Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Xalqning haqidan qo‘lingizni torting, hokim bobo!” - Yakkabog‘ning Qayrag‘ochidan murojaat
Bugun xalqimizda “Tashabbusli budjet” haqida tushuncha va tasavvur deyarli shakllanib bo‘ldi. Ushbu loyihada ishtirok etish, ovoz to‘plash sarguzashtlari va g‘oliblarning qay darajada quvonganiga guvoh bo‘lib kelyapmiz. G‘oliblik haqiqiy bayramga aylanib ketyapti, chunki ko‘p yillik qiyinchiliklar tugab, qaysidir muammoning yechimiga umid bog‘lanmoqda. Biroq g‘olib bo‘lishning o‘zi yetarli emasligini “Yakkabog‘ tajribasi” misolida ko‘rdik.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Qayrag‘och mahallasi ahli 2025 yilda “Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumida g‘olib bo‘lishdi. Ular 4644 ta ovoz to‘plashdi.
Ovoz berish mavsumida bozorlar, aholi gavjum joylarda odamlarimiz ovoz sotib olishadi. O‘tgan-ketganlarga yalinishadi, mahallasi uchun kurashishadi. Demak, qayrag‘ochliklarga 4644 ta ovoz to‘plash qanchalik mashaqqatli mehnat va bu yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 120-130 million so‘mga tushgan.


Nihoyat, mahalla uchun mavjud suv inshootlarini ta’mirlash va qo‘shimcha to‘rtta artezian qazish uchun 1,5 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.
Tumanning bu hududida ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj ancha baland. Davlat tomonidan tortib kelingan toza suv aholiga yetmaydi. Odamlarning aytishicha, bir necha soatlab kutish evaziga ikki-uch satil ichimlik suvi olishga ulgurishadi. Suvga navbatda turganlarning azobi va mashaqqatini ochig‘i, issiqqina kresloda o‘tirib, zarurat bo‘lganda shunchaki, jo‘mrakni burab tashnaligini qondirayotgan qatlam chuqur his qilmasligi mumkin albatta.

Biroq hozirgi kunga kelib, loyiha amalga oshmay qolish ehtimoli paydo bo‘lmoqda.

Yakkabog‘ hokimiyati mas’ullari aholi bilan uchrashib, hudud yerosti suvi ichishga yaroqsiz, degan sovuq xabarni yetkazgan. “Sizlarga artezian qurib berish o‘rniga boshqa narsa qilib beraylik, masalan ko‘chalaringizni asfalt qilib beramiz”, degan taklif bildirilgan.
Qayrag‘ochliklar taklifni rad qilishgan. Odamlar asfaltda, toza va tekis yo‘lda yurishni istashadi albatta, lekin suv bo‘lmaganidan keyin ravon yo‘llar ham unchalik tatimas ekan.

Kun.uz Yakkabog‘ hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elbek Beknayev bilan bog‘landi. Hokim o‘rinbosari yerosti suvi iste’molga yaroqsiz, shu sababli ichimlik suvi o‘rniga aholining taklifini inobatga olib, tomorqasini sug‘orish uchun boshqa loyihani amalga oshirmoqchimiz. Bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha Xalq deputatlari tuman kengashining qarori tayyorlanmoqda, dedi.
Deputatlar ham bu masalani kechiktirib o‘tirishmabdi, 2025 yilning 15 dekabr kuni ushbu loyihani tasdiqlab qo‘ya qolishibdi.


Endi mavzuga yana bir qadam chuqurroq kiramiz. Holatning ajoyibligi shundaki, agar suv quduqlari tomorqa sug‘orishi uchun ajratilgan taqdirda ham aholi o‘sha suvni ichimlik suvi sifatida iste’mol qilaveradi. Oshirib yubordingiz, deyishingiz mumkin albatta, ammo asoslarimiz bor. Chunki shu paytgacha ham mahallada quduqlarni qazishga imkoniyati yetarli bo‘lgan odamlar ekspertiza xulosasi bo‘lmasa ham yerosti suvini iste’mol qilib kelmoqda. O‘lib qolishayotgani yo‘q, kasal bo‘lishayotgandir, ammo hozircha bu yaroqsiz suvdan emas, harqalay qog‘ozlarda shunaqa. Bu holatning salomatlik uchun xavfini hech kim nazorat qilayotgani ham yo‘q aslida.
Shuningdek, mahalladagi 39-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham artezian suvini iste’mol qilmoqda. Qo‘shni Chubron qishlog‘ida esa, e’tibor qiling, davlat qazib bergan artezian suvini ham bog‘cha bolalari iste’mol qilayotgani aytilmoqda. O‘sha hudud suvi bo‘yicha ham xulosa olinganmikan yoki Yakkabog‘ning bog‘cha bolalari terminatordek chidamlimi? Buni o‘zlari kelishib olishar, albatta.
Do‘stlar, hali tugamadi, xulosadan oldin yechim haqida gapirmoqchimiz. Xo‘sh, Yakkabog‘ning bu hududida ichimlik suvi muammosini bartaraf etishning iloji yo‘qmi? Bor, ishonavering, bor ekan. Buni qayerdan bila qoldi, deb o‘ylayapsizmi? Yakkabog‘ hokimiyati ilgari surayotgan o‘sha mash’um xulosadan.
Demak, bunday. Hudud suvi iste’molga yaroqsiz ekanligiga asos sifatida ko‘rsatilayotgan o‘sha xulosa haqida ma’lumot beramiz.
Gidrogeologik xulosani e’tibor bilan o‘qib chiqdik. Unda yerosti suvi mutlaq yaroqsiz, deyilmagan. Yakkabog‘ hokimiyati bu yerda xulosani ham, aholining fikr va ehtiyojini ham inobatga olmagani ma’lum bo‘ldi.





Xulosaga ko‘ra, hududdagi yerosti suvi “Ichimlik suvi” standarti talablariga javob bermaydi. Mineralizatsiya va umumiy qattiqlik darajasi ham ichimlik uchun noqulay. E’tibor qiling, shu sababli quduqdan suv olishda chuchuklashtiruvchi uskuna qo‘llanishi, ya’ni suvni tozalash orqali foydalanish tavsiya qilinmoqda. Faqatgina loyihachi loyihani tayyorlashda masalaning shu tomonlarini inobatga olsa, kifoya. Shu orqali suv sifati va xavfsizligini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Aytish lozimki, Yakkabog‘ tumani hokimiyati xulosani atay noto‘g‘ri talqin qilyapti yoki ishning oson bitishini o‘ylamoqda. Muammoni bartaraf etish emas, ustiga xashak tashlab qo‘yishni afzal ko‘rishmoqda. Xalq saylagan deputatlarimiz esa indamaygina xalqning muammosini yechmaydigan loyihani tasdiqlab yuborishmoqda.
Xulosa o‘rnida ko‘plab savollarni keltirmoqchimiz.
Yil oxirlayapti, “Tashabbusli budjet”da qayrag‘ochliklar yutib olgan mablag‘larning taqdiri nima bo‘ladi? Kelgusi yilda ushbu mablag‘ni sarf qilishda qonunchilikka ko‘ra, muammolar yuzaga kelmaydimi?
Ushbu loyiha ovozga qo‘yilmasidan avval uni amalga oshirish imkoniyatlari nega mutasaddilar tomonidan o‘rganilmagan? Hudud geologiyasi, sarflanadigan mablag‘ miqdori nega inobatga olinmagan?
Boringki, Yakkabog‘ hokimiyati hozir yana qandaydir qo‘shimcha xarajatlardan qochib, ichimlik suvi emas, aholining irodasi va “Tashabbusli budjet” loyihasining qoidalariga qarshi borgan holda tomorqa suvi chiqarib berganda, masala yechiladimi? Albatta yo‘q, odamlar yana noma’lum muddatga mana shunday og‘ir turmush va hayotga mahkumligicha qolaveradi!
Umid qilamizki, Yakkabog‘ tumani hokimligi mutaxassislar bergan xulosani yana bir bor e’tibor bilan o‘qib chiqadi va loyihani o‘zlariga ma’qul variantda emas, odamlarning haqiqiy ehtiyoji hamda talabiga mos tarzda amalga oshiradi.
Kun.uz mavzuga yana qaytadi.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz
Mavzuga oid
12:37
Yakkabog‘ hokimligining o‘zbek “demokratiyasi”ga qarshiligi sindi. Qayrag‘och aholisi suv bilan ta’minlanadi
09:13 / 06.12.2025
Xizmatdagi YPX xodimini videoga olib, tarmoqqa joylash – ma’muriy qamoq bilan tugadi
00:21 / 30.11.2025
Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar uchun rag‘batlar e’lon qilindi
17:20 / 01.11.2025