O‘zbekiston | 21:37 / 05.05.2020
154479
3 daqiqa o‘qiladi

«Qizil»dan o‘tish yo‘q – Prezident karantin bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ma'lum qildi

O‘zbekistonda karantin choralari yumshatiladigan hududlarni belgilash aniq mezonlar asosida baholanadi. Tumanlar va shaharlar «qizil» (yuqori xavfli), «sariq» (o‘rta xavfli) va «yashil» (xavfsiz) hududlarga ajratiladi.

Prezident bugun o‘tkazgan videoselektorda karantin choralari yumshatiladigan hududlarni belgilashda bemorlar soni va davolanish dinamikasidan kelib chiqib baholash lozimligi haqida gapirdi.

Yig‘ilishda karantin choralari yengillashtiriladigan hududlarni belgilash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga har bir tuman  va shaharning karantin darajasini belgilash, joylardagi vaziyat o‘zgarishiga qarab, tezkorlik bilan karantin darajalarini yangilab borish vazifasi qo‘yildi. 23 aprel kuni tasdiqlangan pandemiya davrida vaqtinchalik sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyenik normalarga rioya etish zarurligi ta'kidlandi.

«Barcha viloyat va tuman hokimlari yozib olsin! Endi tuman, shaharlar «qizil» – yuqori xavf, «sariq» – o‘rta xavf va «yashil», ya'ni xavfsiz hududlarga ajratiladi. E'lon yozib qo‘yamiz, «Bu hudud qizil» deb. Butun el bilsin. 

Masalan, «yashil» maqomini olgan hudud o‘zgarsa (kasallik aniqlansa yoki ko‘paysa – tahr.) o‘sha joylardagi mas'ullar qonun oldida javob beradi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Qizil» yoki «yashil» maqomi o‘zgarib borishi joylardagi rahbarlarning shaxsiy mas'uliyati bilan bog‘landi. Qayerdaki karantin qoidalariga amal qilinmasa, sanitariya-epedimiologiya qoidalari buzilsa, o‘sha joyda vaziyat yomonlashishi mumkinligi, bunga yo‘l qo‘yganlar esa qonun oldida javob berishi ta'kidlandi. 

Qoraqalpog‘istondagi ayrim tuman-shaharlar ushbu amaliyotga misol sifatida ko‘rsatildi. Xususan, Mo‘ynoq (9ta) va Qo‘ng‘irotda (10ta) kasallik aniqlangan bo‘lsada, bu hududlar «sariq» hududga kiritiladi. Chunki, kasallik asosan karantin hududlarda aniqlangan bo‘lib, aholi o‘rtasida kuzatilmagan. Nukus shahriga esa (79 kishida virus aniqlangan) «qizil» darajasi beriladi. 

Shavkat Mirziyoyev mas'ullarga qisqa fursatlarda hududlarning karantin darajasini aniqlash bo‘yicha topshiriq berdi. Joylarda vaziyat o‘zgarishiga qarab, karantin darajasi ham o‘zgarib boradi.

Korxonalarda, ayniqsa savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida sanitariya qoidalariga amal qilinishi bo‘yicha ta'sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi ta'kidlandi.

Mavzuga oid