O‘zbekiston | 00:40 / 08.09.2020
8711
2 daqiqa o‘qiladi

900dan ko‘proq o‘zbekistonlik Rostov-Dondan keltiriladi

Foto: Argumenty i fakty

O‘zbekistonning 940 ga yaqin fuqarosi Rostov-Dondan poyezdda Toshkentga keltiriladi.

O‘zbekistonning Rostov-Dondagi bosh konsulligi bosh konsuli Rustam Kurganbayevning ma'lum qilishicha, yaqin orada yana 3 mingga yaqin o‘zbekistonlikni vatanga jo‘natish rejalashtirilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Rostov-Dondagi Pervomaysk temir yo‘l stansiyasi yaqinida migrantlar tomonidan betartib tashkil etilgan chodirli shaharcha suratlari tarqalgan edi.

“Bugun poyezd keladi. Bu yurtdoshlarni olib chiqish uchun kelgan uchinchi poyezddir. Ertaga [8 sentyabrda] u soat 13da Toshkentga jo‘naydi. 940ga yaqin yurtdoshlarni jo‘natishni rejalashtirganmiz”, deb ma'lum qilgan Kurganbayev.

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekistonga qaytayotganlar Janubiy va Shimoliy Kavkaz federal okruglariga mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga kelgan mehnat migrantlaridir. Avvalgi yillarda o‘zbekistonliklar mavsumiy ishlar yakunlangach Rossiyani avtobus yoki mashinalarda tark etishgan, biroq pandemiya ortida kiritilgan cheklovlar tufayli joriy yilda buning iloji bo‘lmagan. 

“Yurtdoshlarni kelishuvga erishilishi va ruxsat olinishiga qarab jo‘natishni rejalashtirmoqdamiz. Vatanga qaytishni istovchilar ko‘p. Hozirda ro‘yxatda qaytishni kutayotgan 3 ming kishi bor”, deb ta'kidlab o‘tgan bosh konsul. Uning aytishicha, O‘zbekistonga 6 ta aviareys va 2 ta poyezd jo‘natilgan.

“Biz bu jarayonni Rostov rahbariyati, ichki ishlar vazirligi, transport politsiyasi, Shimoliy Kavkaz temir yo‘li bilan tashkillashtirmoqdamiz. Barchasi kelishilgan. Hammasi nazoratimiz ostida”, deb qo‘shimcha qilgan Kurganbayev.

Mavzuga oid