Jamiyat | 16:36 / 22.05.2024
7472
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda talaba halok bo‘ldi

Uni Samarqand shahrida poyga uyushtirgan mashinalardan biri urib ketgani aytilmoqda

Samarqandda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti talabasi Davron Elmurodov halok bo‘lgan.

Talabaning vafot etgani haqida Yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati kengashi xabar bermoqda. Hodisadan xabardorlar xabar ostida uning YTH qurboni bo‘lganini yozib qoldirishgan.

Davron to‘rtinchi bosqichda o‘qish bilan birga universitetning yoshlar ittifoqi pedagogik ta’lim yo‘nalishi koordinatori vazifasida ishlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, talaba yigitni poyga uyushtirgan mashinalardan biri urib yuborgan.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining Kun.uz‘ga ma’lum qilishicha, hodisa 2024 yil 21 may kuni soat 23:30 larda Samarqand shahridagi Talabalar xiyoboni ko‘chasida sodir bo‘lgan.

"Nexia-2" mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan talabani urib yuborgan. Oqibatda talaba shifoxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand shahrida ko‘cha poygalari o‘tkazilishi avvalroq Kun.uz’da berilgan maqolada tilga olingandi. O‘shanda viloyat IIB YHXB axborot xizmati maqolada tilga olingan muammo bo‘yicha munosabat bildirib, ko‘cha poygalarini aniqlash bo‘yicha maxsus reyd guruhlari tuzilishini ma’lum qilgandi. O‘shandan buyon oradan ikki yildan oshiq vaqt o‘tdi. Biroq Samarqand shahrida ko‘cha poygalari hanuz davom etyapti.

Mavzuga oid