamondosh bo‘lgan davlat arboblari, xususan Sharof Rashidov haqida xotirladi.

Suhbatni to‘liq holda ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid