Iqtisodiyot | 11:08 / 19.12.2025
6057
3 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorovda neft-gaz bo‘yicha o‘rinbosar paydo bo‘ldi

Energetika sohasida yana bir tayinlov ro‘y berdi. Soha boshqaruvini kuchaytirish maqsadida, iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, unga Xurshid Mustafoyev tayinlandi. U 2020 yildan buyon tarif siyosatiga mas’ul lavozimda ishlab kelgan, 2024 yilda boshlangan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflaridagi o‘zgarishlardan keyin vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgandi.

Xurshid Mustafoyev / Foto: Moliya vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidentining topshirig‘i bilan, energetika sohasidagi boshqaruvni kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi.

Bu lavozimga Mustafoyev Xurshid Baxtiyorovich tayinlandi. U bunga qadar ham iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi (uning karerasi haqida ma’lumot xabar so‘nggida keltirib o‘tilmoqda).

Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, yangi lavozimning joriy etilishi – energetikada “tizimli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi”.

Foto: "O‘zbekneftgaz" matbuot xizmati

Qo‘chqorov bu haqda 18 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi. Bu yig‘ilishda kompaniya raisi lavozimiga tayinlangan Abdug‘ani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va soha oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Sanginov bungacha “O‘zbekgidroenergo” AJni boshqarib kelayotgan edi. U yangi lavozimida Bahodir Siddiqovning o‘rnini egalladi. Ushbu kadr o‘zgarishlari O‘zbekiston prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili Alisher Sultonovning iste’fosi fonida ro‘y berdi.

Xurshid Mustafoyev haqida

1981 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek. 2002 yilda Toshkent moliya instituti, 2009 yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi, 2014 yilda Ritsumeykan universitetini (Yaponiya) tamomlagan.

2015 yildan boshlab Moliya vazirligi Sanoatning bazaviy tarmoqlari va yoqilg‘i-energetika majmuyi moliyasi boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik, Moliya vazirligi Tarif siyosati va davlat korxonalarini isloh qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, so‘ngra birinchi o‘rinbosari lavozimlarini egallagan, 2020 yil noyabr oyida ushbu boshqarma boshlig‘i etib tayinlangan.

Xurshid Mustafoyev tarif siyosatiga mas’ul bo‘lgan davrda – 2024 yil 1 mayida elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini erkinlashtirish boshlangan edi. U 2024 yil aprel oyidagi chiqishida elektr energiyasining tannarxi qariyb 1000 so‘m, tabiiy gaz tannarxi esa 2000 so‘m ekanini ma’lum qilgandi.

Narxlar oshirilgach, Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining 2024 yil 4 iyuldagi xabarida Xurshid Mustafoyev vazir o‘rinbosari sifatida qayd etilgan.

2025 yil mart oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning “O‘zkimyosanoat” AJ Kuzatuv kengashi raisi lavozimi muddatidan ilgari tugatilib, uning o‘rnini Xurshid Mustafoyev egalladi. Mustafoyev, shuningdek, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekgidroenergo” va OKMK kabi davlat korxonalari kuzatuv kengashining ham a’zosi hisoblanadi.

Mavzuga oid