Jahon | 22:58 / 13.08.2020
10089
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonning Serbiyadagi elchisi hibsga olindi 

Ozarboyjonning Serbiya, Chernogoriya hamda Bosniya va Gersegovinadagi elchisi Eldar Gasanov Serbiya poytaxti Belgradda hisbga olindi. U budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va sarflab yuborishda gumon qilinmoqda, deb xabar berilgan Ozarboyjon davlat xavfsizlik xizmatida.

Eldar Gasanov /Foto: trend.az

“Ozarboyjon elchisi Eldar Gasanov ushlandi. U yirik miqdordagi budjet mablag‘larini maqsadga nomuvofiq sarflashda, pul o‘zlashtirishda va boshqa qoidabuzarliklarda ayblanmoqda”, deb ma'lum qilingan davlat xavfsizlik xizmatida.

Gasanovning qoidabuzarliklari Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish vaqtida aniqlangan. Ayni vaqtda tezkor-tergov ishlari olib borilmoqda, jamoatchilikka qo‘shimcha axborot beriladi. Tergov davlat xavfsizlik xizmati tashqi ishlar vazirligining bir necha amaldorlarini o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilishda, davlat manfaatlariga zid harakatlar sodir etishda hamda korrupsiyada gumon qilgani bilan bog‘langan. Ushbu ish bo‘yicha Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi tender komissiyasi rahbari Farhod Mullazoda, xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Salim Alizoda va konsullik boshqarmasi huquqiy-konsullik bo‘limi boshlig‘i Nurposhsha Abdullayev hibsga olingan. 

Iyul oyida esa Ozarboyjonning Turkiyadagi sobiq elchisi, tashqi ishlar vazirligi konsullik boshqarmasi boshlig‘i Faig Bagirov hibsga olingandi. U budjet mablag‘larini xarjlab yuborish, xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilish va poraxo‘rlikda ayblangan. 

 

Mavzuga oid