O‘zbekiston | 20:11 / 28.07.2017
15467
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqda Toshkent davlat texnika universiteti filiali ochiladi

Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq kon-metallurgiya fakulteti o‘rnida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti filiali ochiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 27 iyuldagi poytaxt viloyati ishlab chiqarish-sanoat sohalari uchun muhandis-texnik kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida shu haqda ma'lum qilingan.

Qarorga ko‘ra, Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq kon-metallurgiya fakulteti bakavriatining 1−3-bosqich talabalari Navoiy davlat konchilik instituti yoki TDTUning Olmaliq filialiga o‘tkaziladi.

2017/2018 o‘quv yilida Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq filialiga kirgan talabalar filialning sirtqi bo‘limiga o‘tkaziladi. Filial maxsus sirtqi va kechki bo‘limlarga ega bo‘lib, o‘rta maxsus kasb-hunar ma'lumoti hamda «Olmaliq KMK», «O‘zmetkombinat», «O‘zbekko‘mir», Geologiya va mineral resurslar bo‘yicha davlat qo‘mitasi korxonalari yo‘nalishlarida eng kamida 3 yillik ish tajribasiga ega shaxslar suhbat o‘tkazish yo‘li bilan maqsadli qabulga jalb etiladi.

Sirtqi va kechki ta'lim to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi. Jami bo‘lib 150 kishi — har bir bo‘limga 75 nafardan kishini qabul qilish rejalashtirilgan. Bunda o‘qishni tugatgandan kamida 5 yil davomida ko‘rsatilgan ish joyida majburiy ishlash ko‘zda tutilgan shartnoma imzolanadi.

Qarorda Olmaliqda Rossiyaning Davlat federal avtonom oliy ta'lim muassasasi «MISiS» Milliy tadqiqot texnologiya universiteti» filialini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy komissiya tarkibi ham tasdiqlandi. Uch oy muddat ichida takliflar hukumatga kiritilishi belgilangan.

Mavzuga oid